Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu – mamlakat kelajagiga bolta urish bilan barobar!» Sherzod Qudratxo‘jayev jiddiy muammolarga munosabat bildirdi

«Bu – mamlakat kelajagiga bolta urish bilan barobar!» Sherzod Qudratxo‘jayev jiddiy muammolarga munosabat bildirdi

Foto: Xalqaro press klub

Deputat va senatorlarimiz qachon chinakam ma’noda xalq vakiliga aylanadi? Siyosatga aralashuvdan hadiksirashimiz sababi ne? Mamlakatimiz ilm-fanida mualliflik huquqi va olimlik axloqi talablariga qay darajada rioya etilmoqda? O‘zJOKU rektori, siyosatshunos  olim  Sherzodxon Qudratxo‘jayev bilan  suhbatda shu kabi dolzarb masalalar muhokama etilgan.

– Davlat hokimiyatining uch bo‘g‘ini – qonunchilik, ijroiya va sud hokimiyati biri biriga ko‘z-quloq bo‘lib faoliyat yuritishi lozim. Fuqarolik jamiyatini barpo etishda, ayniqsa, parlament zimmasiga zalvarli yuk tushadi. Afsuski, yangi saylangan parlamentimiz hozircha ijroiya hokimiyati ustidan yetarli nazorat o‘rnata olmadi, korrupsiya singari hayot-mamot ahamiyatiga ega muammolarni hal etishda ham deputatu senatorlar faolligi sezilmayotir. Barmoq bilan sanarli deputatlarni inobatga olmaganda, ko‘p sonli xalq noiblarining bor-yo‘qligi ham bilinmayapti. Ayrimlari esa, “Meni siz saylamagansiz, mendan amaliy ko‘mak kutmang” qabilida bayonot berib, allaqachon elektorat hafsalasini pir qildi. Dunyodagi nufuzli tahlil markazlaridan biri – Standard & Poor’s agentligi O‘zbekistonga bag‘ishlangan so‘nggi hisobotida ham aynan institutsional vaziyatni tanqidiy baholadi. Agentlik xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizda muhim qarorlar markazlashgan holda qabul qilinmoqda, hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati zaif. Sherzodxon aka, deputat va senatorlar chinakam ma’noda xalq vakiliga, Oliy Majlis esa ijroiya tizimini jilovlab turadigan qudratli idoraga aylanishi uchun yana qancha qovun pishig‘i bor deb o‘ylaysiz?

– Avvalo, savolning bunday tarzda berilishini yoqlamayman. To‘g‘ri, hali parlamentimiz biz orzu qilgan, dunyodagi nufuzli tahlil markazlari belgilagan qay bir mezon-standartlarga to‘liq javob beradigan darajaga yetgani yo‘q. Hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi tiyib turish va o‘zaro manfaatlar muvozanati ham bir qadar zaif bo‘lishi mumkin. Lekin bir jihatni unutmasligimiz kerak: biz qariyb chorak asr xalq hokimiyatchiligi haqida bong urdik, yo‘limizning to‘g‘ri va demokratik ekanini ta’kidlashdan charchamadik. Amalda esa “demokratiya-demokratiya” o‘yinini o‘ynadik, xolos. Boshqaruv uslubimiz nafaqat markazlashgan shaklda, balki bir shaxs yakkahokimligi, barcha o‘zgarishlarga uning o‘zi bosh-qosh bo‘lishi tamoyiliga bo‘ysundirilgan edi. Mustaqillikning dastlabki og‘ir davrlarida bu yo‘l o‘zini oqlaganini inkor etmayman. Ammo mazkur uslub keyingi yillar uchun tamoman zararli bo‘ldi. Shunday siyosiy tizim, siyosiy elita yaratildiki, pirovardida boshqaruvning barcha institutsional shakllari asta-sekin falajlandi. Siyosiy hayot ham shunga muvofiq tarzda kechdi.

Oqibatda nima bo‘ldi? Odamlar siyosatga ishonmay qo‘ydi. Siyosatga qiziqish-da so‘ndi. Odamlar saylovga nomigagina boradigan bo‘ldi. Xonadonning bittagina vakili butun boshli oila uchun saylov uchastkasida o‘tirgan qay bir vallamat ko‘rsatgan nomzodga ovoz berdi. Ko‘p sonli aholi saylovga chiqmas, “baribir kimning saylanishi aniq-ku” degan qarash keng tarqalgan edi. Jamiyat a’zolari davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqidan avvaliga elita tarafidan mosuvo etilgan bo‘lsa, keyinchalik o‘zini o‘zi chetga tortdi.

Bu hol 2016 yilga kelib o‘zgargan bo‘lsa, 2019 yil dekabr oyidagi parlament saylovi vaziyat mutlaqo boshqa o‘zanga burilgani, siyosiy jarayonlarda oddiy fuqarolarning faolligi kuchayganini ko‘rsatdi. Men bunga Markaziy saylov komissiyasining a’zosi sifatida shaxsan guvoh bo‘ldim va o‘zgarishlardan g‘oyat quvondim.

“Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan oxirgi saylov xalqimizning ongu tafakkuri, siyosiy bilimi va madaniyati o‘sib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar izchil qaror topib borayotganini isbotladi.

So‘nggi saylovda beshta partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar sog‘lom siyosiy raqobat muhitida kurash olib bordi. Jonli teleefirdagi debat-tortishuvlarda nomzodlarning dasturi jiddiy tahlil-taftish qilindi; tanqidiy fikrlar, qarama-qarshi yondashuvlar ochiqchasiga aytildi. Partiya vakillari o‘z dasturini ommaga sodda, tushunarli tilda bayon etdi. Partiyalarning strategik maqsadlari mushtarak bo‘lsa-da, uni ommaga taqdim etishda turfa shakllardan foydalanildi.

Endi o‘zingiz ayting, loaqal 2014 yilgi parlament saylovida muammolar ochiq aytiladigan ana shunday muhitni tasavvur qila olarmidik? Yo‘q, albatta.

Xalqimizning “musulmonchilik astalik bilan” degan hikmatini yaxshi ko‘raman. Ya’ni har bir voqelik pishib yetilgach, tabiiy marom bilan yuz berishi kerak. Arablar esa, “Kechikish  –  kulfatdir” deydi. Ha, demak, qo‘l qovushtirib o‘tirish ham yaramaydi. Partiyalar, siyosatshunoslar, jamiyat – hammamiz bir mushtga do‘nib, ezgu maqsadning tezroq ro‘yobga chiqishi uchun harakat qilishimiz lozim. Sirasini aytganda, vaziyatning pishib yetilishini ilmiy yondashuv asosida jadallashtirishimiz kerak.

Atoqli davlat arbobi Teodor Ruzvelt ta’kidlaganidek, “Faqat hech bir ishga qo‘l urmaydigan odamgina xato qilmasligi mumkin. Xato qilishdan emas, balki uni takrorlashdan qo‘rqish kerak”. Yuqori doiralar hozirlab bergan “demokratiya” xalqqa mutlaqo foyda keltirmasligi borasida achchiq tajribamiz bor. Alqissa, tashabbuslar xalqning o‘zidan chiqishi, o‘zgarishlar fuqarolar ongu tafakkuri o‘sishi ortidan yuz bermog‘i muhimdir.

– G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasida qiziq bir lavha bor. Hoji boboning takyasi. Giyohvandlar manqaldon atrofida tizilgancha, “Germon degani baloi azim ekan, farang shahriga osmondan to‘p tashlabdi” deya siyosatdan lof urib o‘tirgan mahal Qoravoy kishibilmas ko‘mib qo‘ygan shisha portlab ketadi. Shunda Hoji bobo “Sizlarga hukumatning ishiga aralashmanglar demaganmidim” deya yozg‘iradi. “Shum bola” yozilganiga necha zamonlar o‘tdi. Ammo keng ommaning siyosatga munosabati o‘zgarmagandek. Ota-onalarimiz hali ham “siyosatga aralashma” deya qulog‘imizga quyishadi. Rossiyalik taniqli videobloger Yuriy Dud Iosif Stalin siyosatiga bag‘ishlangan hujjatli filmida rus xalqining saltanat egalaridan qo‘rquvini shafqatsiz qatag‘onlar bilan bog‘laydi. Ham siyosatda suyagi qotgan jurnalist, ham mazkur sohada ilmiy izlanish olib borayotgan olim sifatida ayting-chi, bizning siyosatga aralashuvdan hadiksirashimiz sababi ne?

– Inson so‘zining lug‘aviy ma’nosi “unutguvchi”dir. Zamonaviy ruhiy tahlil (psixoanaliz) ilmida inson xotirasi his-tuyg‘ularga chambarchas bog‘liq ekani isbotlangan. Tuyg‘ularimizga kuchli ta’sir etgan yaxshiligu yomonlik ongosti xotiramizga o‘rnashadi. Qiziq jihati, bizga yaxshilik qilganlarni darrov esdan chiqaramiz, ammo zulm, zolim va qo‘rquv hech qachon unutilmaydi. To‘g‘ri, inson erkinlikni teran his etgani sari qo‘rquvni yenga boradi; lekin ongimizdan siqib chiqarsak-da, u ongosti shuurimizga yashirinadi va qulay vaziyatda yuzaga chiqadi.

Yosh bolalar nega chaqmoq yoki shamoldan qo‘rqadi? Chunki ularning xotirasi oppoq qog‘ozdek toza, chaqmog‘u shamolni o‘zicha xatarnok deb biladi. Tabiat hodisalari mohiyatini anglay boshlagach esa qo‘rqmay qo‘yadi. Buyuk faylasuf Hegel “Bilimsizlik – erksizlikdir” degan. Ha,  inson borliq qonuniyatlarini bilib borgani sayin o‘zini erkin his eta boshlashi shundan. Demak, tabiat va jamiyat qonuniyatlarini faqat ilm orqaligina kashf etish mumkin. Siyosat masalasida ham shunday...

Bir necha oy oldin Xalqaro press-klub dasturida qatag‘on qurbonlari mavzusida salmoqli izlanishlar olib borayotgan akademik Naim Karimov bilan suhbatlashdik. O‘sha ko‘rsatuvni ko‘rishni tavsiya qilgan bo‘lardim, chunki unda aytilgan fikrlar, keltirilgan faktlar Yuriy Dudning hujjatli filmidagidan ziyod bo‘lsa ziyodki, aslo kam emas. Ustoz adabiyotshunos suhbat davomida necha o‘n yillar mobaynida temir sandiqlarda saqlangan, istiqlol davriga kelibgina yuzaga chiqqan hujjatlarga tayanib, o‘tgan asrning 30-yillarida millatimizning asl farzandlari qanday qirib yuborilgani haqida so‘zlab berdi. Qatag‘on davrida siyosatga aralashganlarni qo‘yaturaylik, “xalq dushmani” deya badnom qilinganlar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirganlar ham urug‘-aymog‘i bilan surgun qilingan, qamoqqa tashlangan. Shu tariqa xalqimiz siyosiy masalalarni muhokama qilish, umuman, siyosat haqida gapirishdan yurak oldirib qo‘yadi.

Bir eslang-a, siz tilga olgan “Shum bola” asari qachon yozilgan o‘zi? Ha, balli, 1935  –  1936-yillar. Hali Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev singari arboblarimiz vatanni Sovet Ittifoqidan ozod qilish haqidagi g‘oyalarini oshkor etmagan, mustaqillik uchun harakatlar boshlanmagan, hali ziyolilarimiz sobiq markazga “O‘zingiz yozgan Konstitutsiyaga binoan ozodlik istaymiz!” deya dadil gapirmagan davrda! Kim bilsin, yozuvchi o‘sha syujet orqali “siyosatga aralashma, oqibati voy” demoqchi bo‘lganmikan?

Mixail Gorbachyovning “qayta qurish”i davrida nafaqat biz, balki boshqa sovet respublikalarida ham aholining siyosiy faolligi kuchaydi. Kompartiyaga muqobil partiyalar tuzildi. Ziyolilar xalqning siyosiy ongini oshirish, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi uchun kurashga kirishdilar. Ammo... bu harakatlar tez fursatda barham topdi. Tobora ihotalanib borgan mamlakat alaloqibat hamma uchun bir odam o‘ylashi, hamma uchun bir odam qaror qabul qilishidek nomaqbul yo‘ldan ketdi. Jahon tarixidan ma’lumki, bu hol hech qachon yaxshilik keltirmagan. Alhosil, biz nafaqat Stalin qatag‘onlari, balki yaqin o‘tmishimizdagi “Davlat bu – men!” degan qarash asorati tufayli ham siyosatga aralashish va o‘zimiz uchun o‘zimiz qaror qabul qilishdan qo‘rqib qolgan edik.

Xalqning siyosiy madaniyatini oshirish uchun esa hali ko‘p ish qilinishi kerak deb hisoblayman. Buning uchun siyosatchilarning o‘zi sog‘lom tanqidga tanti, bardoshli bo‘lmog‘i darkor. Konstitutsiyada belgilangan erkinlikdan foydalanib siyosat borasida fikr aytgan fuqaro ta’qib etilmasligi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda boshboshdoqlik, qonunsizlik avj olmasligi, manfaatlar muvozanati qaror topishi uchun ommaviy axborot vositalari emin-erkin faoliyat yuritmog‘i lozim. Ana shundagina odamlar siyosatga aralashish, boshqaruv jarayonlarini muhokama qilish, nima yaxshiyu nima yomon ekanini baralla aytishdan hadiksiramaydi.

– Globallashuv va yangi mustamlakachilik (neokolonializm) davri millat sifatida o‘zbeklarni ham jiddiy imtihondan o‘tkazmoqda. Serdolg‘a zamonimizda milliy o‘zlikni asrash, siyosiy mustaqillikni saqlab qolish oson kechmasligi kundek ravshan bo‘lib borayotir. Achchiq haqiqat shuki, avval chor Rusiyasi, keyin sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan yurtimiz mustaqillikka erishganidan buyon qariyb 30 yil o‘tsa-da, hali-hamon postkolonial tafakkurdan to‘liq xalos bo‘la olmadik. Bunga amin bo‘lish uchun ijtimoiy tarmoqda o‘zbek tilining maqomi borasida kechayotgan bahs-munozaralarni kuzatishning o‘zi kifoya. O‘z tili va madaniyatidan or qilayotgan hamqavmlarimizning qiylu qolini o‘qib, ulug‘ ma’rifatparvar Abdurauf Fitratning “Bu shunday millatki, haqini g‘orat etsalar, o‘zi ana shu yag‘mogarlar oyog‘iga bosh qo‘yishni fazilat deb biladi” degan tanbehi yodga keladi. Darvoqe, o‘zingiz ham davlat tili himoyasi borasida bildirgan fikrlaringiz uchun ijtimoiy tarmoqda xo‘b malomatga qoldingiz-ku... Sizningcha, postkolonial tafakkur, mutelik ruhiyati, inilik (ukalik) kayfiyatidan qutulishimizga nima xalal beryapti?

– Meni ijtimoiy tarmoqda bir necha yuz chog‘li kishi malomat qilgandir, ammo bu butun boshli xalq bugun ukalik kayfiyatida yuribdi deb aytishga asos bo‘lolmaydi. Qolaversa, til masalasidagi tortishuvlar qachon tinibdi deng. Qay bir mamlakatga qaramang, til masalasida kelishmovchilikni ko‘rasiz. Nafaqat postsovet, balki postkolonial davlatlarning har biriga xos holat bu. Masalan, Lotin Amerikasida ispan va portugal tillari, Afrikaning shimoliy qismida fransuz tili, Janubi-sharqiy Osiyoda ingliz tili, Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida rus tilining ta’siri shu jihatdan ancha kuchli.

Xalqimiz mutelik ruhiyatidan, ukalik (inilik) kayfiyatidan qutulolmayotgani haqidagi iddaongiz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tegrasidagi gap-so‘zlar yuzasidan bo‘lsa, bu borada hammaga allaqachon ma’lum bo‘lgan bir jihatni aytib o‘tishni istardim. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2006 – 2016-yillarda O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 500 mingdan 1 milliongacha ish o‘rni ochilganiga qaramasdan, mamlakatimiz Rossiya va boshqa qo‘shni davlatlarga arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi o‘lkaga aylanib qolgan edi. Istaymizmi-yo‘qmi, Rossiyaga borib ishlovchi yurtdoshlarimizning aksariyatida inilik tuyg‘usi, rus millatiga birodarlarcha munosabat shakllangan. Ammo bu ular ongida qullik kuchayganini anglatmaydi.

Masalaning iqtisodiy jihatiga nazar tashlaylik. Davlatimiz rahbariyati bugun xalqqa nima foydayu nima zarar ekanini nazarda tutgan holda siyosat yuritmoqda. Xususan, “YeOIIga kuzatuvchi yoki to‘laqonli a’zo bo‘lish bizga nima beradi?”, “Aholi uchun qay biri ko‘proq manfaatli?” degan savollar bo‘yicha tajribali iqtisodchilar bildirayotgan fikrlarga quloq tutilayotir. Yana bir omilni e’tiborda tutish kerak: asosiy savdo hamkorlarimiz bo‘lgan YeOII mamlakatlari bugun biz bilan savdo aloqalarini mazkur tuzilmaning nizom va qoidalari asosida o‘rnatmoqda. Mahsulotlarimiz uchun tayyor bozor ham shu mintaqa. Import mahsulotlarning asosiy qismi ham aynan YeOIIga a’zo davlatlar orqali kirib keladi. Xo‘sh, bunday sharoitda biz xuddi kechagidek xalq manfaatini chetga surib, shaxsiy g‘ururimizga tayanib ish tutamizmi yoki odamlar uchun ko‘proq naf keltiradigan yo‘lni tanlaymizmi? O‘zbekistonning ushbu tuzilmaga kuzatuvchi davlat maqomida qo‘shilish niyatida ekanining o‘zi ham bu savolga yanada aniqroq javob topish, kelgusi maqsad-mo‘ljallarni ravshanlashtirib olish istagining kuchli ekanidan.

“Non avvalgidek 35 tiyin bo‘ladi” desa, g‘ururni unutib, millatu davlatini sotishga tayyor turadigan, qorin-qursoq g‘amini dunyodagi barcha tashvishlardan ustun qo‘yadigan olomondan O‘zi asrasin! Ayni choqda, xalqni yanada qiyin ahvolga solib qo‘yishdan ham ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Bu – “oltin oraliq”ni topish talab etiladigan murakkab masala.

Til masalasiga qaytsak. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda davlat tili maqomini oshirish bo‘yicha talay ishlar qilinyapti. Barcha rasmiy tashkilot va idoralarda hujjatlarning davlat tilida yuritilishini nazorat etishga mas’ul bo‘lgan maslahatchi lavozimining ta’sis etilishi, qonunchilik hujjatlarini avvalo o‘zbek tilida, so‘ng boshqa tillarda tayyorlash talabining qo‘yilishi ona tilimiz ahamiyati va nufuzini yanada oshiradi. Endi har birimiz oilada, ishda, ko‘cha-ko‘yda tilimiz obro‘sini ko‘tarishga intilishimiz kerak. O‘zbek bo‘laturib rus tilida gaplashishni afzal ko‘radiganlar, bolasini ruscha sinfga beradigan ota-onalar, taassufki, hali ham oz emas. Ammo men bu holatni ukalik kayfiyati yoki mutelik ruhiyatidan deb bilmayman. Bu shunchaki o‘z kori-amalining oqibatini o‘ylamaslik natijasidir.

– Karl-Teodor su Guttenberg bundan o‘n yillar avval Germaniyadagi eng boobro‘ siyosatchilardan biri edi. Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan arbob tez fursatda kansler Angela Merkelning o‘rnini egallashi kutilayotgan edi. Ammo matbuot janob Guttenberg huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasida boshqa olimlar fikrini o‘g‘irlaganini fosh etdi. Istiqboli porloq deya ta’riflangan arbob plagiatorlik – ko‘chirmakashlik ayblovidan keyin iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Siyosatchining ko‘p yillik “toat-ibodati” bir zumda yo‘qqa chiqdi. Olmon vaziri-ku bir necha iqtiboslar manbasi va muallifini aniq ko‘rsatmagani vajidan sharmisor bo‘ldi. Bizda esa butun boshli dissertatsiyalar o‘zga mualliflar tomonidan yozib berilgani haqida gap-so‘zlar yuradi... Sizningcha, mamlakatimiz ilm-fanida mualliflik huquqi va olimlik axloqi talablariga qay darajada rioya etilmoqda?

– Qo‘limda aniq dalil bo‘lmagan masalada hukm chiqarmaslikni ma’qul ko‘raman. Aslida, plagiatorlik bu – o‘g‘rilik. O‘g‘rilik dunyoviy jamiyatda ham, samoviy dinlarda ham qoralanadi. O‘zganing fikr yoki g‘oyasini “meniki” deya e’lon qilish, ya’ni ilmdagi ko‘chirmakashlik esa o‘g‘rilikning eng tuban ko‘rinishidir. Balki kimdir muayyan haq evaziga dissertatsiya yoki ilmiy risola yozib berar. Balki birovlar buni shunchaki o‘zaro kelishuv, savdolashuv deb bilar. “Fikr (g‘oya) meniki, uni istasam o‘zim e’lon qilaman, istasam boshqa birovga sotaman” deb o‘ylaydiganlar ham bordir. Afsuski, ular arzimagan pul evaziga ilmsiz, iste’dodsiz kaslarga fan saltanati eshiklarini lang ochib berayotganlarini tushunmaydi. Xo‘sh, o‘sha kimsa keyin nima qiladi? Avval-boshlab atrofiga o‘zi kabilarni yig‘adi. Kuch-quvvatga ega bo‘lgach esa,  tish-tirnog‘i bilan chinakam ilm ahliga qarshi kurashadi.

Hamma narsaga chidash mumkindir, ammo dissertatsiya-risola yozdirib, allakim qoralab bergan ma’ruzalarni akademik davralarda hijjalab o‘qib berguvchi, ilmning ko‘chasidan ham o‘tmagan “olim”larga toqat qilib bo‘lmaydi. Bu mamlakat va millatning kelajagiga bolta urish bilan barobar!

Texnika imkoniyatlari ortgan hozirgi zamonda ko‘plab davlatlarda plagiatlikni tezkor aniqlash bo‘yicha tizimlar faoliyat yuritayotir. Ammo ular ham birovning g‘oya yoki fikrini ko‘chirib olganlarga qarshi kurashadi, xolos. Moddiy manfaatdorlik evaziga o‘z fikri, g‘oyasini o‘zgaga sotadiganlarga qarshi zamonaviy texnika bilan ham kurashib bo‘lmaydi. Demak, qolgani – vijdon ishi.

– Afsuski, jamiyat muammolarini ko‘tarib chiqqan jurnalistlarni vatanbezorilikda ayblashdek xunuk illat hali yo‘qolganicha yo‘q. Sizga AQSh jurnalistika darsliklariga kiritilgan bir savol-jumboqni bermoqchimiz. Tasavvur qilaylik, jurnalist o‘zi mansub mamlakat mudofaa vaziridan intervyu olyapti. Ittifoqo, vazirga qo‘ng‘iroq bo‘ladi va u jurnalistdan uzr so‘rab bir muddat xizmat xonasini tark etadi. Kasbiy axloq talabiga ko‘ra mezbon hujjatlariga jurnalistning ruxsatsiz teginishi mumkin emas, albatta. Ammo ziyrak jurnalist vazirning ish stolida ochiq holda qoldirilgan qog‘ozga ko‘zi tushadi. “Mutlaqo maxfiy” tamg‘asi urilgan hujjatda bir necha kundan keyin qo‘shni mamlakatga urush e’lon qilinishi bayon etilgan edi. Xo‘sh, bu holatda jurnalist qanday yo‘l tutgani ma’qul? Qimmatli axborotni jamoatchilikka oshkor etishi kerakmi yoki vatanparvarlik talabiga ko‘ra maxfiy ma’lumotni sir tutishi lozimmi? Umuman, siz vatanparvarlikni qanday anglaysiz? Deylik, hukumat siyosatiga qarshi bo‘lgan jurnalistni vatanga xiyonatda ayblash to‘g‘rimi?

– Muayyan hukumat siyosatiga qarshi bo‘lgan jurnalistni vatanga xiyonatda ayblash har qanday demokratik mamlakatda nomaqbul ish deb baholanadi. Ammo bu borada ayrim mezonlar borki, ularga ham diqqat qaratish lozim. Masalan, jurnalist matbuotda biron bir muammoni yoritishga bel bog‘ladi-yu, shaxsiy bir iltimosi hal etilishi ortidan muammoni bosdi-bosdi qildi – unday jurnalistni vatanparvar deb bo‘lmaydi, albatta. Haqiqiy vatanparvar inson o‘z manfaatidan millati va mamlakati manfaatini ustun qo‘yadi.

Biz yaqin tariximizda xorijdan turib shaxsiy manfaat yo‘lida O‘zbekistonga tosh otganlarni ham; mamlakatda yashab, hukumat olib  borayotgan siyosatni xolis baholagan – kerak vaqtda e’tirof etgan, kerak paytda tanqid qilgan jurnalistlarni ham ko‘rdik. Jurnalistikani faqat maqtash, sharaflash deya biladigan hamkasblarimiz ham borki, ular milliy jurnalistika rivojiga chetdagi “do‘st”lardan-da ko‘proq ziyon keltirdilar.

“Mutlaqo maxfiy” ma’lumotning oshkor qilinishiga kelsak, avvalo, nima davlat sirini tashkil qiladiyu qanday axborotni bemalol tarqatish mumkinligi ustidagi bahslarni tezroq tugatib, qonunchilik hujjatlarini shunga moslashtirish davri keldi. Jurnalist faoliyat chegarasi qayerda tugashini aniq bilishi kerak. Aks holda, fikr-qarashlari birov-yarimga yoqmay qolgan har qanday jurnalist yoki bloger davlat sirini oshkor qilish bahonasida jinoiy javobgarlikka tortilishi hech gap emas. Bunga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

AQSh jurnalistika darsliklariga kiritilgan jumboq borasida har kim o‘zicha fikr bildirishi turgan gap. Men mamlakat qonunchiligi qanday yo‘l tutishni taqozo etsa, shunga amal qilish kerak, deb hisoblayman. Chunki qaynoq hissiyotlar emas, “sovuqqon” qonunchilik tizimigina eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladi.

Ammo boshqa bir masala ham bor-da: o‘sha urush millionlab begunoh insonlarning qoni to‘kilishi va hatto butun dunyo barqarorligi izdan chiqishiga olib kelsa-chi? U holda xalqni ham, dunyoni ham bu xatardan, hech shubhasiz, ogoh etmoq kerak. Demak, oqibatni nazarda tutgan holda yo‘l tutmoq darkor.

Bugungi pandemiya davri jurnalistlar zimmasiga qabul qilinayotgan qarorlarning xalqchilligini ta’minlash, davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishdek mas’uliyatli vazifalarni yuklamoqda. Ammo bu – xalq manfaatiga zid qarorlar qabul qilinsa ko‘z yumish kerakligini anglatmaydi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari har qanday holatda ham xalq manfaatlariga zid qaror yoki loyiha haqida bong urishi lozim.

– Mamlakatimiz mansabdorlarining so‘z erkinligiga ko‘nikishi xiyla og‘ir kechyapti. Afsuski, hali u-hali bu hududda jurnalistning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik bo‘lgani, OAV xodimi ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgani haqidagi noxush xabarlar tarqalmoqda. Hokimlarning ancha-muncha gunohi bitta “uzr” bilan yuvilib ketayotgan bir pallada endigina “tili chiqayotgan”, so‘z aytish mas’uliyatini o‘rganayotgan jurnalist va blogerlarga keskin choralar ko‘rilayotgani, an’anaviy matbuotga qaraganda erkinlik havosini ko‘proq simirayotgan internet saytlarida chop etilgan qaltisroq mavzudagi maqolalarning sirli ravishda o‘chayotgani… kishini o‘yga toldiradi. Jurnalistikamiz eski o‘zanga – uch-to‘rt yil avvalgi holatga qaytmasmikan, degan xavotirlar qanchalik asosli? Endi-endi baravj o‘sishga shaylanayotgan so‘z va matbuot erkinligi niholi bevaqt esgan shamolda sinib qolmasmikan?

– Biz necha o‘n yillar mobaynida “xalq hali demokratiyaga tayyor emas” degan qarashda yashadik. Ammo bizga so‘z, fikr erkinligi, qaltis savollarni ham bemalol aytish imkoni berilgach, ko‘rdikki, aslida bunga xalq emas, davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan aksar amaldorlarimiz tayyor emas ekan. Bu esa odamlarda “mana, bizni kimlar boshqaryapti” singari e’tirozlar uyg‘otgani ham bor gap.

Haqiqatni tan olishdan uyalmasligimiz, hayiqmasligimiz kerak. Suhbatimiz avvalida aytib o‘tganimdek, hamma sohaning istiqbolini yagona siyosatshunos, yagona iqtisodchi, yagona quruvchi belgilab bergan mamlakatda bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas edi. Ana shunday muhitda “voyaga yetgan” amaldorlarning ham omma oldida so‘z aytishi og‘ir kechmoqda. Xatolar, yanglishishlar uchramoqda. Biroq bu hollarning ko‘pi fikrsizlikning emas, o‘z fikrini aniq-ravshan tushuntirib bera olmaslik natijasi.

To‘g‘ri, aksar hududlarda hali-hamon OAV vakillariga dushmandek munosabat qilinyapti. Jurnalistni dolzarb masalani ko‘tarib chiqib, uning yechimini topishga ko‘maklashuvchi xayrixoh do‘st deb emas, muammoni olamga doston qilib obro‘ olishga intiladigan shaxs deb biluvchilar ham topiladi. Bu xil yanglish qarash joylarda jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlikni keltirib chiqaryapti.

Ayni choqda, qars ikki qo‘ldan chiqishini ham unutmasligimiz kerak. Afsuski, hamkasblarimiz orasida holatni shaxsiy manfaati uchungina tanqid qilib, rahbarlarni atayin obro‘sizlantirishga urinayotganlar ham bor. Qolaversa, jurnalistik faoliyatni himoya etishga qaratilgan qonunlarga ters harakat qilib, kasb etikasini mensimasdan ish ko‘radiganlar-da yo‘q emas.

So‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan ayrim noxush vaziyatlarni jurnalistikani uch-to‘rt yil oldingi o‘zanga qaytarishga urinish deb baholamagan bo‘lardim. Bu hol jurnalistikaning xolisligi, shaffofligi, haqqoniyligini ta’minlash, jurnalistlar faoliyati xavfsizligini kafolatlash borasida yana qanday ishlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Ana shu ko‘zguga boqib biz xatolarimizni bilish barobarida, jurnalistikani yanada rivojlantirmoq uchun nimalar qilishimiz lozimligini teranroq anglayotirmiz.

S.Yoqubov suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnalidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring