Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega qora bozorda valyuta kursi yuqorilamoqda?

Nega qora bozorda valyuta kursi yuqorilamoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Shu kunlarda qora bozordagi valyuta kursi va tijorat banklarining konversiya kurslari o‘rtasidagi farq 2 foizgacha yetmoqda. Qayd etish joizki, tijorat banklarida konversiya operatsiyalari va konvertatsiya bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar paydo bo‘lgani yo‘q, hattoki qator banklar konversiya kartalaridan naqd valyuta yechish bo‘yicha komissiyalarni bekor qilishni boshlagan.

Shu bilan birga importer sub’yektlarni jalb qilish uchun banklar valyuta birjasi orqali konvertatsiya bilan bog‘liq komissiyalarni ham pasaytirish choralarini ko‘rmoqda. Nega unda qora bozorda valyuta kursi yuqorilamoqda? Telegramdagi «davletovuz» kanali ushbu savolga quyidagicha izoh berdi:

Nazarimizda, buning sabablari monetar omillar bilan emas, yangi moliya yilidan kuchga kirgan soliq ma’murchiligi, ayrim faoliyat turlariga cheklovlar va yangi soliq stavkalari bilan bog‘liq.

Birinchidan, endilikda importchi xususiy tadbirkorlarning oylik importi 5 ming dollar bilan cheklangan. Bu holatda kattaroq tovar aylanmasiga ega xususiy tadbirkorlar yangi import partiyalari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qora bozorga murojaat etmoqdalar, o‘z-o‘zidan yangi va yangi kulrang sxemalar yuzaga chiqmoqda.

Ikkinchidan, yangi soliq ma’murchiligi bo‘yicha soliq yuki yirik biznesdan kichik va o‘rta biznes zimmasi ziyoniga qayta taqsimlandi. Yuzaga kelgan vaziyatda soliq xarajatlarini qisqartirish uchun kichik va o‘rta biznes faoliyatning bir qismini norasmiy olib borishga, xususan, naqdlik bilan hisob-kitoblarga o‘tkazmoqda, bu ham qora bozorga o‘z bosimini o‘tkazmoqda.

Uchinchidan, yuqori inflyasion kutilma sharoitida yo‘qotishlarni kamaytirish istagi fuqarolar va tadbirkorlarni so‘mdagi jamg‘armalarini valyutaga o‘tkazishga undamoqda (kuzatishlarga ko‘ra, negadir qora bozorga murojaat qilish ulushi ortib bormoqda). Buni yangi yilning o‘tgan kunlarida banklardagi so‘mdagi omonatlar olinayotgani va valyutadagi omonatlar yuqori sur’atlarda oshayotganidan ham ko‘rish mumkin.

Mazkur negativ jarayon qisqa istiqbolda o‘zini qanday tutadi, hozircha bir narsa deyish qiyin. Ko‘p narsa hukumat va regulyatorning adekvat yoki noadekvat reaksiyasiga bog‘liq bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring