Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dolzarb savolga aniq javob: Ro‘zaning bir kuni uchun fidya miqdori qancha?

Dolzarb savolga aniq javob: Ro‘zaning bir kuni uchun fidya miqdori qancha?

Bu savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi yetakchi mutaxassisi G‘ulomiddin XOLBOYeV batafsil javob berdi:

– Fidya kishi zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga o‘xshash narsani berishdir.

Shariatimiz ikki toifa kishilarning ro‘za tutmasligiga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.

Birinchisi, qarilik sababli ro‘za tutishga yaramaydigan, kun sayin jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.

Ikkinchisi, surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar.

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: «(Ro‘za tutishga) madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir» (Baqara surasi, 184-oyat).

Fidya Alloh taolo bandalariga bergan yengillikdir. Vatandoshlarimizga oson bo‘lishi uchun har yili Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan fidyaning o‘rtacha miqdori e’lon qilinadi. Jumladan, 2020 yil (hijriy 1441 yil) Ramazonning har bir kuni uchun fidya miqdori o‘rtacha 20 ming so‘m, deb belgilangan.

Fidya Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o‘ttiz kunlik ro‘zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo‘lib-bo‘lib to‘lab beradi. Ro‘za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin.

Fidya miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir bo‘lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo‘lganlarga berishi joiz emas.

Fidya berib yurgan qariya yoki surunkali bemorlar ro‘za tutishga qodir bo‘lib qolishsa, bergan fidyalari bekor bo‘lib, tutmagan ro‘zalarining qazosini tutishi vojib bo‘ladi. Ro‘za tutishga yaraydigan qariyalarga esa ro‘za tutish farz bo‘ladi. Ro‘za tutishga qodir bo‘la turib fidya bersalar, ro‘za ulardan soqit bo‘lmaydi va fidyasi o‘z o‘rniga tushmaydi.

Tuzalishiga umid bor, odatda, ma’lum vaqtdan keyin shifo topadigan bemorlarga ro‘za tutish zarar qilsa, ularning ham ro‘za tutmasligiga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo ular fidya bermaydi. Tuzalganlaridan keyin qazo bo‘lgan kunlarning ro‘zasini tutib beradi.

Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo‘lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo‘lgan ba’zi kishilar bemorliklarida ro‘zaning fidyasini berib qo‘yib, tuzalganlaridan keyin «men qazo bo‘lgan ro‘zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman» demoqda.

Zimmasida namoz va ro‘zalarining qazosi bor kishi vafotidan oldin ularning fidyasini to‘lashni vasiyat qilishi vojibdir. Vasiyat etmay vafot etsa gunohkor bo‘ladi. Marhum fidya to‘lashni vasiyat qilgan bo‘lsa, uni kafanlash, qabrga qo‘yish, qarzlarini to‘lashdan keyin qolgan bor mol-mulklari qiymatining uchdan biridan buyurilgan fidyani merosxo‘rlar ado qilishi vojib bo‘ladi. Ado qilmasalar, gunohkor bo‘ladi. Agar marhum fidya to‘lashni vasiyat qilmagan bo‘lsa, yoki mol-mulk qoldirmagan bo‘lsa, merosxo‘rlar o‘z ixtiyori bilan marhumning fidyasini to‘lashi ulkan savob hamda marhumga yengillik va rahm-shafqat qilgan bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, O‘zA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring