O‘zbekiston AES qurilishida belaruslar ham ishtirok etishi mumkin

5-avgust, seshanba kuni «O‘zatom» delegatsiyasi Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Moroz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Jumladan, AESni energetika tizimiga integratsiya qilish, jismoniy muhofaza tizimini yaratish, ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash hamda loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik bilan muloqot qilish masalalari yuzasidan tajriba almashildi.
O‘zbekiston tomoni AES qurish loyihasi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Belarus tomoni esa AES qurilishida zarur infratuzilmani qanday tashkil etgani, vahta shaharchasini barpo etish, stansiya xodimlari uchun maxsus shahar qurish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
«Biz Belarus tajribasini imkoniyatdan kelib chiqib maksimal darajada o‘rganmoqdamiz. Belarus kompaniyalari loyihada faol ishtirok etayotgani, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, milliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish kabi jihatlar bizni juda qiziqtiradi. Bu tajriba O‘zbekistonda atom energetikasini qo‘llab-quvvatlovchi sanoat bazasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi», – dedi «O‘zatom» agentligi direktori Azim Ahmadxojayev,
Belarus Respublikasi energetika vazirining ta’kidlashicha, Belarusda 2023 yilda quvvati 2400 megavatt bo‘lgan birinchi AES faoliyati boshlangan. Mamlakatda iste’mol qilinayotgan elektr energiyasining taxminan 40 foizi shu stansiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu loyihada o‘zini namoyon etgan belarus kompaniyalari hozirda «Rosatom»ning xalqaro loyihalarida ham faol ishtirok etmoqda.
«Ishonchim komilki, Belarus mutaxassislari O‘zbekistondagi AES qurilishida ham ishtirok etishlari mumkin», — deydi Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Moroz.
Delegatsiya «Belenergo» Davlat ishlab chiqarish birlashmasining markaziy dispetcherlik xizmati faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu markaz Belarusdagi barcha elektr stansiyalari, podstansiyalar va energetik tizimlarning faoliyatini doimiy nazorat ostida ushlab turadi.
Tashrif doirasida Belarus AESi, BelAES o‘quv-mashg‘ulot markaziga tashrif, ikki tomonlama muzokaralar va amaliy maslahatlashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter