«Ishingiz huzur bag‘ishlayaptimi, siz o‘sha sohaning odamisiz...» – Otabek Rajabov, «Florence» mehmonxonasi boshqaruvchisi
Loyihamizning navbatdagi mehmoni Otabek Rajabov. Toshkent shahrida joylashgan «Hotel Pro» professional mehmonxona boshqaruv komandasi a’zosi. Uning bolalikdagi orzusi harbiy bo‘lish edi. Lekin vaqt ulg‘aytirib, uning taqdiri turizm va mehmonxona sohasi bilan bog‘landi.
«Qachonki, qilayotgan ishingiz sizga huzur bag‘ishlasa, siz ana o‘sha sohaning odamisiz», – deydi Otabek Rajabov.
Uning aytishicha, bu juda ham qiziq soha. Mehmonxona katta bir dargoh – katta oilali uy.
«Uyda kimlar bo‘ladi? Bir uyga – bog‘bon, chilangar, elektr ustasi, xona tozalovchi va qo‘yingki, xizmatlarimizni sotuvchigacha kerak. Ya’ni mehmonxonada hamma xizmat ko‘rsatish vakillariga ish bor-da. Shu tomoni bilan ham qiziq», – deydi Otabek kulib.
Otabekning aytishicha, «Florence» mehmonxonasi 2023 yilning sentyabridan buyon o‘z mijozlariga beminnat va o‘z navbatida, yuqori darajali xizmatlarini taqdim etib keladi.
Umumiy olti qavatdan iborat binoda 29 ta – 26 ta standart (Standart Double hamda Standart Twin) va 3 ta yaxshilangan standart (Superior) xonalari xizmat ko‘rsatadi.
Mehmonxona butik kategoriyali bo‘lib, bu – «yulduzli» mehmonxonalar sifatini bera oladigan kichik biznes-otel degani. «Yulduz» olmaganining birdan-bir sababi xonalar soni va maydoni bilan bog‘liq.
«Biroq, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kamchilikka yo‘l qo‘ymaymiz, ya’ni farqni sezmaysiz. Ba’zi mehmonxonalar «yulduzli» bo‘lishi, ammo mijoz kutgan narsalarni taqdim qilmasligi mumkin. Shuning uchun mehmonxona tanlayotganingizda, maslahatimiz – «yulduzi»ga emas, odamlar qoldirgan ijobiy yoki salbiy munosabatlarga, izohlarga qarang», – deydi Otabek.
Hozirda mehmonxonaning asosiy mijozlari, birinchi navbatda, qo‘shni respublikalar –Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan. Undan tashqari keyingi paytlarda Turkiya va Xitoydan ham ko‘paygan. Yevropa davlatlari, AQSh va Rossiya kabi davlatlardan ham mehmonlar qabul qiladi.
Mehmonxonaning boshqalaridan farqli jihati u – butik kategoriyali ekanligi sabab bu yerda katta guruhli mehmonlarning bo‘lmasligi, asosan biznes egalari va individual mehmonlarning tashrifidir. Ya’ni bu yerga tashrif buyuruvchilarga sokin atmosfera, shovqindan xoli muhit taqdim qilinadi. Shu bilan birga mehmonxona qulay manzil – shahar markazida joylashgani tashrif buyuruvchilarga poytaxtdagi ishlarini tez va oson bitirishlariga ko‘maklashadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter