Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkin Vohidovning talaba  bilan eng qisqa uchrashuvi

Erkin Vohidovning talaba  bilan eng qisqa uchrashuvi

Men afg‘onistonlikman. Garchi o‘zbek tilini endi o‘rganayotgan bo‘lsam-da ba’zi o‘zbek shoirlarining she’rlari tarjimasiz ham ko‘nglimga juda yaqin. Atoqli, qat’iyatli shoir, tarjimon, dramaturg Erkin Vohidov haqida, ijodini o‘rganishimga sabab bo‘lgan yagona narsa – professor To‘lqin Eshbekning hikoyasi bo‘ldi.

To‘lqin Eshbekning talabalaridan biri Erkin Vohidov bilan suhbat qilmoqchi ekanligini aytadi. Ustoz talabasining tilagini bajarishni chin yurakdan qabul qiladi. To‘lqin Eshbek o‘sha paytlari deputat bo‘lgan Erkin Vohidovning yoniga borib, talabalaridan biri shoir bilan suhbat qilmoqchi ekanligini aytadi. Erkin Vohidov katta mamnuniyat bilan bu taklifni qabul qiladi.

Shundan so‘ng professor talabasiga: «Sen ma’lum bir kunda kelib, savollaringni oldindan tayyorlab olishing kerak», deydi. Nihoyat, uchrashuv kuni keldi. Domla o‘z shogirdini Erkin Vohidov bilan uchrashtiradi va ikki suhbatdoshni yolg‘iz qoldirib xonadan chiqib ketadi.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan talaba ustozi oldiga qaytib chiqadi. Professor qisqa suhbatdan hayratlanib, talabadan nima bo‘lganini so‘raydi.

Talaba: «Erkin Vohidov ustozingga bor, deb aytdi», deydi. Domla bu holatni tushunmasa-da talabaga hech narsa demay uni kuzatib qo‘yadi. Shundan so‘ng To‘lqin Eshbek Erkin Vohidovdan intervyu qanday o‘tganini so‘raydi. Shoir berilgan savollarning javobini barcha bilishini, ularga javob berishga hojat yo‘qligini aytadi.

Talaba Erkin Vohidovga «Qaysi yilda tug‘ilgansiz?», deb savol bergan edi. Boshqacha savol berilishini kutgan shoir savolni eshitib hayron qoladi va talabaga «ustozingizning oldiga boring», deydi.

Shu o‘rinda, e’tibor qiladigan bo‘lsak, Erkin Vohidov tajribasiz shogirdga mohirona munosabatda bo‘lishi bilan o‘zining buyukligini, donishmandligini namoyon etdi. Darhaqiqat, faqat buyuk odamlar har qanday vaziyatda ham muomalasi va xatti-harakati bilan o‘z shaxsiyatining ulug‘vorligini va qat’iyatliligini ko‘rsatadi.  

O‘zbekistonga kelganimdan beri «O‘zbek xalqi buyuk xalq» degan iborani eshitaman, lekin shu paytgacha bu iboraning ma’nosiga e’tibor bermagan edim. Ushbu voqeani eshitganimdan so‘ng o‘zbek xalqining shunday ulug‘ insonlari bu xalq uchun juda yarashib turishini angladim.

Erkin Vohidovning hayoti, faoliyati, qimmatli asarlari meni juda ta’sirlantirdi va katta taassurot qoldirdi. Kelajakda men ham xuddi Erkin Vohidovday ijodkor, shoir, professional tarjimon bo‘lishni istayman va hozirdanoq ba’zi asarlarni o‘zbekchadan forschaga tarjima qilishni boshladim. Shuningdek, endilikda ingliz va fors tillaridagi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish niyatidaman.

Erkin Vohidov nafaqat o‘zbek, balki butun dunyo xalqlarining farzandi. Ayni damda shoirning o‘zi hayot bo‘lmasa ham, yozgan har bir asari o‘qilganda uning xayolan mavjudligi sezilib, qalblarda his qilinadi. Chunki Erkin Vohidovdek millat shoirlarining ikki umri bo‘ladi. Birinchisi – jismoniy bo‘lsa, ikkinchisi – ma’naviy. Shoir hozir o‘zining ma’naviy umrini yashamoqda.

Farxunda Frutan Amiriy,

O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring