Prezident Ko‘ksaroy qarorgohida majlis o‘tkazdi
3 may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raislik qilgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, «Masdar», «Indorama», «ACWA Power», «Air Products», «Çalik», «Suez», «Orascom», «Çengiz», «Aksa», «HP», «Linde», «Procter&Gamble», «Visa», «CAMCE», «John Deere», «Huawei», «Airbus», «Orano», «Sommerzbank», «Total», «PASHA Holding» kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, mamlakatimizni investitsiyaviy, savdo-texnologik va innovatsiyaviy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat berish hamda O‘zbekiston hukumati va xorijiy investorlar o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlashdan iborat. 2022 yilda bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyada ushbu mexanizmning samarali faoliyat yuritishi uchun poydevor yaratilgan edi.
Bu galgi majlisni ochar ekan, davlatimiz rahbari kuni kecha o‘tgan uchinchi Toshkent investitsiya forumining samarali natijalarini qayd etdi hamda kengash a’zolariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida beqarorlik tobora kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar o‘tkir tus olayotgani ta’kidlandi.
– Bunday murakkab sharoitda sizlar bilan bamaslahat, o‘zaro kengashib, aniq amaliy qadamlar tashlasak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta erishamiz, – dedi Prezident.
Mamlakatimizda qulay investitsiya va biznes muhitini takomillashtirishga qaratilgan investitsiyalar va maxsus erkin zonalar to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ishlab chiqishga hissa qo‘shgan ishchi guruhi faoliyati alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti jamoasi tomonidan boshlanayotgan investitsiya siyosati tahlili juda muhimligi, ushbu loyiha mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida asosiy yo‘nalishlarni belgilab olishga va samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Hukumat hamda investorlar o‘rtasida ochiq va samarali muloqotning yo‘lga qo‘yilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kaliti ekanini qayd etib, davlatimiz rahbari muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlarni tashkil etishni taklif qildi hamda kengashning kelgusi faoliyati ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yo‘nalishda xorijiy investorlarning talablariga to‘la javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga e’tibor qaratish taklif qilindi.
Ikkinchidan, mas’uliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.
Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida «Venchur investitsiyalar to‘g‘risida»gi yangi qonun ishlab chiqiladi.
To‘rtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish.
— Xorijiy investorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni o‘z vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi, — dedi Prezident.
Kengash a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi orqali O‘zbekiston jadal o‘sish sur’atlarini namoyish etishda davom etishi, xalqimiz turmush darajasini oshirishi va yurtimiz farovon kelajagini ta’minlashiga ishonch bildirildi.
So‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar dasturini yuqori baholadilar. Davlatimiz rahbariga investitsiya faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qat’iy intilishi uchun minnatdorlik bildirdi.
Majlis yakunida Prezidentimiz ishtirokchilar tomonidan bildirilgan barcha tashabbus va tavsiyalar to‘liq inobatga olinishini ta’kidladi. Hukumatga barcha takliflarni batafsil ko‘rib chiqish va ularning amalga oshirilishini nazoratga olish topshirildi.
Kiritilgan har bir taklif, aytilgan har bir loyiha bo‘yicha alohida «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga ko‘rsatma berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter