Fazoda 15 daqiqa yoxud million dollarlik chipta
Insoniyatning koinotga chiqishga qiziqishi «sovuq urush» davridayoq boshlangan edi. Fazo kemalarining rivojlanishiga esa Ikkinchi jahon urushida Germaniya texnologlari tomonidan yaratilgan V2 raketasi turtki bo‘lgan.
1957-yilda SSSR Yer orbitasiga ilk bor «Sputnik» sun’iy yo‘ldoshi uchirdi.
Aynan ushbu voqea fazo kemalarining poygasini boshlab berdi. Boisi qurollar poygasidagi Kremlning amaldagi raqibi AQSh ham aynan o‘sha yillarda koinotga olib chiqadigan texnika ustida ish olib borardi. Dastlabki ikki muvaffaqiyatsizlikdan so‘nggina, 1958-yilda Qo‘shma Shtatlar ham o‘z fazoviy «Explorer» sun’iy yo‘ldoshini uchirdi.
Sobiq SSSRning g‘alabali seriyasi shu tarzda davom etdi. Sputnik uchirilganidan bir oy o‘tib, 1957-yil 3 noyabrda sovetlar ittifoqi yanada ta’sirchan kosmik tashabbusga erishdi. Bu tirik mavjudot, Laika ismli itni fazoga olib chiqqan Sputnik II sun’iy yo‘ldoshi edi.
Kosmosdagi birinchi odam Sovet kosmonavti Yuriy Gagarin bo‘lib, u 1961-yil 12 aprelda 108 daqiqa davom etgan parvozda Yer atrofida bir marta aylanib chiqdi.
Uch haftadan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, NASA astronavt Alan Shepardni orbital parvozda emas, balki suborbital trayektoriya bo‘yicha koinotga uchirdi, bu parvoz kosmosga chiqsa-da, lekin butun Yerni aylanib chiqmaydi. Shepardning suborbital parvozi atigi 15 daqiqadan ko‘proq davom etdi.
Bundan keyingi qadamlar esa insoniyatni Oyga olib chiqdi va shu bilan o‘tgan 60 nchi yillarda kosmik kemalar raqobati boshlandi.
Birinchi sun’iy yo‘ldosh uchirilishidan oldin ham AQSh rahbarlari koinotdan butun dunyo bo‘ylab harbiy harakatlarni kuzatish qobiliyati milliy xavfsizlik uchun boylik bo‘lishini ta’kidlashgan. 1960-yilda ishga tushirilgan fotorazvedka sun’iy yo‘ldoshlarining muvaffaqiyatidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar tobora murakkab kuzatuv va elektron tutuvchi razvedka sun’iy yo‘ldoshlarini qurdi. Sovet Ittifoqi ham tezda bir qator razvedka sun’iy yo‘ldoshlarini ishlab chiqdi. Razvedka ma’lumotlarini to‘playdigan sun’iy yo‘ldoshlar qurol nazorati bo‘yicha kelishuvlarni tekshirish, harbiy tahdidlar haqida ogohlantirish va harbiy amaliyotlar paytida nishonlarni aniqlash va boshqa maqsadlarda ishlatilgan.
Xavfsizlik imkoniyatlarini taqdim etishdan tashqari, sun’iy yo‘ldoshlar harbiy kuchlarga aloqani yaxshilash, ob-havoni kuzatish, navigatsiya, vaqt va joylashuvni aniqlash imtiyozlariga ham ega edi. Bu esa yuqoridagi ikki davlatning kosmik kemalar dasturlarini katta miqdorda moliyalashtirishlariga olib keldi. Biroq xalqaro shartnoma va bitimlarga bo‘ysungan holda, sun’iy yo‘ldoshlardan faqatgina insoniyat hayotiga xizmat qilish uchun foydalanishga ruxsat beriladi, ya’ni fazoviy kemalar hech qanday harbiy manfaatlar uchun uchirilmaydi.
2000-yillarga kelib insoniyatning fazoga qiziqishi nafaqat astronavtlar, balki havaskor turistlarni ham chetlab o‘tmadi. 2001-yilda amerikalik biznesmen Dennis Tito fazoga sayohat uchun uchgan birinchi sayyoh bo‘ldi. Millioner fazodagi 8 kunlik sayohat uchun 20 mln. dollar sarflagan, biroq Tito bugungacha yana bir bor fazoga borib kelishga tayyor ekanligini ta’kidlaydi.
Shundan so‘nggina, hasavkor astronavtlar, ya’ni millioner sayyohlarda fazoda ta’tillarini o‘tkazish g‘oyasi paydo bo‘ldi.
Fazoga qisqa muddatli sayohatni tashkil qiluvchi shaxsiy kompaniyalar, xususan, Ilon Maskning «SpaceX», Jeff Bezosning «Blue Origin» va Richard Bransonning «Virgin Galactic» kompaniyalari o‘z kosmik turizm takliflarini taqdim etishni boshladi. Ushbu kompaniyalar fazoga bir necha kunlik yoki bir necha soatlik qisqa suborbital sayohatni taklif qilishmoqda. Suborbital parvozlar Yer kurrasini to‘liq aylanmaydi, balki ma’lum masofaga ko‘tarilib, keyin trayektoriyasini o‘zgartirib Yerga qaytib keladi. Orbital parvozlar esa Yerni to‘liq aylanib chiqadi va bu turdagi parvozlar bir necha oylab davom etishi mumkin.
Insoniyat yaralganidan buyon jami 600dan ortiq insonlar fazodan turib Yer kurrasini ko‘rishga muvaffaq bo‘lishgan. Fazo turizmidagi asosiy talab va xohish ham aynan shu – Yer yuzini boshqa o‘lchovdan turib tomosha qilish. Shuningdek, samoda gravitatsiya kichik raqamlarda mavjud bo‘lgani uchun, fazogirlar go‘yoki uchib yurishadi. Bu esa vaznsizlikni his qilishga ishqiboz bo‘lganlarni yanada o‘ziga jalb qiladi. Ushbu turdagi turizmning yana bir o‘ziga xosligi tadqiqot uchun imkoniyat yaratilishidadir. Olimlar boshqa sayyoralardagi hayot yoki Yer atrofidagi yulduzlar harakati va shunga o‘xshash boshqa tabiiy samoviy hodisalarni o‘rganishdagi amaliy yordamga muhtoj. Ya’ni fazo turizmi uchun o‘z nomzodini taklif qilganlar, albatta, ma’lum va katta miqdorda pul to‘lashadi. Bu pullar esa fazo kemalarini qurish, nazorat qilish va umuman ushbu jarayondagi ishlar uchun sarflanadi. Tadqiqotchilar esa haqi to‘langan transportda samoga borib (yoki qanaqadir smart texnika orqali) izlanishlarini davom ettiradi.
Afsuski, bu turdagi sayohatlarni yoqlamaydigan tadqiqotlar va isbotlar ham bor. Birinchidan, har bir fazo kemasi ozon qatlamini yorib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa kelgusida Quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qilib turgan qobig‘ning yemirilishiga va zararli nurlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonlar salomatligiga ta’sir qilishiga olib keladi. Ba’zi ekspertlar ozon qatlamining doimiy yemirilishiga fazo kemalaridan qoladigan kimyoviy moddalar va gazlarni sabab qilib ko‘rsatishmoqda ham. Keyingi o‘rinda esa kosmik chiqindilar turadi. Qiziq tomoni, ha, fazoda ham chiqindilar bor va bular insoniyat ilk fazoga chiqqan 1950-yildan keyin paydo bo‘la boshlagan. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, kosmik raketalar parvozining hammasi ham muvaffaqiyatli bo‘lavermaydi. Qolaversa, fazo kemalarining ayrim turlari ma’lum bir masofaga yetib borganidan (yoki atmosfera qobig‘idan chiqqanidan) so‘ng qaysidir qismlaridan fazoda xalos bo‘ladi. Bu jarayonlar o‘z-o‘zidan samoda chiqindilar yig‘lishiga olib kelgan. Shu kunga qadar umumiy hisobda 5000 ta sun’iy yo‘ldoshlar fazoga uchirilgan bo‘lsa, ulardan 2000 tasi ayni damda samoda harakatlanmoqda. Qolgan 3000 tasi esa allaqachon chiqindiga aylangan.
Kosmik chiqindilarning Yerga qaytib tushishi amrimahol. Ular fazoviy jismlarning tortishish kuchiga qo‘shilib Yer kurrasini aylanib yurishadi. Atmosfera qobig‘iga yetib kelganida esa ular yonib ketadi, ya’ni Yerga qaytib tushmaydi. Hayratlanarlisi shundaki, orbitadagi 34000 chiqindi bo‘laklarining o‘lchami 10 sm.dan katta va bu hajm ular bilan to‘qnashgan boshqa jismning zararlanishiga sabab bo‘ladi. Kosmik sayohatlar eng mukammal dasturlar va hisoblash texnikalari orqali amalga oshiriladigan bo‘lsa ham, fazoviy jismlarning harakati beqaror. Bu esa bir necha kishilik fazo kemasiga qaysidir kosmik chiqindining to‘qnashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tarixan kosmik sayohatlarning hammasi ham o‘z missiyasini muvaffaqiyatli yakunlamagan. 1986 yilda «Challenger» fazo kemasi Yerdan ko‘tarilib, bir necha daqiqa ichida atmosferada kulga aylanadi. Oqibatda esa kema bortida bo‘lgan yetti nafar astronavtlarning hammasi halok bo‘ldi. Falokatga kemaning kichik nosozligi sabab bo‘lgan. Umumiy hisobda esa shu kungacha 20 dan ortiq fazogirlar Yerga qaytib kelmagan. Fazo sayohatiga yo‘l olishda sayyohlar, albatta, xavf darajasining katta qismini o‘z bo‘yniga olib uchishlariga to‘g‘ri keladi. Hech qaysi kosmik kompaniyalar Yerga qaytib kelishni kafolatlamaydi.
Xulosa o‘rnida, kosmik sayohatlar turizmning yangi tarixini yozishi mumkin. Hozircha esa bu turdagi ta’tillarni faqatgina millarder biznesmenlarning cho‘ntagi ko‘taradi. Biroq kosmik kema ishlab chiqaruvchi xususiy kompaniyalarning ko‘payishi va kelajak turizmidagi raqobat kelgusi bir necha o‘n yillar ichida fazoga sayohat qilishni oddiy insonlar uchun ham arzonlashtirishga sabab bo‘ladi. Deylik, siz Nyu-Yorkka borib keladigan pulingiz bilan Yer kurrasini orbitadan 15 daqiqaga tomosha qilasiz.
Barno Dusiyarova, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter