Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Minimalizm, oddiylik yoki hashamatning qiymati

Minimalizm, oddiylik yoki hashamatning qiymati

Foto: «Xabar.uz»

Uyingizdagi yillab ishlatilmayotgan buyumlardan voz kechish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Umringiz davomida mashaqqat bilan topgan pulingizni mana shunday bir necha yillab ishlatilmaydigan buyumlar uchun sarflaganingiz haqidachi? Agar shunday bo‘lsa, demak siz keraksiz buyumlar uchun mehnat qilayotgan bo‘lib qolmayapsizmi?

Uyingizdagi ortiqcha kiyim-kechak, jihozlar, idish-tovoq — bularning barchasi hayotingizga mazmun olib kira oldimi? Nahotki odam baxtli yashashi uchun faqatgina hashamning o‘zi yetarli deb o‘ylasangiz...

Yaqinda Joshua Bekkerning minimalizm haqidagi kitobiga ko‘zim tushib qoldi. Aynan bizning turmush tarzimiz nihoyatda bir xilligiga, o‘zimiz xohlaganday yashashimizga stereotiplarning xalaqit berishi va minimalizmning yetishmasligi sabab emasmikan, deb o‘ylab qoldim.

Sizga kichkina misol: to‘y qilyapsiz, keladigan mehmonlarning erkaklariga chopon, ayollariga mato sotib olasiz, albatta, yaxshigina pul sarflaysiz. Aytingchi, sovg‘a qilgan chopon yoki o‘sha matoni sovg‘a egalari kiyadimi? Yo‘q, sandig‘ida yillar davomida turaveradi. Bu, ya’ni sizning ishlab topgan pulingiz kerak emas bir matoga aylanib, hech narsaga yaroqsiz holda sandiqda yotibdi, degani. Endi tasavvur qiling, O‘zbekistonda har bir xonadonda xuddi shunday choponu va matolardan iborat sandiqlarni... Agar ularni bir joyga to‘plasangiz, eng katta bozorga ham sig‘may ketsa kerak. Minimalizm o‘zi nima? Joshua Bekker nima uchun aynan shu mavzuga qo‘l urgan?

Minimalizmni oddiy turmush tarzi falsafasi deyishadi 

Joshua Bekker «Minimalizm — bu biz eng yaxshi ko‘rgan narsalarni ongli ravishda targ‘ib qilish va bizni ulardan chalg‘itadigan har bir narsadan voz kechishdir», deydi. Sizga hayotda eng qadrli bo‘lgan narsani aniq tushunishga asoslangan minimalizmning ajoyib ta’rifi. 

Minimalizm haqida noto‘g‘ri tushunchalar ham mavjud. Bir xillar minimalizm deganda bor narsani tashlab yuborishni tushunishadi.

Lekin sizning hayotingiz uchun hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan narsalardan xalos bo‘lish orqali boshqa narsalarga erishish mumkinligini o‘ylab ko‘ring. Siz keraksiz narsalardan qutulish orqali ko‘proq vaqt, makon, osoyishtalik, erkinlikka erishishingiz mumkin ekan.

Minimalizm kam narsalaringiz bo‘lishini anglatmaydi — bu eng muhim narsalar uchun ko‘proq joy demakdir. Minimalizm — bu siz foydalanmaydigan yoki sizga kerak bo‘lmagan va shunchaki joy egallab yotgan narsalardan xalos bo‘lishni anglatadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, minimalist bo‘lish juda oson. Siz tozalashga, narsalarni tartibga solishga, narsalarni topishga, ularni ta’mirlashga, joydan joyga ko‘chirishga ozgina vaqt sarflaysiz, ya’ni hayotingizni soddalashtirasiz.  

Ko‘pchilik minimalizmni oddiylikka qiyoslashadi. Aslidayam shunday. Oddiylik — bu tejamkorlik, shuningdek pulni tejash imkoniyatlarini izlashdir. Ya’ni xaridga nisbatan ongli munosabatda bo‘lishni o‘rganishingiz mumkin. Manbalarda keltirilishicha:

Vaqtingiz ko‘payadi

Siz sarf xarajatni kamaytirish evaziga yaqinlaringiz bilan o‘tkazadigan sehrli daqiqalarni ko‘paytirishingiz mumkin. Siz sotib olgan narsalardan ko‘ra, sehrli daqiqalar uzoq vaqt davomida eslab turiladi. Minimalist turmush tarzi va fikrlash asosida aynan shu g‘oya yotadi. Bugungi axborot olamida internetdan xarid qilish va shunchaki nima sotib olmoqchi ekaningizni o‘ylash uchun ko‘p vaqt sarflashni to‘xtatasiz. Buning o‘rniga, sizga yoqadigan mashg‘ulotlar uchun vaqt ajratasiz.

Pulingiz ortadi

Minimalistga aylansangiz bu sizning pulingizni yanada mas’uliyat bilan sarflashni boshlaganingizni anglatadi, faqat kerakli narsalarni va ba’zida quvonch keltiradigan narsalarnigina sotib olasiz va siz tabiiy ravishda pulni tejaysiz.   

Xotirjamlik kuchayadi

Qancha uyingizda ortiqcha narsa bo‘lmasa, ruhiyatingiz shuncha tinch bo‘ladi. Sizda faqat sizga yoqadigan narsalar bo‘lsa, uyingiz chindan ham dam oladigan joyga aylanadi. Birinchidan, sizning fikringiz endi yangi xaridlarni qidirish bilan band emas. Ikkinchidan, sizda mavjud bo‘lgan narsalar ularni to‘g‘ri holatida saqlash uchun juda kam vaqt talab etadi. 

O‘tmishdan ozodlik

O‘zingizning barcha narsalaringizni birinchi marta sinchkovlik bilan ko‘rib chiqsangiz, bu narsalarning ko‘pchiligiga bog‘liqlik aniq bo‘ladi. Ushbu narsalarning aksariyati endi qiymat yoki quvonch keltirmasligini unutmang. Sizni xursand qilmaydigan narsadan xalos bo‘lmaslik esa  qat’iyatsizlik belgisidir. Va bu qat’iyatsizlik sizni chinakam xohlaganingizdek yashashingizga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun, endi hayotingizga qiymat keltirmaydigan hamma narsadan voz keching — va siz yangi narsalar uchun eshiklar qanday ochilishini sezasiz.

Ekologiyaga foydasi bor

Barcha narsalaringizni tekshirganingizda, asta-sekin qaysilarini tark etishni va xalos bo‘lishni xohlayotganingizni aniqroq anglay boshlaysiz. Narsalardan xalos bo‘lish, agar ular hali ham kimgadir xizmat qilishlari mumkin bo‘lsa tashlamang. Narsalaringizni berish yoki sotish orqali siz nafaqat birovni xursand qilishingiz, balki ozgina pul ishlashingiz ham mumkin. Va atrof-muhit uchun ham foydali, chunki odamlar o‘z narsalarini axlatxonaga yuborish o‘rniga, ularga ikkinchi umr berishadi. Bundan tashqari, yangi xaridlarga nisbatan ko‘proq mas’uliyatli bo‘lish orqali siz resurslarni tejashingiz mumkin.

Sog‘liqqa ham foydali

Stress miqdori kamayganligi sababli, bo‘sh vaqtingiz oshgani sayin, sizning farovonligingiz tabiiy ravishda yaxshilanadi.  Siz tanangizni va sog‘lig‘ingizni yangicha qadrlashni boshlaysiz va unga g‘amxo‘rlik qilishni xohlaysiz. Fitnesingizni yaxshilashga yordam beradigan yangi gadjet sotib olish o‘rniga, shunchaki sayr qilish yoki jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanasiz.

O‘zingizga ishonch ortadi

Inson istaklarining chegarasi yo‘q. Siz har doim yaxshiroq, yangi va chiroyli narsaga ega kishini topishingiz mumkin. Biroq, siz mentalitetingizni minimalistikka o‘zgartirsangiz, o‘zingizning qadringizni egalik qiladigan narsalar bilan bog‘lashni to‘xtatasiz. Siz boshqa odamlarning narsalariga e’tibor berishni to‘xtatasiz. Sizda o‘zingizga, o‘z qarashlaringiz va qadriyatlaringizga ishonch uyg‘onadi — ushbu doimiy poygani to‘xtatasiz va ozodlikka erishasiz.

Endi katta-katta muvaffaqiyatlarga erishgan mashhur odamlarning hayot tarziga e’tibor bering-a. Chunki ko‘pgina muvaffaqiyatli odamlar ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydilar va hayotda uyg‘unlikka intilishadi.

Masalan programmist, milliarder, filantrop Mark Sukerbergning qimmatbaho buyumlarning  ulkan shkafini yig‘ish va uni  dunyoga namoyish etish imkoniyatiga ega, lekin u oddiy  kiyimlarni afzal ko‘radi. Uni tez-tez odatdagi kulrang futbolka kiygan holda ko‘rish mumkin. Sukerberg 2014 yilgi intervyusida: «Men haqiqatan ham jamiyatga qanday qilib eng yaxshi xizmat qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan savollar sonini kamaytirish uchun hayotimni tozalamoqchiman. Haqiqatan ham ahmoqona yoki yengiltak narsalarga kuch sarf qilsam, o‘z ishimni bajara olmasligimni his qilaman», degandi. 

IT sohasidagi yana bir daho Stiv Jobs ham  minimalizm tarafdori edi. U doimo sodda kiyingan, uyida uning deyarli mebellari yo‘q edi, faqat zarur narsalar bo‘lgan. Stiv Jobsning dizayndagi minimalist yondashuvi Apple mahsulotlarida ham aks etdi.

Stiv Jobsning shiori: «Konsentratsiya va soddalik bu mening mantranim. Oddiylikka erishish murakkablikdan ko‘ra qiyinroq. Aniq fikr yuritishni boshlash va biron oddiy ishni bajarish uchun ko‘p ishlash kerak».

Sobiq mashhur aktyor Xayden Kristensen 37 yoshida vatani Kanadaga qaytishga qaror qildi. Hozir u oilasi bilan fermada yashaydi va pichan tayyorlaydi. U ortiqcha narsadan voz kechish orqali biz ko‘proq narsani olamiz degan nazariyani yana bir bor tasdiqlaydi.

Amerika kinoaktyori va rejissyori, «Oskar», «Oltin globus» mukofotlari sovrindori Rassel Krou  qimmatbaho mashinalar bilan ulkan qasrda yashash hashamatini tark etdi. U orzusini ro‘yobga chiqardi va oilasi bilan Avstraliyaga ko‘chib o‘tdi. Ular endi kichik fermerlar shaharchasida yashaydilar.«Men Avstraliyada bemalol yashayman. Sidneyda eng yaxshi narsalar bepul: quyosh bepul, port va plyaj hamma uchun bepul».

Mashhur aktyor Kianu Rivzni metroda uchratishlari mumkin. Pul u uchun hayotining mazmuni emas. U butunlay boshqacha qadriyatlarga ega. Shu sababli, Kianu Rivz saraton kasalligiga qarshi kurashish fondini tashkil qildi va muntazam ravishda muhtojlarga, kam ta’minlanganlarga xayriya va sovg‘alar qiladi.

Aktrisa va proyusser Sara Mishel Gellar turmushga chiqqach hayotini tubdan o‘zgartirdi, bor e’tiborini oilasiga qaratdi. Sara onasining o‘rgatganlarini esladi: do‘konlarda chegirmali kuponlardan foydalaning va faqat kerakli narsani sotib oling. U qimmatbaho kiyimlarni sotib olishning ma’nosini ko‘rmaydi va o‘z-o‘ziga yordam berish uchun restoranga borishdan ko‘ra sayohatga chiqishni afzal ko‘radi.

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring