Buxoroga Xitoydan har biri 75 ming dollarlik 25 ta avtobus xarid qilindi (foto)

Buxoro viloyatiga Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy, yuqori qulayliklarga ega yangi avtobuslar partiyasi olib kelindi. Har bir avtobusning qiymati 75 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
Buxoro viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Umid Bahronovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur transport vositalari aholi uchun qulay va xavfsiz jamoat transporti xizmatlarini tashkil etish, shahar va tumanlar o‘rtasidagi qatnovni yaxshilash hamda yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida xarid qilingan. Unga ko‘ra, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Progress mega trans» korxonasi tomonidan joriy yilning may oyida ham XXRda ishlab chiqarilgan zamonaviy 12 dona «Zong tong» rusumli avtobus keltirilgan. Xuddi shuningdek, «Miramax Tourist Trans» MChJ tomonidan 1 dona «Kinglong» kompaniyasida ishlab chiqarilgan avtobus ham keltirilgan bo‘lib, yana 19 ta xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, kuni kecha xarid qilingan «Zong tong» avtobuslari ekologik toza, energiya tejamkor va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun konditsioner va boshqa qulayliklarni ham taqdim etadi. 30 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Avtobus saloni to‘liq kuzatuv kameralari bilan ta’minlangan. Eng asosiysi, avtobus salonida yil davomida sifatli xizmat ko‘rsatish uchun isitish va sovutish tizimlari ham mavjud. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan fuqarolarning chiqib tushishi uchun zarur sharoitlar, oynalarining quyosh nuridan asrovchi plyonkalar bilan jihozlangan, Shuningdek, avtobus ichidagi yo‘lovchilarni sonini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirda avtobuslar Buxoro shahri va atrof tumanlarda sinov tariqasida yo‘nalishlarga qo‘yilmoqda. Yaqin vaqt ichida ular to‘liq ishga tushirilishi va mahalliy aholi ularning xizmatidan foydalanishi rejalashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoroda eski avtobuslar o‘rnini bosqichma-bosqich ana shu yangi avtobuslar egallayapti. Ayni paytda Buxoro shahri bo‘ylab, 2016 yilda ishlab chiqarilgan sanoqli avtobuslar xizmat ko‘rsatmoqda.
«Eng muhimi, yangi avtobuslar Brutto-shartnoma asosida xarakatlanadi, ya’ni haydovchi kunlik reja uchun javobgar bo‘lmaydi. Belgilangan qatnovni va grafikni amalga oshirib beradi. Bu yo‘lovchilar uchun ham juda qulay», - deydi Umid Bahronov.
Ma’lumot o‘rnida: Buxoroga Xitoydan avtobuslarning xarid qilinishi 2019 yildan boshlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter