Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Belbog‘i bor, lekin puli yo‘q erkaklar yoki dabdaba ortidagi nochorlik

Belbog‘i bor, lekin puli yo‘q erkaklar yoki dabdaba ortidagi nochorlik

Xalqimizning o‘ziga xos chiroyli urf-odatlari bor. Lekin ularning barchasini ham chiroyli, ibratli deb ayta olamizmi? Yillar davomida shakllangan, o‘ylab topilgan ba’zi urf-odatlar borki, o‘zbekning qon-qoniga singib ketgan. Va shunday o‘ylab topilgan odatlar tufayli bugun ko‘pgina oilalarning iqtisodiy ahvoli yomonlashmoqda.

Hayitga ham kam qoldi. Yangi kelin tushgan xonadonlarda hamda azadorlar oilasida uch kunlab mehmon kutish harakatlari boshlab yuborilgan. Kimlardir ishbilarmonligi tufayli topish-tutishi yaxshi, shu bois dabdabali dasturxon bezab o‘zini ko‘z-ko‘z qilish harakatida. Qaysidir qiz uzatgan oilalar go‘shtsiz ovqat yesa-da, o‘nlab tog‘oralarga pulni qarz-havola qilib topadi. Aynan to‘ylarimiz, tadbirlarimizda keraksiz urf-odatlar tufayli qanchadan qancha yosh oilalar ajralish darajasiga bordi, ma’rakalar ortidan yuzaga kelgan nizolar tufayli odamlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tarildi. Oilalardagi urush-janjallar, nizolar farzandlar ruhiyatida ham jiddiy asoratlar qoldirmoqda.

Bu kabi illatlarga qonun yo‘li bilan chek qo‘yish vaqti kelmadimikan?

Juma namozlarida imomlar tinmay: «Mebelni yigit kishi qilishi kerak», degan tushunchalarni uqtirib keldilar. Or-nomusi kuchli yigitlar bu o‘gitga amal qilishyapti ham. Agar imomlarimiz namozlarda «Kelin tomonni qiynamanglar, tog‘oralarga, isrofgarchiliklarga chek qo‘yinglar. Yaxshisi, xarajatlarni farzand kutayotgan kelinning sog‘lig‘iga sarf qilinglar», deya tinmay uqtirib borsalar, erkaklarimiz o‘gitlariga, albatta, amal qiladilar va o‘z oilalarida qat’iy ma’naviy tartib-intizomni yo‘lga qo‘yadilar.

Eng to‘g‘ri va maqbul yo‘l shuki, yosh kelin-kuyovlar hayit kunlari ziyoratlarga sayohatga borishsin, hech bo‘lmaganda muzeylarga ekskursiya qilishsin. Yosh kelin-kuyovlarga sayohat uchun yo‘llanmalar majburan taqdim etilsa, eskilik sarqitidan voz kecholmayotgan, o‘zlarining ortiqcha orzu-havaslari quliga aylangan qaynona-qaynotalar e’tiroz bildirishiga hojat qolmaydi.

Yaqin tanishim azador edi, ehson qilmoqchi bo‘ldi. «Dasturxon uchun biron tog‘orangizni qilib beraman» dedim. «Hozir ma’rakalarda ham palon firmada tayyorlangan pishiriqlarni qo‘yishayotgan ekan, agar malol kelmasa tog‘oraning o‘rniga mayli, pishiriq chiqara qoling» dedi. U aytgan manzilga borib 100 000 so‘mga pishiriq sotib oldim. Ilgarilari bunday pishiriqlar faqat to‘yga o‘xshash katta ma’rakalarda qo‘yilardi. Ketar chog‘im peshtaxtada turgan jimjimador savatga ko‘zim tushdi. Savat atrofi sun’iy gullar bilan bezatilgan, orasiga novvot va qandlarni ustalik bilan yasatishgandi.

— Bu qanday savat? — yangi «ixtiro»ning yaratilish sababini anglasamda sotuvchidan so‘radim.

— Kelinlarning hayitlik dasturxoniga qo‘yiladi, — dedi sotuvchi.

— Narxi qancha?

— Sakson ming so‘m!

Bu ustalikni qarang-a! Savatning ichidagi novvot va qandlarni hisoblab ko‘rsangiz yarim kiloga ham yetmaydi. Lekin yangi moda ketidan quvuvchi boyvachchalar uchun 80 000 so‘m nima bo‘libdi. Ertaga dasturxonning ikki chetiga ikkita shunday savatni yasatib qo‘ysa bormi, kelin ko‘rishga kelgan barcha ayollarning havasi kelib, “Xudo xohlasa qizimni uzatsam, hayitligini shunday bezayman” degan niyatni diliga tugib qo‘yadi. Odamlarning o‘z sog‘lig‘iga e’tibor berishga imkoni yo‘q, yosh bolalar qarovsiz, na o‘qishlariga, na sport bilan shug‘ullanishlariga mablag‘ ajratiladi. Oila budjetiga kelayotgan mablag‘larning hammasi mana shunday keraksiz, bachkana odatlardan ortmaydi.

Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashgan ijara salonlariga e’tibor bering. Peshtaxtalardagi bir-biridan jimjimador, turli rangdagi, hajmdagi sarpo, tog‘ora soladigan qutilarni ko‘rib dilim g‘ash tortadi. Aynan shu bachkana narsalar emasmi to‘ylardagi chiqimlarni ko‘paytirayotgan, shular emasmi odamlarni dabdabaga, maqtanchoqlikka chorlayotgan? Ko‘nglimga bir xavotir oralaydi, ishqilib odamlar hayitlik marosimlari uchun ham ijara salonlaridagi qutilardan foydalanmasalar bo‘ldi. Eskilik sarqitlarini tag-tugi bilan yo‘qotolmayotgan bir damda tadbirkorlarning yangidan-yangi urflarni o‘ylab topayotganlari oxiri yo‘q muammolarni keltirib chiqaryapti. Xalqning og‘irini yengil qilishni emas, balki qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da pulini ko‘paytirishni o‘ylayotgan tadbirkorlarga insof bersin. Birgina maoshga qanoat qilib yashayotgan oddiy insonlarni narx-navolar ezayotgan bir paytda, hech bo‘lmaganda, kelin hayiti marosimi qonunan cheklab qo‘yilsa, odamlarga birmuncha yengillik bo‘lardi. Zero, to‘y qilgan o‘zbekning oldida yana qancha tashvishlari — kelin hayitidan keyin beshik to‘y, chillaguzaron, aqiqa, o‘g‘il to‘y va hokazo tadbirlari navbat poylab turibdi. Bugun o‘ttizga chiqib ham uylanolmayotgan ko‘pchilik yigitlarimizning belida belbog‘i bor, lekin o‘sha belbog‘ida ortiqcha urf-odatlarga yetadigan puli yo‘q.

Ra’no Mahmudova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring