Shofirkonlik fermerlar klasterga tariq sotishga majburlanmoqda
Mehnat qilib yetishtirgan tariqni boshqa tadbirkorga sotishga majbur bo‘lsang, alam qilarkan odamga. Ayniqsa, bozor narxidan arzonga sotishga to‘g‘ri kelsa. Bozordan arzon «so‘rasa» sotmasin, deyishingiz mumkin. Ammo majbur bo‘lsa-chi?
Tuman hokimi bir kunda ikki marta chaqirib, «falon tashkilot bilan shartnoma qilasan», desa fermer bechora nima qilsin. Shartnoma qilsangiz, ko‘z tikib o‘tirganingiz shu: arzonga bergingiz kelmaydi. «Yo‘q» desangiz, hokimiyatga ishingiz tushishi bor. Boz ustiga, tariq o‘rimi yaqin. Kombaynlar bevosita tuman hokimiyatiga bo‘ysinadigan MTP tasarrufida bo‘lsa, hokim «falon klaster bilan shartnoma qilmading, endi o‘zingdan ko‘r», desa tamom-da. Tariqni qo‘l bilan o‘rishga to‘g‘ri keladi.
Shofirkonlik fermerlar ana shunday arosatda qolishgan.
Xullasi kalom, kecha (21 sentyabr) kuni Shofirkon tuman «Bobur» MFYi «uchastkavoy»i qo‘ng‘iroq qilib, tuman hokimiyatiga borishim kerakligini aytdi. Emishki, tuman hokimining majlislariga qatnashmayotganim uchun hokimning shaxsan o‘zi men bilan «tarbiyaviy soat» o‘tarmish. Uchastka noziriga Toshkentda ekanim bois, mashvaratda ukam qatnashishini aytdim. Yig‘ilishda tuman hokimi Shukrullo Hakimov «Salim bobo garden» fermer xo‘jaligini olib-borib, olib kelibdi. Naqd 2 «statya» bilan ayblabdi.
«1-statya»
«Salim bobo Garden» fermer xo‘jaligi vakillari tuman hokimining yig‘ilishlariga qatnashishdan qasddan bo‘yin tovlarmish.
Ochig‘ini aytsam, bu ayblovda qisman jon bor. Haqiqatdan ham hokimning yig‘ilishlarida «faol» emasman. Chunki bunday yig‘ilishlarda qatnashib baraka topganim yo‘q. Yig‘ilishda qatnashgan boshqa fermerlarning ham birorta muammosi hal bo‘lganini eshitmadim. Chunki bunday yig‘ilishlarda fermerning burch va majburiyatlari tushuntiriladi, xolos. «Topshiriqni bajarmasang, yeringni olaman», «Pechatingni hokimiyatga keltirib topshir», degan dag‘-dag‘alarni-ku aytmay qo‘ya qolay.
Yig‘ilishlarda faol emasligim epidemiologik vaziyatning talabi bilan ham bog‘liq. Iloji boricha uydan chiqmaslik, mashvarat-u, majlislarda, ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik har bir fuqaroning ijtimoiy mas’uliyatiga aylangan. Bunday qaltis vaziyatda hokim «Mening majlislarimga kelmayapsan», deb birovga dakki berishining o‘ziyoq qip-qizil mantiqsizlik. Unutganlarga eslatib qo‘ymoqchimiz. Hali ham 30 kishidan ortiq odamni bir joyga yig‘ish, turli xil tadbirlarni o‘tkazish mumkin emas (virus «bu hokimning majlisi ekan» deb, andisha qilarmidi?). Qoidani buzganlar esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish)da belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Ammo bu qoida Shofirkon tuman hokimiga ham taalluqlimi, yo‘qmi bilolmay dog‘daman-da. Axir u kishi hokim bo‘lsalar. Aytadigan fikrimiz hukumatning qarorlari hokimning hech narsani hal qilmaydigan yig‘ilishlaridan o‘n karra ustun. Yana aytib qo‘ymoqchimizki, epidemiologik vaziyat yumshamagunicha, imkoni boricha majlis-u mashvaratlardan tiyilamiz.
«2-statya»
Darvoqe, 21 sentyabr kuni bo‘lgan yig‘ilishda «Salim bobo garden» fermer xo‘jaligiga tariq sotish bo‘yicha shartnomani imzolashdan qasddan bo‘yin tovlash «aybi» ham qo‘yilgan. «Agar imzolamasang unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi», degan «shablon gaplar» aytilibdi. Tuman hokimi Shukrullo Hakimov qattiqroq gapirgan shekilli anday-munday gapni «gap» demaydigan ukam ham yig‘lagudek bo‘lib gapirdi.
Dag‘dag‘a va bosimlardan keyin ham fikrimiz o‘zgarmadi: «Salim bobo garden» fermer xo‘jaligi tariq sotish bo‘yicha klaster bilan shartnoma imzolamaydi.
Sababini quyida izohlashga harakat qilamiz.
Birinchidan, Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan paxta va g‘allaga davlat buyurtmasi bekor qilinganidan tuman hokimining ham xabari bo‘lishi tabiiy. Shunday paytda «tariq sotish shartnoma»sini «o‘ylab topish» Prezident siyosatiga XIYoNATdir.
Ikkinchidan, shofirkonlik fermerlar qaysi klasterga tariq sotishi kerak o‘zi? «O‘roqda yo‘q, moshoqda yo‘q, hosilga tayyor» bo‘lib turgan klasterning nomi nima? O‘sha klaster fermerlarga bir kilogramm tariq uchun qanchadan pul to‘laydi? Sh.Hakimov yig‘ilishda bu haqida lom-lim demagani juda g‘alati-da. Demak, Shofirkonda fermerlarning peshona teri bilan yetishtirgan mahsulotlari oldi-sotdisi hali ham yopiq eshiklar ortida hal qilinmoqda.
Uchinchidan, tuman hokimligining fermerlarni shartnoma imzolashga majburlayotgani menga juda shubhali tuyulyapti. Rost-da, hokimga fermerlarni qaysidir klaster bilan shartnoma qildirishdan nima naf?
To‘rtinchidan, «Salim bobo garden» o‘tgan yil davlatga salkam 12 tonna g‘alla topshirdi. Oradan 4 oyga yaqin vaqt o‘tibdi hamki, suv tekinga sotgan g‘allamizning pulini ololganimiz yo‘q. Endi qaysidir klasterga tariq sotib, pulini 4 yil kutamizmi?
Ochig‘i, bunday «o‘yin»lardan bezidik.
Aytsak, aytadigan dardimiz ko‘p. Ammo Shofirkonda bizni eshitadigan idora yo‘q. Maqsadimiz bunday g‘alati va tushunib bo‘lmas «o‘yin»larga kimdir munosabat bildirsin! Peshona terimiz bilan yetishtirgan mahsulotimizni suv tekinga berib, qo‘limizni burnimizga tiqib o‘tiraveraylikmi yoki haqqimizni talab qilaylikmi?
Hasan Salomov,
«Salim bobo garden» fermer xo‘jaligi rahbari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter