Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda kutubxonachilik bo‘yicha yirik matbuot anjumani o‘tkazildi

Buxoroda kutubxonachilik bo‘yicha yirik matbuot anjumani o‘tkazildi

Buxoroda joriy yilning 24-26-may kunlari «Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot kutubxona resurslari XVI xalqaro anjumani bo‘lib o‘tadi. Abu Ali Ibn Sino nomidagi axborot-kutubxona markazida tadbir oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi», deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Mazkur anjuman fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarini rivojlantirish va qo‘llashda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlarning hamkorligini yaxshilash, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlashga qaratildi. Unda arxivariuslar, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, hududiy axborot-kutubxonalar rahbarlari va xodimlari, mahalliy OAV vakillari, xorijiy soha mutasaddilari ishtirok etdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayevaning so‘ziga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-kutubxona o‘z faoliyati bo‘yicha  har yili an’anaviy «Central Asia: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazib keladi.

«Anjuman, asosan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorligiga qaratilgan. Rossiya Federatsiyasidan kelgan ishtirokchilar sohadagi muammolar, kutubxonachi kadrlar masalalari, kutubxonalarda ilmiy-metodik faoliyat holati, ilmiy faoliyat yuritishda jahon axborot resurslaridan foydalanishning yuzasidan mulohazalarini almashadigan bo‘lsa, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Belorus,  AQSh, Niderlandiya, Litvadan soha mutaxassislari onlayn ishtirok etish istagini bildirgan. Dastur doirasida kitobxonlik masalalari, kutubxonachilik oldida turgan istiqboldagi vazifalar hamda sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalarga bag‘ishlangan ilmiy sho‘’balar, amaliy seminarlar, mahorat darslari onlayn va oflayn tashkil etiladi»,-dedi Umida Teshaboyeva.

Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori Kerim Taxirov, Nazarboyev universiteti kutubxonasi direktori o‘rinbosari Pyotr Lapo, Rossiya Milliy kutubxonasi bosh direktori Vladimir Gronskiy so‘zga chiqib, Xalqaro konferensiya va Hamdo‘stlik forumining axborot-kutubxona, arxiv ishi hamda nashriyotlar faoliyatini yanada rivojlantirishdagi ahamiyati, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda zaruriy maydon ekanligini ta’kidlashdi.

Anjuman doirasida Rossiya Milliy kutubxonasi va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro axborot-kutubxona markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Rossiya milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan Buxoro amirligi tarixiga oid adabiyotlarning elektron versiyasi Buxoro AKMga sovg‘a qilindi hamda Xalqaro konferensiya doirasida ushbu adabiyotlarning taqdimoti bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring