Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda hokim yordamchisiga ikki yillik jazo tayinlandi

Buxoroda hokim yordamchisiga ikki yillik jazo tayinlandi

Buxoro shahridagi «Moxi Xosa» mahalla fuqarolari yig‘inidagi hokim yordamchisiga ikki yil axloq tuzatish ishlari tayinlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi raisi Nodir Ashurov ma’lum qildi.

«Allo, oyijon, men O‘zbekistonga qaytayapman. Yoshlar uchun juda katta imkoniyatlarga yo‘l ochilibdi. Kredit mablag‘lari olib, avval motokultivator olaman, asta-sekin oyoqqa turib, tadbirkorlikni boshlayman. Keyin yirik loyihalarga qo‘l urib, katta-katta ishlar qilaman»,- dedi ikki yilcha Rossiya federatsiyasida mehnat qilgan fuqaro Sh.X. onasiga telefon orqali.

Oradan ko‘p o‘tmay, Sh.X. Buxoroga qaytgan va katta maqsadlar bilan imtiyozli kredit mablag‘lari olish uchun mahallaga murojaat qilgan. Afsuski, D.A. fuqaro Sh.X.ga va’dalar bergan va unga tegishli bo‘lgan elektron kalitdan foydalanib, uning nomidan 33 million so‘mlik kredit mablag‘larini olishga erishib, talon-taroj qilgan. Sh.X.ni esa «ishing hali erta, hali indin hal bo‘lishi mumkin» deya aldab kelgan.

Huquq-tartibot organlariga ushbu  yuzasidan kelib tushgan murojaat esa hokim yordamchisi kirdikorlarining fosh etilishiga turtki bo‘lgan.

Sud hujjatlariga, 2022-yil 11-yanvaridan 2023-yil 29-martiga qadar Buxoro shahar «Moxi Xosa» MFYda hokim yordamchisi vazifasida ishlab kelgan fuqaro D.A. faoliyati davomida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va yoshlarga kredit mablag‘lari ajratish singari maqsadli amallardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib kelgan. 

U ushbu mahalla hududida yashamaydigan va hech qayerda faoliyat ko‘rsatmaydigan Buxoro shahrilik fuqaro O.H.ning elektron kalitidan foydalanib, uning nomidan «Limonchilik faoliyatini kengaytirish» maqsadida imtiyozli kredit ajratish to‘g‘risida ariza rasmiylashtirgan. ATB «Mikrokreditbank» Buxoro filiali orqali ushbu kredit shartnomasini rasmiylashtirishga erishib, bank xodimlarining ishonchiga kirib, ularni aldab, ajratilgan 33 million so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirishga erishgan.  Turli rasmiy hujjatlarni ham soxtalashtirib, go‘yoki «Bobirxonbaraka» MChJdan metal quvurlar oluvchiga mahsulot yetkazib bergan. Boshqa shaxsga tegishli issiqxona oldida O.H. bilan fotosuratga tushib, dalolatnomalarga soxta ma’lumotlar kiritgan.

Xuddi shuningdek, fuqaro J.H.ning ham elektron kalitidan foydalanib, «Mirzabek Ozodbek Feruzbek» MChJdan metal mahsulotlari oluvchiga yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar tayyorlagan. Bundan tashqari, fuqaro F.S. nomidan «Issiqxona faoliyatini kengaytirish» maqsadida ariza rasmiylashtirib,  oilaviy tadbirkorlik niqobi ostida boshqa shaxslar nomidan ATB «Mikrokreditbank» Buxoro filiali tomonidan ajratilgan 33 million so‘mlik kredit mablag‘lariga ega bo‘lishga erishgan. 

Nafsi hakalak otgan D.A. o‘zining bu hatti-harakatlaridan qoniqish hosil qilmay, endi o‘z tanishlari hamda yaqin qarindoshlari nomidan ham «ish» ko‘rib, aholi bandligini ta’minlash va yoshlarga kredit mablag‘lari ajratish vaji bilan banklarga chap berib, yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishga erishgan. Fuqarolarning huquqlariga va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.

«168-moddaning (Firibgarlik) 5-qismiga muvofiq, jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda, abdorga ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi ko‘rsatilgan. Sud-tergov harakatlari davomida D.A.dan yetkazilgan zararlarni undirish masalasi muhokama qilindi. Zararlarning to‘liq qoplangani va fuqarolarning ayblanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, aybiga iqrorligi va pushaymonligi inobatga olindi»,-dedi sud raisi.

Sud hukmiga ko‘ra, D.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, 168-moddasi bilan ayblov qo‘llanilgan. Ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish yo‘li bilan ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring