Aqchaga boy Aqchako‘l – Ellikqal’adagi ko‘l sirini bilasizmi?
Qoraqalpog‘iston yurtimizdagi turizm salohiyati ancha yuqori bo‘lgan hududlardan hisoblanadi. Bu yerda sayyohlar qiziqishiga sabab bo‘ladigan yuzlab maskanlar bor. Aqchako‘l ham mana shunday noyob joylar sirasiga kiradi.
Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan safar davomida sayyohlik operatorlari va OAV vakillari Aqchako‘l sayyohlik maskanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Asli bu yerda turistik joy tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan chiqqan edi. Davlat rahbari Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi davomida Ellikqal’a tumanidagi 6000 gektarlik Aqchako‘l atrofida dam olish maskanlari, plyaj hududlari tashkil etishni taklif etgan edi.
Qoraqalpog‘iston Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Bayram Kusekeyevning ta’kidlashicha, bu tashabbusni amalga oshirish uchun 2022 yilning o‘zidayoq 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Natijada tadbirkorlar tomonidan mehmonxonalar, plyaj, yo‘laklar, amfiteatr, sport maydonlari va boshqa dam olish joylari qurilib, to‘liq elektrlashtirildi.
Shuningdek sayyohlik maskani tashkil etilishida ekologiyaga ham alohida e’tibor berilib, 3000 tonnaga yaqin chiqindilar tozalanib, olib chiqib tashlandi. Bu ishlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusiga ko‘ra amalga oshirildi.
Aqchako‘lda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan «Tuproqqal’a tur» MChJ rahbari Oybek Jumaboyevning aytishicha, sayyohlik maskani tashkil etilgandan so‘ng nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholining ham bu yerga qiziqishi ortib bormoqda. Aqchako‘lda nafaqat dam olish, balki sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari ham mavjud. Yoshlar plyaj futboli, voleybol va boshqa o‘yinlarni o‘ynash uchun kelmoqdalar, veloyo‘lakchalarda esa velosport bilan shug‘ullanish imkoni bor. Sayyohlik firmasi tomonidan xorijlik turistlar uchun xalq milliy kuylari va o‘yinlari tashkil qilib berilmoqda. Dam olish maskanida 40 kishilik o‘tovlar va 80 o‘rinli xostellar qurib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek ayni vaqtda 5 yulduzli mehmonxona bilan birgalikda 10 ta villa qurilishi ham davom etyapti.
Xalq orasida yuradigan rivoyatlarga ko‘ra bir vaqtlar Chingizxon o‘lkamizni bosib olishga kelganda ko‘l ostiga ulkan xazinasini yashirgan ekan. Albatta bu afsonalarda haqiqat bormi, yoki yo‘q, buni xozir hech kim aniq ayta olmaydi. Ammo shuni ishonch bilan aytsa bo‘ladiki, tadbirkorlik ishlari to‘g‘ri tashkil qilingan taqdirda Aqchako‘ldan ancha moliyaviy manfaat ko‘rish mumkin.
Tadbirkor boy bo‘lsa, xalq boy bo‘ladi. Xalq boy bo‘lsa, davlat kuchli va qudratli bo‘ladi. Aqchako‘lda olib borilayotgan ishlar misolida yurtimizda darhaqiqat tadbirkorlik rivojlanib borayotganiga guvoh bo‘lib qaytdik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter