«A.U.Y.»dan ehtiyot bo‘ling!

So‘nggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning ta’siri keskin oshmoqda. Shulardan biri — «A.U.Y.» deb ataluvchi jinoiy harakat bo‘lib, u nafaqat o‘smirlarni, balki chet elga, ayniqsa, Rossiyaga borib ishlayotgan fuqarolarimizni ham o‘z domiga tortayotgani bilan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Ota-onalar, ogoh bo‘ling! Mehnat muhojirlari, hayotingiz va erkingizga befarq bo‘lmang!
«A.U.Y.» o‘zi nima va u qayerda paydo bo‘lgan?
«A.U.Y.» («Arestantskiy uklad yedin» — «Mahbuslar qoidasi yagona») — Rossiyada paydo bo‘lgan, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida e’tirof etilgan xavfli harakat. U “o‘g‘rilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan.
Rossiyada bu harakat 2020-yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston fuqarolari nima uchun ogoh bo‘lishi kerak?
Afsuski, bu tuzilma ta’siri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim O‘zbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda A.U.Y. harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun bir necha yurtdoshimiz Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki O‘zbekiston fuqarolari imijiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
A.U.Y. qanday targ‘ib qilinadi?
Guruh a’zolari asosan internet orqali — ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va videoplatformalarda o‘z saflariga odam jalb qilishadi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “bratva”, “obshak”, “zakon po ponyatiyam” kabi iboralar orqali ta’sir o‘tkazishga harakat qilishadi.
A.U.Y. safida yurish shunchaki “ishdan keyingi do‘stona guruh” emas — bu harakat bilan bog‘lanish insonni jinoiy faoliyatga tortadi.
Bu harakatga aloqadorlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
- Rossiya qonunchiligiga muvofiq, A.U.Y. harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima, yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 yildan 4 yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish, yoxud 2 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish mumkin.
- Ishsizlik, deportatsiya, insonning huquqiy maqomi, erkin harakat qilishi va oilasi kelajagini xavf ostiga qo‘yadi.
Ota-onalar va fuqarolarga murojaat:
- Farzandlaringiz kimlar bilan gaplashmoqda?
- Rossiyada mehnat qilayotgan tanishlaringiz, qarindoshlaringiz atrofida kimlar bor?
- “Zakon po ponyatiyam”, “obщak”, “smotryaщiy” kabi atamalarni eshitdingizmi?
Bu kabi belgilarni jiddiy qabul qiling. Har bir kechiktirilgan so‘z — ertaga fojiaga aylanishi mumkin.
Xulosa o‘rnida: A.U.Y. — faqat Rossiyada, balki xorijda mehnat qilib yurgan boshqa yurtdoshlarimiz uchun ham real tahdid. Jinoyat yoki “o‘g‘rilar qonuni” orqali hurmat qozonishni emas, halol mehnat va oilaviy baxtni qadrlash kerak. Nafaqat farzandlaringizni, balki o‘z kelajagingizni ham jinoiy tuzilmalardan asrang. Ogoh bo‘ling!
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter