Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yashil energiyadan dezinformatsiyaga qarshi kurashga qadar. AQSh Markaziy Osiyoga qo‘shimcha sarmoya kiritmoqda

Yashil energiyadan dezinformatsiyaga qarshi kurashga qadar. AQSh Markaziy Osiyoga qo‘shimcha sarmoya kiritmoqda

AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik chuqurlashayotgani tasdig‘i sifatida mintaqaga 14,3 million dollar qo‘shimcha yordam ajratadi. Bu haqda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer 24 oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirokidagi C5+1 mintaqaviy vazirlar yig‘ilishida ma’lum qilgan.

Mashvarat yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotda AQSh va mintaqa davlatlari savdo-sarmoyaviy robitalarni kuchaytirish, eksport-import bozorlarini diversifikatsiya qilish, yashil energiya taraqqiyotini rag‘batlantirish, energiya samaradorligi va inklyuziv, barqaror iqtisodiy rivojlanishga sodiqligini ta’kidlagan. Ishtirokchilar, shuningdek, inson huquqlari, jumladan, ayollar, bolalar va imkoniyati cheklanganlar huquqlarini himoya qilish muhimligini tasdiqlagan.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra,  USAID Markaziy Osiyoda savdoni kengaytirish va xususiy sektorni mustahkamlash bo‘yicha avval amalga oshirilgan ishlarga tayanib, 100 tagacha mikro, kichik va o‘rta korxonalarga grantlar taqdim etadi. 10,8 million dollarlik loyihalar AKT, yashil iqtisodiyot kabi muhim sektorlardagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rni yaratish, ayollar, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini dastaklashga xizmat qiladi.

10 yildan ortiq vaqt davomida Markaziy Osiyo bo‘ylab qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan USAID qo‘shimcha 2 million dollarlik sarmoya orqali qayta tiklanuvchi energiyani kengaytirish bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtiradi. Yangi sarmoya shaffof biznes amaliyotlarini joriy etish, mintaqada AQSh kompaniyalari innovatsiyalarini ko‘paytirish hamda mintaqada kuchli tijoriy integratsiyaga yo‘l ochishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyoda yo‘lga qo‘yiladigan qiymati 1,5 million dollarga teng bo‘lgan yana bir mintaqaviy dastur onlayn platforma va ommaviy axborot vositalarida axborot sifatini yaxshilash hamda dezinformatsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, USAID Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida bojxona tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa transchegaraviy savdoni kengaytirib qolmay, Jahon savdo tashkilotiga a’zolikning asosiy jihatlarini ham ifodalaydi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh O‘zbekistonga sil xastaligi, epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash, samarali mahalliy boshqaruv kabi yo‘nalishlar uchun 14,2 million dollar mablag‘ ajratmoqda.

USAID administratori S.Pauerning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ta’lim sohasida 4,5 million dollarlik yangi tashabbus ham e’lon qilingan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring