Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazirlik 84 nafar xodim nima uchun mehmonxonada yashaganiga izoh berdi

Vazirlik 84 nafar xodim nima uchun mehmonxonada yashaganiga izoh berdi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov vazirlik tomonidan karantin paytida mehmonxona xarajatlari uchun sarflangan 1 milliard so‘mga yaqin mablag‘ to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi. Uning ma’lum qilishicha, xodimlarni mehmonxonada joylashtirish uchun sarflangan mablag‘lar budjet hisobidan olinmagan.

«Bugun OAV tarqatayotgan ma’lumotlarga izoh berar ekanman, e’tiborni nashrda yetishmayotgan ba’zi tafsilotlarga qaratmoqchiman, — deydi Aziz Voitov. — Xodimlarni mehmonxonaga joylashtirish to‘g‘risida qaror birinchi lokdaun kiritilishi bilan bog‘liq bo‘lgan vaqt bosimi sharoitida qabul qilingan. Epidemiologik vaziyatning noqulay rivojlanishi natijasida vazirlik oldida karantin cheklovlarining qiyin sharoitida eksport qiluvchi korxonalar va investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali ish uchun minimal miqdordagi kadrlarni kafolatlash vazifasi turgan edi. O‘rta menejment har bir bo‘limning bir yoki ikkita asosiy mutaxassisi bilan birgalikda masofadan turib ishlash uchun mehmonxonada izolyasiya qilinish ssenariysi tanlandi. Hammasi bo‘lib vazirlikning markaziy apparati xodimlaridan 84 nafari tanlab olindi. Ko‘pincha, xodimlar uydan masofadan ishlashga o‘tkazildi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati barcha xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda odatdagidek ishlashda davom etdi.

Mehmonxonani turar joy uchun belgilashning mantiqiyligi aniq va shaffofdir: Inter Hotel — bizga qarashli mehmonxona bo‘lib, uni Inter Forum DUK boshqaradi. Vaziyatni boshqarish va mablag‘ni tejash nuqtai nazaridan, bu shubhasiz eng yaxshi variant, binobarin mablag‘ Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimi ichida aylangan. Bundan tashqari, ushbu xarajatlarni qoplash uchun budjet mablag‘laridan bir so‘m ham ishlatilmagan.

Bundan tashqari, Inter Hotel yuqori narx kategoriyasiga tegishli mehmonxonalardan biri ekanligiga qaramasdan, biz shaxslarni karantinda joylashtirish uchun mehmonxonalarga tavsiya etilgan mablag‘dan chetga chiqmadik. Bu bo‘ysunuvchi tashkilot tanlovining yana bir ijobiy tomoni, ammo mehmonxonaning o‘zi uchun bizning tashabbusimiz «majburiy» yukka aylanmadi: aksincha – lokdaun sharoitida biz mehmonxonalar xodimlarining qisman bandligini ta’minladik.

Shuni ta’kidlashni istardimki, ushbu strategiya o‘zining samaradorligini isbotladi — 84 nafar xodimning hech biri koronavirus bilan kasallanmagan. Bu vazirlikning uzluksiz ishlashini va natijada iqtisodiy samarasi yuz millionlab emas, balki trillionlab so‘mni tashkil etadigan loyihalarni amalga oshirishni ta’minladi».

Eslatib o‘tamiz, Investitsiya va tashqi savdo vazirligining 84 nafar xodimi Toshkent shahrida joylashgan Inter Hotel mehmonxonasida 22 sutka yashab, uch mahal ovqatlangani hamda mehmonxona anjumanlar zalidan foydalangani uchun 918 million 677 ming 500 so‘m to‘lov amalga oshirilgani OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring