Yegan og‘iz uyalar yoxud mehmondorchilik niqobidagi korrupsiya

Bugun dunyo har jabhada shiddat bilan rivojlanib bormoqda: ma’naviyat, ilm-fan, siyosat, iqtisod, sport... Aqlini tanigan dunyo mamlakatlari siyosatchilari rivojlanishning har qanday turiga choh qazuvchi illatlar bilan beayov kurashmoqda. Jamiyatning ildam rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng katta «dinozavrlar»dan biri — korrupsiya! Ayrim davlatlar, masalan, Xitoyda korrupsiyaga qarshi hatto o‘lim jazosi ham qo‘llanadi. Bundan ko‘rinmoqdaki, korrupsiya qog‘ozga o‘ralgan eng jirkanch va qabih jinoyat.
Ikki-uchta tilni mukammal bilib, oliy ma’lumotli bo‘lgan holda jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmay, bugun Amerikada taksichilik qilayotgan, ingliz tili imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qish uchun Koreya yarimoroliga borib, o‘sha yerda dengiz paromlarida mardikorlik qilayotganlar ham aynan korrupsiyadan jabr ko‘rgan do‘stlarimiz bo‘ladi!
Yoshlar ittifoqining tuman kengashlari va maktablardagi tarkibiy qismlariga o‘rnashib olib, «yetakchilik arqoni»ni mahkam ushlab olgan, ammo qilayotgan ishining natijasi ko‘rinmayotgan, suhbatlashsangiz na dunyoqarashi, na bilimu saviyasi yetarli bo‘lmagan, bir oyda hech bo‘lmasa bitta kitob o‘qish istagi bo‘lmagan yangi «to‘rachalar» ham ana shunday «jigarchilikka» burkangan korrupsiyaning haqqoniy ko‘rinishi hisoblanadi. Misol axtaraversam, korrupsiyaning yuzlab ko‘rinishlarini sanab bera olaman.
Biz bugun chorak asr davomida qo‘lga kiritgan ko‘plab yutuqlarimiz bilan birga juda katta minuslarimiz ham borligini tan olayapmiz. Muhimi, ayta olayapmiz, yoza olayapmiz.
Shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘zi kamchilik va xatolarimizni qattiq tanqid qilgan holda, ularga qarshi chora-tadbirlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda. Kuchli, mard siyosatchi o‘laroq maydonga kelib, korrupsiyaga qarshi kurashni boshlab yubordi. Uzoq vaqt kuttirmadi natija. Ikki kun avval mamlakatimizning futboli korrupsiyaga pichoq tortilganda nimalarga qodirligini ko‘rsatdi. Juda qisqa vaqt ichida, men ishonaman, futbolchilarimiz jahon arenalarini zabt etadi. Chunki qilinishi kerak bo‘lgan ish endi qilindi.
28 yanvar kuni Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifida bu yutug‘imiz haqida shunday dedi: «Futbolchi bolalarimiz korrupsiyasiz, adolat bilan qanday natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatib berishdi. Osiyo chempionatida qatnashgan terma jamoadagi bolalar jaydari bolalar. Birortasining ortida tanishi yo‘q».
Bugun xuddi shu jaydari futbolchilarimiz kabi Vatanga sadoqatli, ong-tafakkuri baland, bilimli, ammo «tankasi yo‘q» yoshlarimiz yurtimizda juda ko‘plab topiladi. Faqat ularga yo‘l ochish va qo‘llab-quvvatlash zarur.
Endi yana og‘riqli masalaga qaytay. Barcha viloyat va tumanlarda vazirlik va yuqori idoralar xodimlari ishtirokida tekshiruv va surishtiruv ishlari tez-tez o‘tkazib turiladi. Ulg‘ayib, jamiyat hayotini chuqur tushunib borganim sayin bunday ijtimoiy-siyosiy hodisalarni jiddiy va zimdan kuzatib boraman. Har gal «yuqoridan komissiya kelayapti» degan xabar tarqalgach, tuman idoralari, ta’lim, tibbiyot boshqarmalari va boshqa tarmoqlarda pitir-pitir boshlanadi. Xatolarni to‘g‘rilash, kamchiliklarni berkitish va yana allambalo qusurlarni xaspo‘shlash uchun yugur-yugur, chopa-chop avj oladi.
Ta’lim boshqarmasida maktablarga qattiq buyruq beriladi: «Davomatlar bekamu-ko‘st bo‘lsin! Normativ qog‘ozlaring joyida bo‘lishi shart (xuddi muallimlarning normativ qog‘ozlari ta’lim sifatini oshirib ko‘rsatayotganday. Byurokratizm bizni rivojlanishdan orqaga tortayotganini hali-beri tushunmaymiz shekilli...).
Ayni shunaqa «komissiyalar mavsumi»da tibbiyot boshqarmasi xodimlarini nazorat qiladi. Soat 15-16 larda huvillab qoladigan poliklinikalar kechki 18:00 da ham gavjum. Hamma shifokor va hamshiralar o‘z xonasida bemorlarga sidqidildan xizmat qilayotganining guvohi bo‘lasiz. Aslida ba vaqtda bemorlar ham kam bo‘ladi. Chunki aksar aholi soat 15:00 dan keyin shifokorning o‘z xonasida yo‘q bo‘lishiga yillar davomida ko‘nikib bo‘lgan.
Eng yomoni esa... tashkilot rahbarlari «yuqoridan» kelgan komissiyalarni «quyuqroq va baquvvatroq» mehmon qilib kuzatishni o‘zlarining «faxrli burchi» deb biladilar va «shunga yarasha choyxona palov, o‘zbekona lutf» kabi tadoriklarini ko‘rib qo‘yadilar.
Bunday jarayonlar necha yillar mobaynida ko‘zga tashlangan va quloqqa chalinib kelgan, oddiy, tabiiy holdek bo‘lib ketgan. «O‘zbekona lutfu karam» ostidagi «harakatlar va xarajatlar» korrupsiyaning «yumshoq», ammo jiddiy ko‘rinishi emasmi?!
Qaysidir tashkilot xodimi g‘udranib yurganini eshitib qolaman: «Uff... anavilarning ziyofatiga pul yig‘ilayapti, yana falon mingdan...».
Ha, balli! G‘ij-g‘ij kamchiligu xatolar qobig‘iga o‘ralashib qolganingizdan keyin yig‘asiz-da!
O‘z ishingizni do‘ndirib qo‘ya olmayotganinggiz uchun yig‘asiz-da!
Axir donishmand xalqimizning «yegan og‘iz uyalar...» degan purhikmat gapi bekorga aytilmagan-ku, do‘stim!
Siz «uch-to‘rt so‘m» puldan qochmang, «problema» kimga kerak?!
Ha, bunday gaplarni zaharxandasiz yozib bo‘lmayapti.
Bugun joylardagi muammolarni o‘rganish, bartaraf etish, kerakli o‘rinda jazo choralarini qo‘llash kabi jiddiy vazifa bilan kelgan komissiya a’zolari hududdagi rahbarlarning beminnat, o‘zbekona lutfu marhamati, mehmonnavozligidan yayrab bahramand bo‘lgach, o‘z ishlarini xolis bajara oladilarmi?!
«Quyuq mehmondorchiligu lutfu karam»dan tashqari yana qanday «tadbirlar» amalga oshayotgani bizga qorong‘i. Bo‘lmasa, «Falonchixonning bunday-bunday xatolari, kamchiliklari aniqlanibdi» mazmunidagi gap-so‘zlardan keyin ham o‘sha Falonchixon o‘z lavozimida bafurja ish olib borayotganini qanday tushunish mumkin?!
Bugun Vatanga o‘z lavozimining «imkoniyatlari»dan mohirona foydalanib «Lasetti» olishni, hashamatli uylar qurishni niyat qilganlar emas, maoshining ko‘tarilishiga ishonib, ayni paytdagisiga qanoat qilib ishlaydigan, sadoqatli, vijdonli kadrlar kerak!
Bugun millatga Prezidentning oldida yelkama-yelka turadigan hamfikr va hammaslak mardlar kerak!
Bugun xato va kamchiliklarni tan olib, ularni to‘g‘rilay oladigan kuchli idrok va intellekt sohiblari kerak!
Buning uchun esa korrupsiya nomli baloi azimni yengishimiz shart, hatto eng mayda unsurlarigacha.
Korrupsiya qobig‘idan xalos etilgan futbolchilarimiz o‘zlarini ko‘rsata olishdi-ku.
Qolgan barcha sohalarda ham o‘zimizni ko‘rsata olamiz!
Bahriddin Muhammad,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter