Xalq banki: «Xalqimizga baliq emas, qarmoq beryapmiz»
Oramizda o‘z biznesini yoki tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan odamlar ko‘p va shu bilan birga davlatdan yordam kutib «bersang yeyman, ursang o‘laman», deb kun o‘tkazayotganlar ham yo‘q emas. Bundoq o‘ylab qarasangiz ishbilarmondayam, dangasadayam shu bosh, shu oyoq-qo‘l... Birinchi toifadagi odamlarga qarmoq muhim, ya’ni qarmog‘i bo‘lsa baliq ovlashdek mehnatdan qochmaydi. Ikkinchi toifadagi odamlar esa qachondir kimdir baliq tutib berishini istaydi va kambag‘allikdan boshi chiqmaydi.
Yaqinda AT «Xalq banki» moliyaviy ko‘magida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik ob’yektlari bilan tanishish uchun Samarqand viloyatiga tashkil etilgan press-turda bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Bank ajratib kelayotgan kreditlar natijasida hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlar, shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes vakillari qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rdik.
– Oilaviy tadbirkorlik qilaman degan fuqarolarga mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyalari bilan 9117 nafar shaxsga qariyb 172 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi va natijada 9150 kishining bandligi ta’minlandi, – deydi Xalq banki Samarqand viloyati filiali boshlig‘i Islom Davronov. – Bu kreditlarning 167,7 milliard so‘mi 9086 nafar jismoniy shaxslarga berildi. Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bizning doimiy mijozlarimiz hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida 3723 nafar yoshlarga 70,1 mlrd so‘m hamda 5065 nafar xotin-qizlarga 79,6 mlrd.so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Kichik ustaxona katta korxonaga aylandi
Ming marta gapirgandan bir ko‘rgan afzal. Pastdarg‘om tumanidagi eshik va derazalar ishlab chiqarayotgan «SAMPLASTSERVIS» MChJga yo‘l olarkanmiz, shu fikr xayoldan o‘tadi.
2008 yilda ish boshlagan kichikkina eshik-deraza yig‘ish ustaxonasi bugun metall eshik va deraza romlari ishlab chiqarish bozorida yetakchi korxonaga aylangan.
O‘zbekning nimasi ko‘p, qurilishi ko‘p. Yana xonalari – eshik derazalariyam ko‘p. Demak, talab ham shunga yarasha. «SAMPLASTSERVIS» aholiga bugungi kunda «BIKO PVC» brendi ostidagi PVX profillar, deraza va eshik romlari asosan mahalliy xom ashyodan ishlab chiqariladi, ayrim detallar esa Germaniya, Xitoy, Turkiyadan keltiriladi.
–Dastlab ishlab chiqarish uskunalari sotib olish maqsadida Xalq banki 800 mln. so‘mlik kredit mablag‘i ajratdi, – deydi kompaniya sotuv bo‘limi boshlig‘i Otabek Eshonqulov. – Aynan bankning shu qo‘llovi tufayli korxonaning bugungi kundagi yillik daromadi 55 mlrd. so‘mni tashkil etadi. 120 ga yaqin ish o‘rni mavjud. Hozirda plastik va alyumin eshik-romlarga mahalliy bozordan tashqari Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qo‘shni mamlakatlardan ham talab bor. O‘tgan yil Qirg‘izistonga qariyb 100 ming dollarlik mahsulot sotgandik.
Stanokni chapdastlik bilan boshqarayotgan yoshgina yigitchani bir pas kuzatib yoniga bordim. Ikki oydan beri ishlayotgan ekan. Maoshiga qiziqdim.
«Ikki millionga yaqin maosh olaman, men o‘quvchiman-da, ustoz ishchilarniki uch-to‘rt mln. so‘mga boradi», deydi kamgapgina yigitcha.
Samarqand qo‘ligul hunarmandlar shahri
Bu yerga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar hunarmandalarimiz o‘z qo‘llari bilan kashf qilgan mahsulotlardan yurtlariga esdalikka nimadir olib ketmasa bo‘lmaydi.
Doimo xorijlik turistlarni o‘ziga chorlab turadigan «Konigil turizm qishlog‘i»da toshbosma qog‘oz ishlab chiqarishdan tortib, munchoqdan taqinchoqlar, tillaqoshlar to‘qish, tikuvchilik, teriga, toshbosma qog‘ozga surat chizish kabi qo‘l mehnatini ko‘rishingiz mumkin.
– Konigil hunarmandlar mahallasi. Biz sandiqsozlik bilan shug‘ullanamiz, – deydi hunarmand Dilfuza Razzoqova. – Hunarmand ijod odami. U faqat bir ish bilan chegaralanib qolmaydi. Boshqa hunarning ham sir-asrorini o‘rgangisi keladi. Shu bois hunarmandchilik yo‘nalishida tadbirkorlar safini kengaytirish uchun Xalq bankidan 33 million so‘m imtiyozli kredit oldik. Sandiqsozlik yoniga zargarlik, tikuvchilik, to‘quvchilik hunarlari qo‘shildi. Oilaviy korxonamizda dastlab 12 kishi ishlayotgandi, hozir esa ular soni 66 nafarga yetdi.
E’tiborimizni kichkina qog‘ozchalarga, teriga sharq miniatyurasini chizayotgan yoshlar tortdi. Ular bilan suhbatlasharkanmiz loyihalari, kelgusidagi rejalariga qiziqdik.
– Turmush o‘rtog‘im tikuvchi. Xalq bankining imtiyozli kredit oldi va tikuvchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, – deydi Murod Qo‘shayev. – Bugungi kunda ayolimning ishi yurishganini ko‘rib o‘zimda ham yangi rejalar tug‘ildi. Ya’ni, men nogironligi bo‘lgan bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun teriga va qog‘ozga rasm chizish yo‘nalishi bo‘yicha shogirdlar yetishtirib chiqarmoqchiman. Ushbu loyihamni amalga oshirish maqsadida tegishli tashkilotlarga hujjat topshirganman, ya’ni mablag‘ masalasida.
– Sizningcha, ushbu loyihani amalga oshirishga qancha pul kerak bo‘ladi, – so‘rayman suhbatdoshimdan.
– Loyihamni amalga oshirish uchun 200 million so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi...
Men yosh hunarmandning ishlariga muvaffaqiyatlar tilab, ulardan uzoqlashaman va ishonamanki Xalq banki yana bir mijozni qo‘llab- quvvatlaydi.
Axir bank Samarqand viloyat, tuman va shahar filiallari tomonidan joriy yilning besh oyi davomida 12 ming 473 nafar fuqaroga 336 milliard 538 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratgan. Demak, 12 mingdan oshiq fuqaroning loyihalari amalga oshgan, uy-joyi ta’mirlangan, tadbirkorligi yo‘lga qo‘yilgan, ishchi o‘rinlari yaratilgan.
Xalq bankining viloyatdagi filiallarining jami kredit portfeli qancha deb o‘ylaysiz. Bizni ham shu savol qiziqtirdi va quyidagi javobni oldik – 1 667 334 mlrd so‘m.
Biz Samarqandda tadbirkorlik «daryosiga» qarmoq tashlab daromad, boylik, ishbilarmonlik degan katta-katta «baliqlarni ovlayotgan» hamyurtlarimizni kuzatib, suhbatlashib shunga amin bo‘ldik: bugun ishlayman, o‘z biznesimni yuritaman, tadbirkorlik qilaman deydiganlar uchun Xalq banki doimo qarmoq berib baliq tutishni o‘rgatishga tayyor. Ishonmasangiz siz ham bir qiziqib ko‘ringda...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter