Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

80 yillik sir: natsistlar qatl qilgan o‘zbek askarining shaxsi aniqlandi

80 yillik sir: natsistlar qatl qilgan o‘zbek askarining shaxsi aniqlandi

1942 yili Niderlandiya o‘rmonlarida fashistlar tomonidan qatl etilgan o‘zbek askarlaridan birining shaxsi aniqlandi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Niderlandiyaning Amersfort shahridagi konslagerda minglab sovet fuqarolari saqlangan. Ular orasida Smolensk yaqinida asir olingan o‘rtaosiyolik askarlar ham bor edi. Tarixiy manbalarga qaraganda, 101 nafar askarning asosiy qismi O‘zbekistondan bo‘lgan.

Bir necha yildan beri o‘zbekistonlik askarlarning fojiaviy qismatini o‘rganib kelayotgan tadqiqotchi Remko Reyding qariyb 80 yillik sirni ochishga muvaffaq bo‘ldi: u Ilsha Mahametov ismli askarning shaxsini aniqladi. R.Reyding mahbuslarning qarindoshlarini topish maqsadida avvalroq O‘zbekistonga ham kelgan.

O‘tgan o‘nyilliklar davomida I.Mahametovning qizi umidini so‘ndirmay otasini qidirgan. U ayni paytda 85 yoshda.

«Onamning yig‘lamagan kuni yo‘q edi. U iztirob va alam ichida yashadi», – deydi marhum o‘zbek askarining nabirasi Dilnoz Baratova.

1942 yilda otilgan askarning jasadi qoldiqlari 1945 yilda topilgan. Shu bilan birga shaxsiy buyumlar, hujjatlar ham qo‘lga kiritilgan. Ular asosida marhumning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

101 nafar sovet askari 1941 yilning 27 sentyabrida fashistlar lageriga keltirilgan. Ular tutqungohda shafqatsiz azoblar, ochlik va xo‘rliklarni boshdan kechirgan. O‘zini «oliy irq» vakili deb bilgan hitlerchilar o‘rtaosiyolik asirlarni «ubermensh» (chala odam) deb atagan.

Tadqiqotchi Remko Reydingga ko‘ra, o‘zbek askarlari ochlik hukm surgan holatda ham aql bovar qilmas tarzda insoniyligini saqlab qola bilgan: oylar davomida tuz totmagan asirlar onda-sonda berilgan nonni ham janjal-to‘polonsiz teng bo‘lishib yegan.

Yarim yildan keyin ochlik va kasallik tufayli 24 nafar jangchi halok bo‘lgan. Qolgan 77 nafar askar esa 1942 yilning 9 aprelida konslager yaqinida otib tashlangan. Kafansiz ko‘milgan jangchilarning hoki keyinroq Lyozdin qabristoniga qayta dafn etilgan. Qatlgohda esa maxsus yodgorlik o‘rnatilgan.

Avvalroq 101 askar haqida ma’lumot to‘plash maqsadida O‘zbekistondan Niderlandiyaga ekspeditsiya uyushtirilgani haqida xabar bergan edik.

«O‘zbekkino» esa Amersfort tutqungohi asirlarining fojeali taqdiri haqida badiiy film olinganini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring