Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zmilliybank» AJ: Milliylik qadriyatlarimiz ziynatidir

«O‘zmilliybank» AJ: Milliylik qadriyatlarimiz ziynatidir

«Sakkiztepki», «Marg‘ilon mash’ali», «Samarqand oqshomi», «Farg‘ona yo‘llari», «Shodiqara», «Tiri kamon», «Layli», «Shirin», «Oltin kalit» va hokazo nomlar bilan atalgan milliy matolarimizdan bo‘lgan atlasning o‘ziga xos tarixi, jozibadorligi va ahamiyati bor. Shu bois azal-azaldan o‘zbek xotin-qizlarining kiyim javonini xonatlasu adraslarsiz tasavvur qilish qiyin. Uning betakror ko‘rinishi, ranglari va naqshlari ko‘rgan ko‘zni quvnatib, har qanday faslda ham bahoriy kayfiyatni baxsh etadi.

Aslida, milliylik har bir xalqning ma’naviy boyligining ajralmas qismi. Shu bois so‘nggi yillarda ana shu qadriyatlar zanjirini davom ettirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tashabbusi bilan o‘tgan yildan boshlab 28 sentyabr sanasi «Xontalas festivali» sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. «O‘zmilliybank» AJ xotin-qizlari esa bu festivalda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu yil ham xuddi shunday respublika miqyosida O‘zmilliybank jamoasi xotin-qizlari «Xonatlas festivali»da estafetani boy berishmadi. Eng asosiysi, hududlardagi boshqarmalar va BXM da faoliyat olib borayotgan bank xodimlari bugun mijozlarni odatdagi ish formasida emas, aksincha, milliy liboslarda bayramona kayfiyatda qarshi olishdi.

– Haqiqatdan libos insonlarni bezaydi. Bugun hamkasblarimizning yorqin ranglar aks etgan milliy liboslarda ko‘rib to‘g‘risi, xalqimizning qadriyatlariga yana bir bora tan berdim – deydi «O‘zmilliybank» AJning Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va ijtimoiy dasturlarni muvofiqlashtirish departamenti mutaxassisi Husniya Ergasheva. – Hatto o‘zim ham anchadan buyon kiymagan atlas ko‘ylagimda o‘zimni juda bardam va boshqacha his etyapman. Bu festivalni yilida bir marta emas, yana ko‘proq tashkillashtirish kerak, nazarimda.

Shoirning Muhayyo, Surayyo, Ra’no, Muqaddas, ko‘zimni yashnatib kiyibsiz atlas, degan satrlari «Xonatlas festivali»da ishtirok etgan O‘zmilliybank jamoasi xotin-qizlarining bugungi shioriga aylandi.

– Bizni odatda rasmiy formada yurishimizga o‘rgangan mijozlarimiz bunaqa liboslarda ko‘rib, yuzlarida tabassum paydo bo‘ldi – deydi «O‘zmilliybank» AJ Markaziy amaliyot boshqaruvchi o‘rinbosari Elina Safiullina. – Chunki faqat Navro‘z bayramida kiyiladigan atlaslarimiz haqiqatdan nafaqat xotin-qizlarimizga joziba, maftunkorlik baxsh etdi, shuningdek, bank xizmatlaridan foydalanish maqsadida kelgan keksayu yosh yuzu ko‘zida mamnunlikni uyg‘otdi.

Erta tongdan boshlangan bayramona muhit ish unumdorligi va mijozlarning ham kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Asosiysi, millatimizning boy madaniyati va umrboqiy qadriyatlari jamoamizning birdamligida va hamjihatlikdagi sa’yi-harakatida o‘ziga xos tarzda tarannum etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring