Qishloq xo‘jaligida zamonaviy tizim yaratiladi

Yurtimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, unda samaradorlik va eksportboplikni oshirish, aholining tomorqalarini ishga solish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi «Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va «Uzagrostar Xolding» kompaniyasi faoliyatini tashkil etish haqida»gi qarori ana shunday islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Yuqoridagi qaror asosida yangi tashkil etilgan «Quva-Agro Star» va «Farg‘ona-Agro Star» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari Mikrokreditbankka ishshonchli boshqaruvga berildi.
Ushbu ixtisoslashgan kompaniyalarning asosiy vazifalari etib, bazaviy va qamrab olinadigan tumanlarda mavjud tomorqa va yer maydonlari hajmi, mahallalar ixtisoslashuvi, asosiy eksport yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda sifatli urug‘ va ko‘chatlarni tanlash, olib kelish va ularning ekilishini tashkil etish, mahsulot yetishtirish va qayta ishlashga xalqaro standartlarni joriy qilishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari brendini yaratish, yuqori qiymatli bozorlarni topish uchun yetakchi tadbirkorlar, xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda loyihalarni birgalikda amalga oshirish, yashil texnologiyalar asosida kamida 1 gektargacha maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etish, agroturizmni rivojlantirish belgilandi.
Mevachilik va ko‘chatchilikda yangi loyiha
Kompaniyalar tomonidan Farg‘ona va Quva tumanlarida mahallalardagi aholi bilan yaqin hamkorlikda, hokim yordamchilari ko‘magida bog‘dorchilikka ixtisoslashgan hududlar xatlovdan o‘tkazildi. Tomorqalarda meva va gul ko‘chatlari yetishtirishga alohida e’tibor qaratildi. «Farg‘ona-Agro Star» va «Quva-Agro Star» kompaniyalari mahalliy hamda xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar imzolab, o‘rik, gilos va boshqa mevalarning yuqori hosil beradigan navlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.
Bundan tashqari, kompaniyalar ko‘magida:
- Beshariq tumanida 86 nafar kambag‘al oilaga 4 ming dona o‘rik ko‘chatlari homiylik asosida yetkazildi;
- Buxoro viloyatida 53 ta mahalladagi 380 ta xonadonga 10 ming dona o‘rik va shaftoli ko‘chatlari tarqatildi;
- Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ijaraga berilgan 32,8 gektar yerda 100 nafar fuqaro ishtirokida intensiv bog‘lar yaratilmoqda.
Texnologiya, bilim va raqamlashtirish – kelajak poydevori
Agrar sohani yuqori darajaga olib chiqish uchun innovatsion yechimlar talab etiladi. Shu maqsadda, yangi tashkil etilgan kompaniyalar tuproq tahlili, seleksiya ishlari va agrotexnik tadbirlarni avtomatlashtirishda Veris, Soilmeter, CropX kabi zamonaviy sensorlardan foydalanishni rejalashtirgan.
Shuningdek, fermer va dehqonlar uchun onlayn darslar, mobil maslahat ilovalari, ish rejalari uchun raqamli kundaliklar, o‘quv videolar va interaktiv platformalar ishlab chiqiladi. Kaliforniya universiteti, Kornell universiteti va BMT FAOsi kabi nufuzli tashkilotlarning qo‘llanmalari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyat
Joriy yilning 1-choragida Mikrokreditbank tomonidan respublikamiz bo‘yicha 3 520 nafar aholi va xo‘jaliklarga meva yetishtirish va qayta ishlashga 45,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.
Shu bilan birga, Quva tumanida 3 gektar maydonda yashil texnologiyalar asosida «Quva-Agro Star» agrologistika markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu markazda sovutgich va muzlatgich omborlari, qadoqlash va qayta ishlash sexlari, elektron savdo platformalari, eksport uchun sertifikatlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Kompaniyalar mahalliy mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishga ko‘maklashadi. Bunda Intertek, SGS Agriculture kabi nufuzli xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Dehqon xo‘jaliklari yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, eksport litsenziyalariga ega bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida...
«Agro Star» modelining joriy etilishi nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshiradi, balki aholi daromadini ko‘paytirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, ilm va texnologiyaga asoslangan qishloq hujaligi mahsulotlarini yetishtirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yangi tizimning qadamlari esa fermer va dehqonning har bir tomorqasini ishlab chiqarish maydoniga aylantirishni maqsad qilgan.
Abdug‘ani Achildiyev,
«Mikrokreditbank» ATB Mahallabay ishlash va hududiy loyihalarni boshqarish departamenti direktori o‘rinbosari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter