Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Avtomobilsiz kun» aksiyasi qaysi kunlari o‘tkazilishi aniq bo‘ldi

«Avtomobilsiz kun» aksiyasi qaysi kunlari o‘tkazilishi aniq bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Endi Toshkent shahrida har oyning to‘rtinchi chorshanba kuni «Avtomobilsiz kun» sifatida o‘tkaziladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 21-fevraldagi 37-son Farmoniga asosan amalga oshiriladi.

Avtomobilsiz harakatlanishni targ‘ib qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, eng avvalo, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda avtomobil tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish va atrof-muhitni muhofaza qilish har bir insonning fuqarolik burchi ekanligini ta’kidlashdir.

«Butunjahon avtomobilsiz kuni» (World Carfree Day) har yili 22-sentyabrda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidagi 2 mingdan ortiq shahar, jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Braziliya, Kanada kabi davlatlarning poytaxt va yirik shaharlarida o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, Fransiya (Parij), Indoneziya (Jakarta) va Ruanda (Kigali) kabi mamlakatlarning poytaxtlarida «avtomobilsiz kun» tadbiri muntazam ravishda tashkil etiladi.

Toshkent shahrida davlat idoralari rahbarlari va xodimlarining jamoat transportidan foydalanishi orqali oyda bir kun davomida shaharda yuradigan avtotransport vositalari soni o‘rtacha 200 ming (22-25 foiz)ga kamayadi. Natijada atmosfera havosiga avtomobillardan zararli tashlamalar ham 22-25 foizga (o‘rtacha 580 tonnaga) qisqaradi hamda shahar ichidagi tirbandliklar kamayishiga erishiladi.

Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelishi orqali namuna ko‘rsatib boradi. Tabiiyki, Ekologiya vazirligi rahbariyati va xodimlari ham.

Bu 2024-yilning 24-aprel, 22-may, 26-iyun, 24-iyul, 28-avgust, 25-sentyabr, 23-oktyabr, 27-noyabr va 25-dekabr kunlariga to‘g‘ri keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring