To‘qayev yashil koridor tashabbusini ilgari surdi

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning moliyaviy sammiti doimiy platformaga aylantirilishi kerak. Ushbu taklif Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan mazkur tuzilmaning bugun, 13 oktyabr kuni Ostonada boshlangan sammitida ilgari surildi.
«Moliyaviy sammit maqomining o‘zgarishi iqtisodiyotni tiklash, barqaror va har tomonlama taraqqiyot, shuningdek, Kengash doirasida hududiy va mintaqaviy moliyaviy hamkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi», – dedi Q.To‘qayev.
Qayd etilishicha, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash doirasida Shanxay, Dubay va Ostona shaharlarida yirik moliyaviy markazlar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi vaziyat ular salohiyatidan to‘laqonli foydalanishni talab etmoqda.
Q.To‘qayev Kengash oziq-ovqat xavfsizligiga ham e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
«Osiyo dunyo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uchdan ikki qismini ishlab chiqaradi. Ammo bu sohada hamon zaif holatda qolmoqda. Biz mahsulotlarni baholash tizimini milliy standartlarga moslashtirish bo‘yicha mushtarak yondashuvlarni ishlab chiqishimiz, shuningdek, bu turdagi mahsulotlar uchun OHIChK davlatlari o‘rtasida yashil koridor tashkil etishimiz kerak», – dedi Qozog‘iston rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida o‘ndan ziyod davlat rahbari qatorida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda. Oliy darajadagi tadbirda Sh.Mirziyoyevning nutqi so‘zlashi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter