Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayollar huquqlarining himoyasi: Gruziya tajribasi

Ayollar huquqlarining himoyasi: Gruziya tajribasi

 

USAIDning huquqiy islohatlar dasturi doirasida O‘zbekistonning davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» aksiyasi kunlari Gruziyada inson huquqlarini himoya qilayotgan tashkilotlar faoliyati bilan tanishib, tajriba almashinishdi. Maqsad Gruziya Parlamenti, gender zo‘ravonlikka qarshi kurashayotgan,  inson huquqlarini ta’minlash borasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar faoliyati va tajribasi bilan tanishish.

 

Bugungi kunda qator faollar guruhlari qonun hujjatlari ijrosi, xotin-qizlar huquqlari ta’minlanishi ustidan nazorat olib bormoqda. Shulardan biri Gruziya  Ombudsmani xalq himoyachisi Sopio Rusetskining fikriga ko‘ra, qonunchilikni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish muvaffaqiyatli amalga oshirilganiga qaramay, hanuz jiddiy muammolar mavjud. Shulardan biri femitsidlar, ya’ni ayol kishining o‘ldirilishi yoki uni o‘limga olib boruvchi holatlardir. Gruziyada femitsidlar monitoringi mexanizmi ishlab chiqilgan va u muntazam ravishda amalga oshiriladi.

– Gruziyaga tashrif Ombudsman bilan tanishuvdan boshlangani sabab ham esda qolarli bo‘ldi, – deydi «Oydin nur» oilalarni ijtimoiy himoya qilish markazi rahbari Shaxnoza Ixtiyarova. – Sopiya  Rusetski xonim suhbat davomida gender zo‘ravonlikning oldini olish, femitsid, erta turmush masalalarida departament tomonidan qilinayotgan ishlar borasida keng ko‘lamli ma’lumot berdi.  Eng asosiysi har yili shelterlar va inqiroz markazlarida monitoring olib borilishi va unda nafakat benefitsiarlar, balki xodimlardan ham fikr-mulohazalar so‘ralishi e’tiborga loyiqdir. Albatta O‘zbekistonda Gruziya kabi 12-13 yoshdagi qizlarni erga berish muammosi yo‘q va bu juda quvonarli holat. Lekin O‘zbekistonda Ombudsman barcha davlat va nodavlat tashkilotlari bilan doimiy hamkorlikda ish olib borishi yo‘lga qo‘yilmagani  achinarlidir.

Gruziyada ko‘plab NNTlar aynan ayollar huquqlarining himoyasi bilan shug‘ullanishadi. Asosiy muammo erta turmushga berish, ishsizlik, kambag‘allikdir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra Gruziyada 4 million aholi yashaydi. Shundan 600 ming atrofidagi aholi nochorlikda kun kechiradi. Mehnat migratsiyasi o‘ta yuqori. Bugungi kunda Gruziyada 7 ta inqiroz markazlari va 6 ta zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun boshpanalar mavjud. Odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va ularga yordam berish davlat jamg‘armasi tomonidan Gruziyaning bir qancha shaharlarida zo‘ravonlikka uchragan ayollar  uchun boshpanalar tashkil etgan. Tbilisidagi Odam savdosi va oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari uchun boshpana, Tbilisi inqiroz markazi shular jumlasidandir. Boshpana rahbari Eliso Airegibining aytishicha, boshpanaga tushgan jabrdiydalar bu yerda 6 oydan 9 oygacha qolishi mumkin. Boshpana 20 ta odamga mo‘ljallangan. Bu yerda ayollarga huquqiy-psixologik, zarur bo‘lganda tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ularning farzandlari uchun turli xil to‘garaklar, dars va o‘yin xonalari mavjud.

Ayollar o‘zlarining iqtisodiy ahvolini tiklab olishlari uchun bepul qandolatchilik va sartaroshlik kurslari mavjud. Boshpana qoshida faoliyat yuritayotgan kichik qandolatchilik sexida ular ishlashadi, shu yerda ochilgan do‘konchada pishiriqlarni sotib daromad topishadi. Ammo boshpana davlat tomonidan muntazam ravishda mablag‘ bilan ta’minlanmagani sabab, jamoa homiylar va xalqaro donorlardan yordam kutadi. 

Boshpanaga borganimizda e’tiborimni tortgan narsa, kiraverishda itning uychasi borligi va bu yerda yashayotgan Lyusi nomli it stress holatda keltirilgan zo‘ravonlikka uchragan ayollarning do‘stiga aylangani. Lyusi ularga va ayollarning farzandlariga  o‘ziga xos psixologik yordam beradi, tinchlantiradi. Bunday amaliyot O‘zbekistonda ham qo‘llansa nur ustiga nur bo‘lardi. Chunki allaqachon zooterapiya yordamida odamni stress holatdan chiqarish usullari butun dunyoda qo‘llanilmoqda.

Gruziya huquqiy tashkilotlari tomonidan  xotin-qizlar huquqini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar qimmatli ma’lumotlar bilan boyitilgani e’tiborga loyiq. O‘z navbatida O‘zbekistonlik vakillar ham olib borilayotgan gender siyosati va unda NNTlarning o‘rni haqida to‘xtalishdi. Bu kabi tajriba almashishlar albatta o‘z samarasini berishi shubhasiz.

                                                                                             Nargis Qosimova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring