Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident O‘zbekiston iqtisodi uchun zarur bo‘lgan temir yo‘l qurilishi haqida ma’lumot berdi

Prezident O‘zbekiston iqtisodi uchun zarur bo‘lgan temir yo‘l qurilishi haqida ma’lumot berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Samarqand viloyat faollar yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Davlat rahbari majlis davomida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘li qurilishi borasida ma’lumot berib o‘tdi.

— Har qanday iqtisod uchun temir yo‘lning o‘rni juda katta. Agar shu vaqtgacha Xitoy yoki boshqa Osiyo davlatlariga olib chiqadigan temir yo‘l qurganimizda edi, qo‘shimcha bozorlar paydo bo‘lardi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz tannarxi 60-70 foizga kamaygan bo‘lardi.

Biz shu vaqtgacha faqat Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilib kelmoqdamiz. Mahsulotimizni chiqarish uchun bizda boshqa yo‘l yo‘q. Shunday bo‘lgach, yo‘l haqi ham shunga yarasha katta bo‘ladi. Istagan vaqtlarida mahsulotlarimizni rad etishlari mumkin. Agar bizda boshqa muqobil tanlov bo‘lganida edi, O‘zbekistonning mahsulotlariga munosabat ham boshqacha bo‘lar edi. Raqobat oshardi.

Shu maqsadni amalga oshirish uchun Afg‘oniston orqali temir yo‘l quryapmiz. U bitib, ishga tushsa, Afg‘oniston va Pokiston orqali dengiz portlariga chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi. Loyihani amalga oshirish oson bo‘lmayapti, buning uchun xorijdagi hamkorlarimiz bilan muzokaralar olib boryapmiz.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon do‘stimiz bilan yaqin aloqada bo‘lib turibmiz. Afg‘oniston orqali temir yo‘l quramiz, ammo uning xavfsizligini kim ta’minlab bera oladi? Faqat Pokiston. Shu sababli Imron Xon bilan bamaslahat ish olib bormoqdamiz. Bu yo‘l qurilishidan biz qatori Afg‘oniston ham, Pokiston ham birdek manfaatdor.

Biz uchun shu temir yo‘lning qurishdan boshqa tanlov yo‘q. Aks holda o‘sha 70 yil qaram bo‘lgan yo‘limiz qoladi xolos. Shu sababli katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Mana shunday ulug‘ ayyom kunlarida Ashraf G‘ani va Imron Xon do‘stlarimiz bilan muloqotda bo‘lib, muzokara olib boryapmiz.

Shuningdek Rossiya rahbari bilan bu bo‘yicha gaplashib oldik. Ular ham temir yo‘l qurilishiga bosh qo‘shmoqchi. Boshqa qo‘shni davlatlardan ham qiziqish bor.

Temir yo‘l qurilishi boshlansa, barcha bilan bahamjihat, birgalikda ish olib boramiz, — dedi davlat rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring