Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu dunyoda ko‘rmagan go‘zalliklarimni jannatlarda ko‘raman, inshaalloh! (video)

Shahrixonning «Naynavo» qishlog‘ida bir shoir yigit bor.

Aqlli, zukko, qobiliyatli, har tomonlama intiluvchan va hamisha kulib turadi. U bilan gaplashib zerikmaysiz. Qishlog‘idagi eng so‘nggi yangiliklaru, jahon ayvonida sodir bo‘layotgan voqealargacha, texnika olamidagi kashfiyotlaru, yangi chop etilgan kitoblargacha hammasidan sizni xabardor qiladi. Turli latifalar to‘qib gapirib, ichaklaringizni uzadi. Hali to‘garakka ketgan, hali qaysidir tadbirda, hali mashinkasini chiqillatib she’r yozayotgan, hali kompyuterni titkilayotgan. Andijonda uning bormagan kutubxonasi, o‘qimagan kitoblari deyarli qolmagan. Universitet talabasi, bo‘lg‘usi pedagog go‘zal she’rlar, hajviyalar yozadi. Kitoblari bir necha bor chop etilgan. She’rlarida dard, muhabbat, sadoqat, ezgulik, Yaratganga iltijo, shukronalik, hammasi bor. Va... bu she’rlar igna bilan yozilgan.

Ha, «biri kam dunyo», deb shunga aytsalar kerak-da. Bu o‘ktam, hayotga chanqoq yigitning ko‘zlari —tug‘ma ojiz.

Yaratgan hech kimni farzandi bilan sinamasin ekan. Go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan egizak qizlaridan keyin Odinaxon va Davronbek Yuldashevlarga yana ota-onalik baxti nasib etdi. Er-xotin chaqaloqqa umid bilan Zokirjon deb ism qo‘ydilar. Ammo...

— 7 oylik bo‘lgunicha o‘g‘limizning ko‘zlari ojizligini sezmaganmiz, — deydi Odinaxon Yuldasheva. — Atrofdagi harakatlarga hech qanday reaksiya bildirmayotganini ko‘rib tekshirtirsak, shunaqa holat. Bormagan do‘xtirimiz, yotmagan  shifoxonamiz qolmadi hisob. Hatto, Moskvadagi ko‘z sohasining yetuk mutaxassislarigacha olib bordik. «Ko‘z gavharining ortida o‘simta bor, shu ko‘rish funksiyasiga halaqit beryapti. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazish mumkin, ammo, 5 foizgina kafolat bera olamiz!» deyishdi. Dadasi o‘zi shifokor bo‘lgani uchun, asoratlarini o‘ylab rozilik bermadi. Ne qilaylik, taqdirning yozug‘i shu ekan.

Ziyoli oila bu sinovlarni taqdirning in’omi, Yaratganning hikmati sifatida qabul qildi. Yolg‘iz farzandining kelajagi uchun bor imkoniyatlarni ishga soldi. Dunyoni anglash, uni his etish istagidagi sho‘x bolakay ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan maxsus brayl yozuvida  ta’lim oldi. Ilmga chanqoq qalbi bilan barchasini o‘zlashtirdi. Bilim olishga, kitob o‘qishga butun vaqtini sarfladi.

Har bir insonning yashirin, individual qobiliyati bo‘ladi. Zokirjonga ham tug‘ma iste’dod, qalam in’om etilgan edi. She’riyatga oshufta yigit she’rlar yoza boshladi. Ijodkorlarning adabiy to‘garaklariga borib qalami charxlandi.

Bugun men sabrning ajri, mukofoti bo‘lishiga chin dildan ishondim. Chunki, buni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Zokirjon bilan «Iqbol» gazetasida ishlab yurgan kezlarim tanishgandim. O‘sha paytlar u tahririyatga she’r ko‘tarib kelib turardi. Gohida dadasi bilan, gohida yolg‘iz o‘zi. «Ko‘zlari ko‘rmasa, yo‘lni qanday topib kelarkin?», «Uyiga eson-omon yetib oldimikan?», deb xavotirlangan onlarim ko‘p bo‘lgan. Ammo, Zokirjon tirishib-tirmashaverdi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, orzulariga sabru matonati bilan mana, birin-ketin erishyapti.

Andijon Davlat universitetiga o‘qishga kirdi, hademay o‘zi yoqtirgan sohaning diplomini oladi. Ayni kunlarda Shahrixon tumanidagi 41-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga ona tili va adabiyoti fanidan dars beryapti.

Viloyat ijodkorlarining «Nafosat» klubi a’zosi, «Ozor berma dilimga», «Olisdagi muhabbatim», «Shukrona» kitoblari muallifi.

Soliha qizga uylandi, sog‘lom o‘g‘illi bo‘ldi. Odina opa bilan Davron aka ham 30 yillik sabrlarining mevasini totishyapti. Nabirasini yeru ko‘kka ishonishmaydi.

— Ko‘zim ojizligi orzularimga erishishimda hech qachon to‘siq bo‘lmagan! – deydi Zokirjon. – Men buni dard emas, baxt sifatida qabul qilaman. Muhimi, qalb ko‘zi ko‘r bo‘lmasin! Bu dunyoda ko‘rmagan go‘zalliklarimni jannatlarda ko‘raman, inshaalloh!

Muazzam IBRAGIMOVA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring