Din qachongacha geosiyosat maqsadi uchun niqob bo‘ladi?
Ehtimol, quyidagi mavzu qiyomatgacha davom etishi mumkin: qachongacha qilinayotgan zo‘ravonliklar uchun din (ba’zilar iymon ham deydi) harakatlanuvchi kuch bo‘lib xizmat qiladi?
Bir qaraganda, aytilgan so‘zlar mantiqsiz ko‘rinishi mumkin. Zo‘ravonliklarni (urush, terakt, bombardimonlar) qilayotganlarning aksari o‘z harakatlarini muqaddas matnlar bilan asoslab tursa, o‘zlarini dinni barpo qiluvchi qilib ko‘rsatsa va qilayotgan zulmlarini diniy shiorlar bilan asoslasa, yana qanday shubha bo‘lishi mumkin?
Balki, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Stiven Vaynberg shularni nazarda tutib aytgandir: «Din ichida yoki tashqarisida yaxshi odamlar o‘zini to‘g‘ri tutishi mumkin, yomonlarlar esa zulm qilaveradi. Yaxshi odam zulm qilish uchun din kerak» («With or without religion, good people can behave well and bad people can do evil; but for good people to do evil — that takes religion»).
Shunchalikmi?
Nasroniylar nasroniylarga qarshi? Musulmonlar musulmonlarga qarshi?
Tortishmayman, jahon maydonida bo‘layotgan hamda diniy shiorlar ko‘tarib chiqilgan barcha vahshiy jarayonlarda faqat diniy omilni ko‘rayotganlar, masalan, XVII-XVIII asrlarda yashab o‘tgan liberalizm nazariyotchilaridan sanalgan Jon Lokka suyanishlari mumkin. U masalani quyidagicha bayon qilgan: «Nega nasroniylik boshqa dinlarga qaraganda ko‘p darajada juda ko‘p firqa, urush va fuqarolik jamiyatidagi tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Va diniy bag‘rikenglik va dunyoqarashning keng bo‘lishi bu fojialarning oldini olishi mumkinmi?»
Ehtimol, biroq, mana bularga nima deysiz, jahon tarixidagi bu sharmandali voqealarni qanday izohlash mumkin? 1204-yili nasroniylar Rimi «Muqaddas zamin»ni «kofirlar»dan (musulmonlardan) tozalash uchun navbatdagi (to‘rtinchi) salbchilar yurishini e’lon qildi. Biroq, buning oqibatida Vizantiya poytaxti va o‘zlariga o‘xshagan nasroniylarning shahri Konstantinopol hujumga uchradi. Va yana qay tarzda-a?!
Kelinglar, o‘sha vaqt Rim Papasi bo‘lgan Innokentiy III maktublarining biriga nazar solib ko‘raylik: «Yoshi, jinsi va dinlarni farq qilmay ba’zi (salbchilar) odamlar ko‘z o‘ngida zo‘ravonliklar, fahsh va boshqa razolatlarga qo‘l urishdi. Askarlarning shahvatini qondirish uchun eri bor ayollar, bevalar va o‘zini Xudoga bag‘ishlagan qizlar ham berib yuborildi. Bularga saltanat boyliklari, boy va kamabag‘al odamlarning mol-mulklari, cherkov pullari va undagi ikona, xoch va boshqa muqaddas ashyolarni talon-toroj qilish kamlik qildi» (Iqtibos Innokentiy III markiz Monferratga yozgan maktubidan olindi).
Eslatib o‘tamiz, nasroniylar nasroniylarga qarshi urushgan: Katolik Rimi pravoslav Vizantiyani joyiga o‘tqazib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Biroq, qani xolis aytaylik-chi, bu zo‘ravonliklarning asosida haqiqatan ham diniy omil bor edimi? Yoki bo‘lib o‘tgan voqealarning zamirida geosiyosiy sabablar bor edimi?
Agar bir nasroniylarning boshqa nasroniylarga bo‘lgan qarshi harakatlarini siyosiy omil boshqargan bo‘lsa, xunrezliklarga sabab qilib nasroniy dinini ko‘rsatish qanchalik adolatdan bo‘lar edi? Mayli barcha hujumlar Xudoning nomi bilan boshlangan bo‘lsa ham, nasroniylar o‘zlariga o‘xshagan nasroniylarga hujum qilgan-ku. Demak, bu yerda dinni geosiyosiy manfaatlar yo‘lida niqob qilib olishmaganmi?
Endi boshqa va hozirgi muhitga bir nazar solib ko‘ramiz. Biroq, gapni boshlashdan oldin bugun juda mashhur bo‘lib ketgan «Islom radikalizmi», «Islom terrorizmi» va shu kabi shiorlarni eslab ko‘raylik. 2017-yil may oyida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan AQSh prezidenti Donald Tramp 50 ga yaqin musulmon davlatlari rahbarlari oldida chiqish qildi. Hozirgi AQSh rahbariga kim qanday munosabatda bo‘lishidan qat’i nazar juda ko‘pchilik uning quyidagi gaplarini bee’tibor qoldirmagan bo‘lsa kerak. Trampning so‘zlariga ko‘ra, terroristik aktlarda «eng ko‘p qurbon bo‘lganlar» va «Yaqin Sharq, musulmon mamlakatlari va begunoh arab xalqlari» eng ko‘p jabr ko‘rgan ekan. «Eng ko‘p o‘lganlar hamda mutaassiblik to‘lqini ostida eng ko‘p zo‘ravonliklar natijasidagi vayronagarchiliklar ham shular jumlasidan». Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, «terrorizmning 95 foiz qurbonlari – musulmonlardir» (Iqtibos AQSh prezidentining Saudiya Arabistonida qilgan ma’ruzasidan olindi).
Xo‘sh, qani bu yerda mantiq? Musulmonlar o‘zlariga o‘zlari terror qilmoqdami? Xuddi nasroniylar nasroniylarni o‘ldirganlaridek, musulmonlar ham musulmonlarni qatl qilishyaptimi?
Kim kimga qarshi? Va kim kim bilan?
Biroq, Vaynberg mantig‘iga ko‘ra fikrlaydigan bo‘lsak, (qaysi dinga mansub bo‘lishidan qat’i nazar) odamlar dinga kirishi bilanoq darg‘azablikning uyg‘onishi, «o‘ziga» qarshi qaratilgan bo‘lib chiqadimi? Demak, mana bir necha yildan beri Suriyadagi «jihod»ga chaqiriqlar boshqa musulmonlarga qarshi yangrayotgan chaqiriq bo‘lib chiqadimi? Ya’ni, boshqa bir toifaga qarshi qurolli qarshilik ko‘rsatish yoki buning aksi hamda ularga ham bularga ham qarshi kurashishga bo‘lgan chaqiriqlarda dinni o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanish bo‘lmayaptimi?
Biroq, bu jarayonlarni yanada chuqur o‘rganish bilan bu narsalar tegida jahonning yetakchi mamlaktlarining siyosiy manfaatlari bor emasmikan? Agar javob ijobiy bo‘ladigan bo‘lsa, diniy omilni sahna ortidagi siyosatchilar boshqarayotgan ekan-da va konfessional format faqat chiroyli bir fantik ekan-da, degan savol tug‘iladi.
Masalan, Sharq bo‘yicha tadqiqotchi mutaxassis, amerikalik tarixchi Bernard Lyuis Islom an’anasida terrorizmdan foydalanganlik haqida hech qanday guvohliklar yo‘q, chunki «musulmonlarga ayollar, bolalar yoki qariyalarni na o‘ldirish, na qiynoqqa solish va asirlarga nomunosib munosabatda bo‘lish buyurilgan».
Aytilganlarga qo‘shilmaslik mumkinmi? Biroq, Islomiy shiorlar bilan baralla aytilib, amalga oshirilayotgan terroristik harakatlarning hammasi oldindan puxta o‘ylangan ssenariylarning amalga oshirilishi bo‘lib chiqmayaptimi?
Shunday ekan, kimdir tan oladimi yoki yo‘q, asrlar osha davom etib kelayotgan diniy fon faqat va faqat yetakchi mamlakatlarning geosiysiy to‘qnashuvlar uchun chiroq ekan.
Hamma birdek, jahon maydonida bo‘layotgan voqealarga yuqorida zikr qilingan nuqtai nazar bilan qaramasliklari ham mumkin. Biroq, bu yerda boshqa gap bor. Bugun biz dunyoda bo‘layotgan jarayonlarning ildiziga nazar tashlay olmasak ertaga holimiz voy bo‘lishi mumkin. Dunyo miqyosidagi geosiyosiy masalalarni tahlil qila olmasak, ertaga bu masalalar o‘z dolzarbligini yo‘qotadi va ko‘pchilik o‘z atrofida bo‘layotgan narsalar va shu haqda olayotgan axborotlarini, oz bo‘lsa-da, tahlil, fikr qilib ko‘rmay hazm qilib yuboraveradi... Demak sizni, aniqrog‘i, bizni boshqarish juda oson bo‘lib qoladi...
Teymur Atayev maqolasi asosida tayyorlandi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter