Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15-iyul dostoni. Turkiya voqealariga guvoh yozuvchi xotiralaridan

15-iyul dostoni. Turkiya voqealariga guvoh yozuvchi xotiralaridan

2016-yilning 15-16-iyul kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tgan xoinona davlat to‘ntarishiga urinishning zudlik bilan bartaraf etilgani, xalq hurriyatining zafar qozongani o‘sha kuniyoq butun dunyoga ma’lum bo‘lgan edi. Men o‘sha kunning dahshatlarini hamda xalq irodasining qanchalar kuchli ekanini, dengizday ko‘pirib chayqalib turgan kishilarning o‘z davlati bilan qanchalar jips ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun u xotiralarni o‘rtoqlashishga jazm qildim.

2016-yil yozida onaizorimga hamda ayolimga Antaliyaga olib borishni va’da qilgan edim. Nihoyat, 14 iyul tongida Toshkentdan Istanbulga, u yerdan esa Antaliyaga uchdik. Issiq avjida, sayyohlar oqimi ko‘p. Avvaldan buyurib qo‘yilgan, dengiz yoqasidagi mehmonxonamizga borib joylashdik. Yo‘l charchatgan bo‘lsa-da, onamga tevarakni tomosha qildirgim, go‘zalliklarni ko‘rsatgim kelardi. Onam ham ko‘nib, bir qancha vaqt biz bilan birga yurdi, so‘ng muzday salqin xonalarga kirib tin oldik. Antaliyaning dim havosisalqinga chulg‘andi, dengizdan kechki shamol esdi.

Tongda bizlarni musicha «ku-ku»si uyg‘otdi. Birgalashib nonushtaga bordik, har xil yeguliklardan ilinib onamning ko‘nglini olib o‘tirdim, keyin qaynona-kelinni o‘sha yerda qoldirib, o‘zim xonamizga qaytib televizorni yoqsam... Dahshat! Istanbulda, Anqarada xalq ko‘chani to‘ldirgan, ikki-uch soat avval ro‘y bergan voqealar qayta-qayta ko‘rsatilayotir. Prezident Rajeb Toyyib Erdo‘g‘anning Otaturk aeroportidan videomurojaati olib berilayotir. U tasvirlar Bo‘g‘oz ko‘prigidagi tanklar va askarlarga, ularning yo‘lini to‘sgan, harbiylarga qarshi oyoqqa turgan son-sanoqsiz kishilarga almashmoqda.

Kutilmagan bu hodisadan aqlim lol edi.

Sal o‘tmay onam va ayolim ham kirib kelishdi.

— Voy, tinchlikmi? — deb so‘radi Maqsuda, televizorga ko‘zi tushib.

Nima deyishimni bilmayman. Turkiyada davlat to‘ntarishiga harbiy urinish ro‘y berdi,favqulodda holat e’lon qilindi, xiyonat ko‘lamining juda kattaligi taxmin qilinmoqda deymanmi? Maqsuda turk tilini biladi, «Voy» deb labini tishlab qoldi. Onaizor ham yomon bir ish ro‘y berganini payqadi.

— Shular ham bir mo‘min-musulmonning bolasimi? Nimaga birovni farzandini ustiga tankda bostirib borishyapti?

Odamlar harbiy texnika qarshisida jonli qalqon hosil qilishgan, yosh bir yigitcha tank ustiga sakrab chiqib olgan.

— Hoy bola, tush pastga, — dedi onam xavotirlanib. – Xalq ustiga bostiribdiki, bular yomon odamlar. Tush, onang sho‘rlik yetti tug‘ib bo‘lgandir seni o‘ylab?

Turkiya hukumatining navbatdagi bayonoti e’lon qilindi. Davlat to‘ntarishi xavfi bartaraf etilgani, mamlakatda hayot o‘z o‘zaniga tushgani aytildi. Vaziyatni bilgani tashqariga chiqdik. Otellar ham, tevarak-atrof ham tahlikaga to‘la. Goh-goho Antaliya osmonidan uchta-uchta bo‘lib harbiy uchoqlar guvillab uchib o‘tyapti.

Yo‘q, davlat tinchlikni, o‘z hurriyatini qo‘ldan bermadi. Prezident Anqaraga qaytdi, so‘ng Istanbulga keldi, mamlakat bo‘ylab osoyishtalik tiklanganini ma’lum qildi, o‘z xalqi oldiga chiqib rahmat aytdi. Kechgacha televizor qoshidan jilmadim. Haqiqatan ham xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, ertasi kuni «o‘zimnikilarni» Antaliya shahrini aylantirgani olib bordim. Qadimiy Adrian darvozasidan, u yerdagi mashhur Soat Qubbasidan o‘tib, yoyma bozor oldidan chiqib qoldik. Odatdagi Sharq bozori, har turli mollarini yoyib o‘tirgan sotuvchilaru xaridorlar gavjum.

Bir mahal shu tumonat aro bir xabar yelib o‘tdi:

— Shahid bor! Shahid bor!

Bu xabar yoyilgani sayin tujjoru asnof o‘z ishini tashlab, shu oradagi Andizli deb ataladigan qabristonga kelaverishdi. Hammayoq odamga to‘lib ketdi.

Politsiya mashinasining chinqirig‘i eshitilib, so‘ng davlat bayrog‘i taqilgan mototsiklchilarhamda mashinalar karvoni odamlar orasini yorib o‘ta boshladi. Ayolu erkak yig‘lar edi. Onamni hamda ayolimni o‘sha yerda qoldirib, o‘zim qabristonga kirdim. Turk bayrog‘iga o‘ralgan tobut odamlar boshi uzra suza keldi. Bir kishi, aftidan, hukumat odami bo‘lsa kerak, ko‘zlarida yoshi bilan qisqa nutq so‘zladi, xoinlar o‘qidan halok bo‘lgan yigirma olti yoshli Muhammad O‘g‘uz Qilichning janozasi o‘qildi. Shahid tuproqqa berilarkan, kimdir qattiq ovoz bilan «Boshing sog‘ bo‘lsin, Turkiya!» deb baqirdi. Xaloyiq bir ovozdan «Vatan sog‘ bo‘lsin!» deb qichqirdi.

Juda mutaassir bo‘ldik, onaizorning ham, ayolimning ham ko‘zi to‘la yosh. Hech narsa tatimay, ortimizga qaytdik.

Bir-ikki kundan so‘ng ta’tilimiz tugadi. Istanbulga keldik. Maqsadim – Sulton Ahmad, Sulaymoniya jome’sini, Ayo-Sofiya masjidini, Bosfor bo‘g‘ozini ko‘rsatish, Mahmudposho bozoriga borib, onamga yoqadigan kiyim-kechak xarid qilish edi. Istanbulda ko‘chalar to‘la odam. Hammaning qo‘lida Turkiya bayrog‘i, odamlar oqimi «Vatan! Vatan» deya oqardi.Istanbulning har tarafi  «Hokimiyat millatnikidir», «Bir millat, bir bayroq, bir Vatan, bir davlat» kabi qirmizi alvonlarga to‘lgan. Kishilar daryoday bo‘lib endilikda «Shahidlar ko‘prigi» deb nom olgan Bo‘g‘oz ko‘prigiga qarab harakatlanar, to iyul oyi oxirigacha barcha transportlar xalqqa tekin xizmat ko‘rsatardi. Shahidlar ko‘prigiga esa eqinlashib bo‘lmaydi, odam nihoyatda ko‘p, bir kechada paydo bo‘lgan ulkan monitorlarda o‘sha mash’um kechaning tasvirlari almashib turibdi. Tank oldiga uni to‘xtatish uchun chiqan qurolsiz kishini tasavvur qilib bo‘ladimi? «Vatan, senga jonim fido» deb qichqirayotgan va jon berayotgan yaradorlarni-chi? Askarlar oldiga ro‘molini tashlagan ayollarni-chi? Bu juda qadimdan qolgan turkiy udum, askar oldiga ona ro‘moli tashlansa, har qanday urushlar to‘xtagan... «Halok bo‘lganlarimiz shahidlarimizdir, zafar quchganlarimiz esa g‘oziylarimizdir» degan xitoblar yangrardi.

O‘zbekistondan esa tinimsiz qo‘ng‘iroqlar kelib turardi. Do‘stu birodarlarimiz, yaqinlarimiz tinchligimizni so‘rashar, «Turkiya tinchmi?» deyishar, «Ha, hammasi joyida» desak, «Xudoga shukr, ishqilib, tinch bo‘lsin» deyishardi...

Ha, xalq bilan davlat birligining qudrati o‘sha kunlarda ko‘rindi. Bunga bir biz emas, butun dunyo shohid. Xoinona urinish kunlarida 251 kishi shahid bo‘ldi, ikki mingdan ortiq kishi yaralandi. Ularning ism-shariflari shon-sharaf maydonlariga ardoq ila bitildi, xalq yuragidan joy oldi.

Gohida ba’zilar «Afsus, ta’til yaxshi o‘tmabdi-da» deyishsa, «Sira unday emas» deyman. Chunki dengiz sohilida orom olish boshqa, istiqlolning, zafarning, hurriyatning, millatning qudratini ko‘rish boshqa! Har gal 15-iyul voqealari haqida so‘z ketsa, ko‘z o‘ngimda o‘sha jasur olomon, hur kishilar, Vatanim, davlatim deya ko‘chaga to‘plangan son-sanoqsiz xalq jonlanadi. Millatning, xalqning naqadar qudratli ekani seziladi.

Darvoqe, yurtimiz adabiyot muxlislariga anchagina manzur bo‘lgan «Men, onam va O‘rta Yer dengizi» hikoyam o‘sha kunlarda yozilgan edi. Ushbuasar ham Turkiyada ro‘y bergan favqulodda hodisaning bir shohidi bo‘lib kitoblarga muhrlanib qoldi.

Isajon Sulton,
yozuvchi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring