Farg‘onada o‘quvchilar O‘zbekiston Qahramoni haqidagi film asosida insho yozdilar
Farg‘ona viloyatidagi 960 ta maktabda 8–11-sinflar o‘quvchilari O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova haqidagi hujjatli film asosida «Mening kinoqahramonim» mavzusida insho yozdilar. Tanlovda 176 414 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi.
O‘quvchilar o‘z insholarida tomosha qilgan filmlari haqidagi taassurotlarini bayon etdilar, bosh qahramon, uning fe’l-atvori xususiyatlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Eng yaxshi ijodiy ish mualliflari sovg‘alar va diplomlar bilan taqdirlanishadi.
Insholar tanlovi taniqli kinoijodkorlar va madaniyat arboblari ishtirokidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida o‘tkazildi. Tashkilotchilar – O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, Xalq ta’limi vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi.
«Maktab o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy filmlar bo‘yicha insholar tanlovini o‘tkazish – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusidir. Bu tadbirni biz ilk bor Qashqadaryoda o‘tkazgan bo‘lsak, hozir Farg‘ona viloyatida davom ettirmoqdamiz. Bu gal tanlov tashkilotchilari bir ovozdan O‘zbekiston Qahramoni, Farg‘ona viloyatidagi fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova haqidagi hujjatli filmni tomosha qilish va ijodiy ish uchun tanlashga qaror qilishdi. Ma’lumki, Lola Murotova 2022 yilning 30 may kuni, 64 yoshida olamdan o‘tdi», — dedi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari haqidagi film Kinematografiya agentligi hamda Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi tomonidan 2020 yilda suratga olingan edi. Film Lola Murotovaning O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va fermerlik harakatini rivojlantirishga, o‘zi yashayotgan hududdagi ijtimoiy muammolarni hal qilish jarayonlariga qo‘shgan ulkan hissasi, ko‘p yillik fidokorona va halol mehnati haqida hikoya qiladi.
Film ssenariysi muallifi Zeboxon Qobilova, rejissyor Doniyor Shokirov, operator Said Dalilxon Said Turgutxonov, operator yordamchisi Ravshan Niyozov, ovoz rejissyori Jamshid Izomov, film direktori Gulnora Abdurahimova.
Yaqin kunlarda Lola Murotova haqidagi hujjatli film yurtimiz telekanallarida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, taniqli kinoijodkorlar, madaniyat arboblari ishtirokidagi ana shunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar may oyi o‘rtalarida Qashqadaryoda yakuniga yetgan edi. Mazkur hududda insholar tanlovi viloyatdagi 1204 umumta’lim maktablarida 169 518 nafar o‘quvchi o‘rtasida o‘tkazildi. O‘quvchilar «Muhabbat bahori» filmini tomosha qilib, mazkur film asosida insho yozishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter