Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zmilliybank yetakchi nemis banklari Commerzbank AG va AKA Bank bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zmilliybank yetakchi nemis banklari Commerzbank AG va AKA Bank bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

2025 yil 20 iyunda Dyusseldorf shahrida Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining (GO‘IK) 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilish O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylangan.

Tadbirda ikki mamlakatning 100 ga yaqin yetakchi kompaniya va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, transport-logistika, raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, agrosanoat kompleksi, loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy vositalar, shuningdek, mehnat migratsiyasi va «yashil» energiya sohasida sheriklik munosabatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvning asosiy natijalaridan biri “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (O‘zmilliybank) Germaniyaning yetakchi banklari bo‘lgan Commerzbank AG va AKA Bank bilan umumiy qiymati 200 million dollarga teng kredit liniyalarini jalb qilish bo‘yicha ikkita muhim kelishuvning imzolanishi bo‘ldi.

Imzolangan shartnomalarning amalga oshirilishi O‘zmilliybankning Davlat mulkini boshqarish xizmati sohalarida shakllantirilgan yangi investitsiya portfelini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha moliyaviy imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Bu ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam bo‘ladi, uzoq muddatli kapital oqimini ta’minlaydi, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish va O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniya sarmoyasini jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Bundan tashqari, kelishuvlar O‘zbekistonning 2025 yilga mo‘ljallangan xalqaro moliya institutlaridan 6 milliard dollar miqdorida tashqi moliyalashtirishni jalb etish nazarda tutilgan Davlat investitsiya dasturining ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq javob beradi. Mazkur dastur doirasida O‘zmilliybank zimmasiga 1,2 milliard dollar jalb etish bo‘yicha asosiy vazifa yuklangan bo‘lib, erishilgan kelishuvlar uni bosqichma-bosqich amalga oshirishda muhim qadamdir.

Xususan, Commerzbank AG bilan kelishuv xalqaro kapital bozorida investorlar tomonidan moliyalashtirishni tashkil etishni nazarda tutadi va O‘zbekiston uchun uzoq muddatli resurslarni jalb qilishning barqaror va shaffof mexanizmlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu tashabbus tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish va jahon moliya bozorlaridagi o‘rnini mustahkamlash, barqaror iqtisodiy o‘sish va ustuvor loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Jalb qilingan mablag‘lar mamlakatdagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznes sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. To‘qimachilik va tog‘-kon sanoati, turizm, xizmat ko‘rsatish, metallurgiya, transport, infratuzilma va muqobil energetika kabi strategik sohalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksport salohiyatini oshirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga xizmat qiladi.

Commerzbank AG – Germaniyaning eng yirik universal banklaridan biri bo‘lib, aktivlari 555 milliard yevro, kapitali 36 milliard yevro va sof foydasi 3 milliard yevroni tashkil etadi. Bank xalqaro loyihalarni moliyalashtirishda faol qatnashadi va jahon iqtisodiyotining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.

AKA Bank – Germaniyaning ixtisoslashgan moliya instituti bo‘lib, kapitali 300 million yevro, aktivlari 4 milliard yevro va sof foydasi 13 million yevroni tashkil etadi. Bank Yevropaning yetakchi banklari konsorsiumi bo‘lib, savdo va eksportni moliyalashtirishda faol qatnashadi, Yevropa tovarlari va xizmatlarini xalqaro bozorlarga yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring