Avgustda qator oziq-ovqatlar, benzin va xizmatlar qimmatlashdi — statistika

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,4 foizga oshdi.
Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 108,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2024-yil avgust — 110,5 foiz) nisbatan 1,7 foiz bandga pasaydi.
Avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,6 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan tarvuz (28,7 foiz), qovun (11,7 foiz), karam (11,4 foiz), kartoshka (3,5 foiz), tovuq tuxumlari (2,7 foiz), parranda go‘shti (1,9 foiz), paxta moyi (1,6 foiz), qo‘y go‘shti (1,4 foiz) hamda mol go‘shti (0,2 foiz) narxlarining oshishi inflyasiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan benzin (3,1 foiz) va sement (0,8 foiz) hamda xizmatlar narxi va tariflarida huquqiy turdagi xizmatlar (9,9 foiz), maishiy chiqindi uchun haq to‘lash (3,0 foiz) va erkaklar va o‘g‘il bolalar uchun sartaroshxona xizmatlari (1,0 foiz) narxlari qimmatlashgani inflyasiyaga oshishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida 170 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter