Aholi ko‘paymoqda! Xavotirga asos bormi?

Dunyo aholisi ko‘payishiga muvofiq tarzda yer yuzida rizq vositalari ham ortayotir.
2018-yil 1-yanvargacha dunyo aholisi soni 7,4 milliarddan oshib ketdi. Nufus jihatidan hamon Xitoy (1,399 mlrd.) yetakchilik qilib kelmoqda. Ikkinchi o‘rinda Hindiston (1,35 mlrd.ga yaqin) turibdi. Uni AQSh (326,6 mln.) ta’qib qilib kelmoqda.
Keyingi o‘rinlarni Indoneziya (259 mln.), Braziliya (206 mln.), Pokiston (192 mln.), Nigeriya (190 mln.), Bangladesh (163 mln.), Rossiya (142 mln.) va Meksika (127 mln.) band etgan.
Hindiston hademay nufus jihatidan Xitoyni quvib o‘tib ketishi kutilayapti.
O‘tgan davr mobaynida sotsiolog olimlarning «Tug‘ilishni cheklash lozim» degan tashvishli fikr-mulohazalari jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib kelinmoqda.
Hatto yaqin-yaqingacha Xitoyda bir oila faqat bitta farzand ko‘rishi mumkin degan g‘ayrioddiy qoida bor edi. Xitoyliklarning ko‘plab e’tirozlari hamda boshqa ob’yektiv va sub’yektiv sabablar tufayli bu qoidaga barham berildi.
Aslida mutaxassislarning tashvishli mulohazalari kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu muammo bir necha asrdan beri nafaqat olimlarni, balki ishlab chiqarish manbalarining kamligi va Yer kurrasida tabiiy zaxiralarning tugab borayotganidan xabardor har bir kishini o‘ylantiradi.
Olimlar: «Agar aholi muntazam ko‘payib borishining oldi olinmasa Yer yuzi bashariyatga torlik qilib qoladi, kundalik ehtiyojlarni qoplash imkoni bo‘lmaydi», — deyishadi.
Mutaxassislar aholi sonining ortishi uy-joy, oziq-ovqat muammosini keltirib chiqarishini ta’kidlash bilan birga elektr energiyasi tanqisligi va atrof-muhitning ifloslanishidan ham xavotirdalar. Shu bois tug‘ilishni cheklash kerakmi-yo‘qmi degan masala yirik xalqaro anjumanlarda tez-tez kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Tug‘ilishni nazorat qilish ilk bor XVIII asr oxirlarida Yevropada boshlangan. Ingliz iqtisodchisi Maltus, keyinchalik fransiyalik olim Frans Ples tug‘ilishga chegara qo‘yish taklifi bilan chiqqanlar. 1833 yili amerikalik tabib Charlz Norton ham buni qo‘llab-quvvatlagan.
Bu olimlar aholi ko‘payishini geometrik tarzda (2, 4, 8, 16, 32...), oziq-ovqat mahsulotlari ko‘payib borishini esa arifmetik tarzda (1, 2, 3, 4, 5...) ko‘rsatishgan. Ular aholi soni to‘siqlarga uchramay ortib borsa, yigirma besh yildan keyin ikki marta, bir asrdan keyin ikki yuz ellik olti marta ko‘payadi, nufus bilan oziq-ovqat manbalari orasidagi nomutanosiblik keskin ortadi deb o‘ylashgan.
Tarixiy haqiqat shuki, inson nasli hech qachon Maltus va Frans Ples aytganidek geometrik tartibda ko‘paymagan. Aniq raqamlarga murojaat qilsak, milodiy yil hisobining boshida 200 million kishini tashkil etgan dunyo aholisi 1300-yillarga kelib 500 million, 1804 yilda bir milliard, 1927 yili ikki milliard, 1959 yili uch milliard, 1974-yili to‘rt milliard, 1987-yili besh milliard, 1999-yili olti milliard va 2011-yil 31-oktyabr kuni yetti milliardga yetgani rasman e’lon qilindi. Ko‘pchilik yetti milliardinchi bola Rossiyada tug‘ilgani va uni BMT mutasaddilari «tilla bola» deb e’lon qilganini shodiyonalik bilan kutib olgan bo‘lsa-da, ammo «yetti o‘lchab bir kesadigan» iqtisodchi va sotsiolog olimlar bu voqeani uncha xushlamay qarshi olishdi. Chunki ahvol shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, 2100-yilga borib sayyoramizda 15 milliard odam o‘zaro murosa-yu madora qilishga majbur bo‘ladi.
Bizningcha, aholining bu tariqa ko‘payib borishidan fojia yasash shart emas. Chunki insoniyat tug‘ilishga e’tibor qaratgani bilan o‘limni kamaytirishning uddasidan chiqa olmayapti.
Oziq-ovqatlar ham arifmetik tartibda oshmaydi.
Qadimda kishilarning oziq-ovqati asosan suv, o‘simliklar va hayvonlardan iborat edi. Hozir boshqa juda ko‘p manbalar bor. Inson nasli ko‘paygani sayin hayotini muhofaza qilish uchun yangi-yangi rizq manbalarini izlayapti, ehtiyojlarini qondirish uchun turli usullardan foydalanayapti.
Shuningdek, aholi soni ortishi bilan birga, ishchi kuchining ko‘payishini ham nazardan qochirmaslik kerak.
Iqtisod ilmiga ko‘ra ishlab chiqarishning uch asosiy unsuri bor: tabiat, sarmoya va inson. Inson bu unsurlarning eng ulug‘i va muhim ahamiyatga moligidir. Aholi soni ortishidan xavotirga tushayotganlar insonning ishlab chiqarishdagi o‘rnini e’tiborga olmay, unga faqat iste’molchi sifatida qarashadi. Holbuki, insonning Yer yuzidagi taraqqiyot va yashash sharoitini yaxshilashga qo‘shgan hissasini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Nufusning ortishi aslida insonlarning yaxshiroq ishlashni taqozo etadigan omillardan biridir. Ehtiyojlar insonni taraqqiyot uchun yangi-yangi ixtirolar qilishga undaydi. Bugun inson dengiz tublaridan va fazodan rizqini axtarmoqda.
Umuman, dunyo aholisi ko‘payishiga muvofiq tarzda yer yuzida rizq vositalari ham ortayotir.
Yer yuzi va koinotdagi muvozanatni hech kim inkor etolmaydi. Sayyoramizda yashaydigan barcha maxluqlar sonida chegara va muvozanat mavjud. Masalan, «Sismibrium Sophia» nomli daraxt yiliga yetti yuz ellik mingta urug‘ sochishiga qaramay, Yer yuzini bosib ketayotgani yo‘q. «Dengiz yulduzi» balig‘i bir martada ikki yuz milliontagacha urug‘ qo‘yadi. Lekin dengizlarni ayni shu baliqlar egallab olmagan, ya’ni muvozanat buzilmagan.
Bashariyat ham ushbu ilohiy nizomdan chetda emas.
Tolibjon Nizomov, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas