Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islohotlar va shtatlar qisqarishi davom etadi: endi navbat suv ta’minotiga yetib keldi

Islohotlar va shtatlar qisqarishi davom etadi: endi navbat suv ta’minotiga yetib keldi

Foto: «Norma.uz»

O‘zbekistonda 2018-yil 1-yanvardan boshlab suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi.

Ushbu me’yor 2017 yil 16 noyabr kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda belgilangan.

Oldindan haq to‘lanmagan hollarda, mazkur iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Bunda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste’molchilar toifasiga qarab eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda to‘lov undiriladi.

Ushbu farmon suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida chiqarildi.

Xususan, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlari, suv ta’minoti ob’yektlarining eskirgani, ko‘pchiligidan qirq yildan ortiq foydalanilishi, shuningdek, ularni yangilash va modernizatsiya qilish sur’atining pastligi joylarda ko‘plab isrofgarchilik va avariyalarga, suvni yetkazishda katta yo‘qotish hamda uzilishlarga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari xodimlarining kasbga tayyorgarlik darajasi past, malakali kadrlar tizimdan chiqib ketgan, ushbu sohadagi xodimlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etish holatlari mavjud.

Endilikda suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi shug‘ullanadi.

Byuro, shuningdek, suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini, bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan suv hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish, aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish mexanizmi bo‘yicha takliflar kiritish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish huquqiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 2017 yil 1 dekabrga qadar muddatda shu yil 1 noyabr holatiga suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatidan qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarning shaxsiy ro‘yxatini, jumladan, iste’molchi — yuridik shaxslar bilan qarzdorlikni taqqoslash bo‘yicha mavjud dalolatnomalarni Byuroga taqdim etishi belgilandi.

Ikki oy muddatda tegishli funksiyalarning Byuroga o‘tkazilishi hisobga olingan holda «Suvoqova» va «Suvsoz» davlat unitar korxonalarining nazoratchi shtat birliklari qisqartiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring