Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2 ming nafardan ortiq shaxsga qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlandi

2 ming nafardan ortiq shaxsga qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlandi

2018-yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 14 536 nafar shaxsga nisbatan 11 071 ta ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati saytimizga xabar berdi.

Jumladan, 114 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 10 783 nafarni tashkil etib, shundan 2 589 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 8 194 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi.

Shuningdek, 1 074 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 7 410 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 2 320 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi, 2 127 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, o‘g‘rilik, pora olish va berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, bezorilik, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 2 599 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 92 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 1 296 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

4 423 ta jinoyat ishi, ya’ni barcha ishlarning 40 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring