Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident ko‘mir va uran ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Prezident ko‘mir va uran ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan energiya quvvatlariga talab oshib bormoqda. Bu ehtiyojni ta’minlash uchun barcha manbalar qatori ko‘mir qazib olish hajmi ham kengaytirilmoqda. Oxirgi besh yilda bu ko‘rsatkich yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz hududida qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud. Davlatimiz rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, ko‘mir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qo‘ygan edi.

Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Xususan, joriy yilda «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasi yakunlanadi. Buning evaziga yurtimizda yuqori sifatli ko‘mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.

Prezident «Sharg‘un» va «Boysun» konlarini  o‘zlashtirish orqali yuqori sifatli ko‘mir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Yurtimiz tog‘-kon sanoati rivojida yana bir muhim manba bu — uran. 2022-yil 14-iyulda «Navoiyuran» davlat korxonasida uran qazib olish hamda qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilingan edi. Xususan, uni qazib chiqarishni 2030-yilgacha 2 barobarga oshirib, 7,1 ming tonnaga yetkazish choralari belgilangan.

Yig‘ilishda ushbu chora-tadbirlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Fransiyaning «Orano Mining» kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Prezident ushbu hamkorlik doirasida uran qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, qo‘shimcha yangi konlarni aniqlash bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring