«Darkweb»da terrorchilarni qanday aniqlash mumkin? LEICA ekspertlari javob berdi...
Toshkentda internetning yashirin qatlamida (darknet) noqonuniy savdoning oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi. Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan «Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish faoliyati» (LEICA) loyihasi doirasida uyushtirilgan seminarda DXX, prokuratura, bojxona idoralarining internetda xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari ishtirok etdi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, besh kunlik o‘quv tadbiri davomida soha vakillari terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga qarshi kurashning ilg‘or usullarini o‘rgandilar.
«Terrorchilar noqonuniy savdo-sotiq, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qonunni chetlab o‘tgan holda portlovchi moddalar va qurol-aslaha xarid qilishda «darkweb»dan foydalanishi mumkin. Bu borada bitkoin kabi virtual valyuta va boshqa kriptovalyutalarga ham murojaat etiladi. Demak, «darknet»dagi terrorchilarni kuzatish va qo‘lga olish bo‘yicha yangi usul va choralarni ishlab chiqarish hayot-mamot masalasi bo‘lib qolmoqda», – deydi LEICA direktori Genael Le Breton.
Seminar davomida xalqaro ekspertlar raqamli dalillarni yig‘ish va o‘rganishning so‘nggi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Bu jabhada xususiy shirkatlar roli katta ekani ta’kidlandi.
Jinoiy guruhlarning virtual olamdagi yashirin boshpanasiga aylangan «darknet»da nostandart protokollardan foydalaniladi, ma’lumotlar shifrlangan holda uzatiladi. Bu esa jinoiy guruhlar, jumladan, terrorchi to‘dalar faoliyatini kuzatish va fosh qilishni murakkablashtiradi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari «darknet»da yashirin guruhlarga qarshi kurashar ekan, inson huquqlariga doir xalqaro me’yorlarga ham rioya qilishi talab etiladi. Seminar davomida shu kabi jihatlar borasida ham nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Yevropa Ittifoqining LEICA (Law Enforcement in Central Asia) dasturidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston huquqni muhofaza qilish idoralari salohiyatini oshirish, mintaqa mamlakatlari bilan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro axborot almashuvini kuchaytirishdan iboratdir. 2020-yil 1-sentyabrda boshlangan loyiha 2024-yilning 31-avgustiga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil fevral oyida O‘zbekiston IIVda o‘tgan LEICA vakillari bilan uchrashuvda seminar-treninglar turkumini o‘tkazishga kelishilgan.
Milliy gvardiyadagi muzokaralarda ham YeI hamda O‘zbekiston o‘rtasida huquq-tartibot sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
LEICA loyihasi doirasida joriy yil iyun oyida Toshkentda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari vakillari uchun ochiq axborot manbalari bilan ishlash bo‘yicha, mart oyida esa garovga olingan shaxslarni ozod qilish mavzusida seminar-treninglar tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter