Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu kasallik O‘zbekistonda avj olib bormoqda» (video)

«Bu kasallik O‘zbekistonda avj olib bormoqda» (video)

Butun dunyoda operatsiyalar soni jihatidan ham, davolanayotgan bemorlar soni jihatidan ham o‘t-tosh kasalliklarining soni ortib bormoqda. Bu haqda «Z-hospital» klinikasining shifokor-jarrohi, professor Zarifboy Yangiboyev «Shifobaxsh» kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

O‘t-tosh kasalliklari ortgan

Avallari jarrohlik amaliyotida «ko‘richak» kasalligi eng ko‘p uchragan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib o‘t-tosh kasalliklari soni ortgan. Bu tendensiya nafaqat O‘zbekistonda balki butun dunyoda avj olib bormoqda. Operatsiyalar soni jihatdan ham, davolanayotgan bemorlar soni jihatdan ham o‘t-tosh kasalliklarining soni yuqori.

Kelib chiqish sabablari

O‘t-tosh kasalliklariga o‘t qopining kimyoviy buzilishi, meyoridan ortiq yog‘li ovqatlanish sabab qilib ko‘rsatiladi. Ba’zan o‘ta och yurish yoki o‘ta to‘yib ovqat yeyish ham o‘t-tosh kasalligiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, kamharakatlik, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmaslik o‘t-tosh kasalligini chaqiruvchi sifatida qaraladi.

Belgilari:

  • ovqat hazm bo‘lmaslik;
  • o‘ng qovurg‘a ostida sanchiq paydo bo‘lishi:
  • qovurilgan, og‘ir ovqat yegandan so‘ng o‘t qopida og‘riq paydo bo‘lishi;
  • ko‘ngil aynish;
  • jig‘ildon qaynash, kekirish;
  • ich dam bo‘lishi.

Davolash

Afsuski, bu kasallikni davolashda noto‘g‘ri yondoshuvlar bor. Masalan, o‘tda tosh paydo bo‘lgan payti «toshni eritaman, tushiraman» degan mutaxassislar ham uchrab turadi. Bunday davo tadbirlari faqat vaqtincha yordam berishi mumkin.

Afsuski, bemorlarning 70 foizi og‘riqlar takror-takror kuzatilganda, tosh o‘t yo‘lidan o‘tib ketganidan keyin va buning oqibatida og‘ir darajasiga o‘tgandan keyin shifokorga murojaat qiladi. Agar bemor o‘z vaqtida shifokorga uchrasa, operatsiya 10-15 minutdan oshmaydi. Aksincha, kasallik o‘tib ketganidan keyin, og‘irlashgan holatda operatsiya qilinsa, amaliyot soatlab cho‘zilib ketishi mumkin. Va uning natijasi hamisha ijobiy bo‘lavermaydi.

O‘t-tosh kasalliklarini to‘g‘ri davolash uchun o‘tni ichakka quyilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish kerak. Aks holda o‘tqopi yoki tosh olingani bilan 30-40 foiz, ba’zan 50 foizgacha bemor tuzalmasligi mumkin. O‘t qopida tosh paydo bo‘ldi, degani uni borib oldirib tashlasin, degani emas. O‘t qopida tosh bilan bir necha o‘n yillab yashab yurganlar bor. Aytish kerakki, o‘tda tosh bilan yashagandan ko‘ra, uni o‘z vaqtida oldirib, darddan ertaroq forig‘ bo‘lgan afzalroq.

Oldini olish

Birinchi navbatda, to‘g‘ri va tartibli ovqatlanish o‘t-tosh kasalliklarini oldini oladi. Jismoniy tarbiya bilan doimiy shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilganlarda o‘t-tosh kasalliklari deyarli uchramaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring