Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkak bog‘cha mudirini ko‘rganmisiz? Angrenda shunaqasi bor

Erkak bog‘cha mudirini ko‘rganmisiz? Angrenda shunaqasi bor

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati OAV vakillari va sohaning yetakchi xodimlari ishtirokida Toshkent viloyati Angren shahrida press-tur uyushtirishdi. Tadbir ta’limdagi innovatsion jarayonlarni o‘rganish, hududda ishlayotgan ustozlar va bolajonlar bilan bevosita suhbatlashishdan tashqari bu bahavo shahar bilan tanishish imkoniyati berdi.

Yangiliklar, hayratda qoldirgan faktlar esa talaygina. Masalan, Angrenda ta’lim to‘liq tojik tilida olib boriladigan ikkita maktab bor ekan. «Bir chekkadagi kichikroq maktablardirda» dersiz. Adashdingiz. 17-maktab direktori Zebo Mahkamovaning ma’lum qilishicha, bu maskanda 1,5 mingga yaqin o‘quvchilar tahsil olisharkan. Maktabning umumiy holati, hunar o‘rganayotgan bolalarga sharoitlar, ta’lim jarayonidagi jonkuyarlik havas qilarli.

14-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga kirib, hammamiz jilmayib qoldik. Oddiy tilda aytganda bog‘chaning mudiri erkak kishi, sohaning haqiqiy fidoyisi Shuhrat aka Bobojonov ekan. Paytdan foydalanib, ko‘plab kitoblar, ilmiy maqolalar va tarjimalar muallifi bo‘lgan rahbar bilan qisqa suhbat qilib oldik.

– Shuhrat aka, hammani bir savol qiziqtirsa kerak. Asosan ayollar faoliyat yuritadigan bu lavozimga qanday kelib qolgansiz?

– Alam va qarzdorlik hissi ortidan. Ishoning, aynan shunday. Men 1996-2000 yillarda Xo‘jand davlat universitetida o‘qiganman va diplomim bilan qaytib, ona shahrim Angrenda ish boshlaganman. Ancha vaqt bolalarga saboq berdim, shogirdlar yetishtirdim.

Ammo o‘sha davr talablari shunday ediki, mening diplomim nostrifikatsiya qilinmadi, sodda tilda aytganda o‘tmay qoldi. Sohamni yaxshi ko‘rardim, lekin maktabdan alam bilan ketishga majbur bo‘ldim.

Lekin mahalla ahli, shogirdlarim qo‘llab quvvatlashdi. 2014 yilda besh nafar farzandni tashlab, Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdim va bitirib qaytdim. Qaytganimdan keyin shu bog‘chani obod qilish taklifi tushdi.

– Xo‘sh, natijalar qanday?

– Ko‘ngildagidek. O‘zi bog‘chamiz 320 o‘rinli, lekin bolalar qamrovi 500 kishiga yetdi. Chunki turli to‘garaklar, majburiy ta’lim bo‘limi faoliyatini ham yo‘lga qo‘ydik. Jamoamiz bilan tirishib-tirmashib, homiylar ko‘magida muassasamizni to‘liq ta’mirdan chiqardik, isitish tizimlarini yangiladik. O‘zim va shogirdlarim hisobidan majburiy va qisqa muddatli guruhlarga qo‘shimcha bino qurdik. Qurilishlarda qatnashaverib usta ham bo‘lib ketdim. Kelajakda bog‘chamizga katta kutubxona qurish niyatidaman.

Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin, atrofda boshqa bog‘chalar yo‘qligi uchun bu yerda bola ko‘pdirda, deb. Yo‘q, hududning o‘zida o‘n bitta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yurityapti. Ular orasida xususiy bog‘chalar ham bor. Lekin shukr, bizning bog‘chamizga bolalar ertalab yig‘lamay, kulib kirib kelishadi.

– Ochig‘ini ayting, erkak kishiga bu ish qiyin emasmi?

– Xohlardimki, sohamizga ko‘proq erkaklar kirib kelishsa. Chunki bog‘cha ham katta xo‘jalik, unda albatta erkak kishini qo‘liga, boshqaruviga ehtiyoj bor. Qiyin jihatlari ham bor albatta, vaqti kelsa uyimizda bitta xotinimiz bilan til-topishimiz qiyin bo‘lib qoladi. Ishxonamda 73 nafar xodimlar faoliyat yuritishadi va ularning mutlaq ko‘pchiligi ayol-qizlar.

Xodimlarning har birini onamdek, opamdek va singlimdek ko‘raman va hamjihatlikda yaxshi natijalarga erishyapmiz. Yana bir fakt – to‘rt yil oldin bog‘chamizda faqat men oliy ma’lumotli edim. Bugungi kunda bog‘chamizdagi pedagog yoshlarimizning 100 foiz OTMdan o‘qishyapti.

14-MTMni kezib chiqdik. Hammayoq ozoda, tizimlar to‘la ishlab turibdi. Bu kimningdir kelishiga vaqtincha tayyorlab qo‘yilmaganiga ham ishonch hosil qildik. Ko‘rganlarimizni oddiy xodimlar, ota-onalar va bolajonlarning o‘zlari tasdiqlashdi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring