G‘ijduvon hokimi: «Ajratilayotgan bir trillionning har bir tiyini ustida nazorat o‘rnatiladi»
Joriy yilning 31 may-1 iyun kunlarida Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi tashrifi davomida G‘ijduvon tumanida ham bo‘lgan edi. Unda 25 ming ishchi o‘rni yaratilishi, 50 million dollarga teng eksport kengayishi, hududda mavjud 75 ta mahallalarning har biri uchun 100 milliard so‘mdan tushum bo‘yicha imkoniyatlarni ko‘rsatib, yirik miqdorda mablag‘lar ajratilishi xususida to‘xtalib o‘tilgan. Shu nuqtayi nazardan, Prezident tomonidan mutasaddilarga G‘ijduvon tumanida aholi bandligini oshiradigan loyihalarni keng qo‘llab-quvvatlash, zarur ko‘maklar ko‘rsatishga oid topshiriqlar ham berilgan.
«Bir trillionga yaqin mablag‘ Buxoroning eng yirik hududlaridan biri, tadbirkorlar makoni bo‘lgan G‘ijduvon tumanining 75 ta mahallayu, guzarini eng namunali darajaga olib chiqish imkonini beradi. G‘ijduvon tajribasi sifatida ko‘rilgan, natijalari respublikamizning turli hududlariaro qo‘llanilishi kutilayotgan ishlarga javoban tuman aholisi ham har bir yuksalishga shukronalik ila hissa qo‘shishdan charchamasligi va to‘xtamasligi kerak»,-dedi tuman hokimi Sherzod Ashurov.
G‘ijduvon hokimi aholi bilan uchrashuvda tumanda tadbirkorlik salohiyati mamlakatning boshqa viloyatlariga nisbatan keng tarmoqda peshqadam ekani haqida to‘xtalar ekan, son-sanoqsiz yashirin sexlar faoliyati bunday rivojlanishlarga to‘siq bo‘lib kelganini ham aytib o‘tdi.
«Uzoq yillar davomida tadbirkorlarga keng yo‘l ochib kelingan bo‘lsa-da, ushbu tumanda yashirin sexlar xuddi qo‘ziqorindek ko‘payib ketgan bo‘lgan. O‘rni kelganda, aytish kerakkp, yashirin sexlar topgan daromaddan kekirdagini to‘ydirib yurgan nafslamr karchalonlar ham bo‘lgan. Bugun har bir yashirin sex faoliyati oldi olinyapti. Lekin ular avvalgi tartibga muvofiq, yopib tashlab, faoliyatiga to‘xtatilmayapti. Balki, ish faoliyati qonuniylashtirilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilyapti. Qorong‘ulik aro «soya»da qolib kelayotgan bu yashirin sexlar faoliyatini «oydin»likka olib chiqish bugun tumanning eng dolzarb masalasiga aylangan. 17 yil soliq tizimida faoliyat ko‘rsatganman. Uning davomida yashirin sexlar aniqlansa, jarimasi bor edi. Aniqlangan yashirin sexlar mahsulotlari yuz foiz davlatga o‘tkazilib, yuqori miqdorda jarimaga tortilardi. Yangi soliq Kodeksiga ko‘ra esa, bunday holatlarga munosabat qonunan o‘zgartirildi. Unga ko‘ra, yashirin sexlar soyadan oydinlikka chiqadigan bo‘lsa, ishchi-xodimlariga yaxshi sharoitlar yaratib berib, qonuniy ishlashni boshlasa, bir yil davomida bo‘lgan solig‘ining yarmi qaytarib beriladi. Bu o‘z-o‘zidan uyda yoxud turli yerto‘lalarda soliqdan qochib «yashayotgan» tadbirkorlarning qonuniy ishlash imkoniyatlarini oshirishiga turtki bo‘ladi. Bu ham G‘ijduvon tajribasi sifatida ko‘rilgan»,-dedi Sherzod Ashurov.
Tuman hokimining so‘ziga ko‘ra, Prezident tomonidan ikki hafta mobaynida G‘ijduvonda mingta ish o‘rni yaratilishi lozimligi bildirilgan.
«Ayni paytda tumanda uch mingta ish o‘rni bor. Tikuvchilarga 2 milliondan 4 million so‘mgacha, dizayner bo‘lsa, 10 million so‘m, injener-muhandislarga 7 million so‘mgacha maosh belgilangan. Ishga qatnov va ovqatlanish bepul. Mingga yaqin kichik, yuzlab yirik korxona va sexlar mavjud tumanda «bo‘sh»man, degan odam qolmasligi kerak. Xabaringiz bor, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, G‘ijduvonda kompleks o‘zgarishlar kutilmoqda. Joriy yilda tumanda 25 mingta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutildi. Shukronalik va mehnatimiz bilan buni amalga oshirishimiz kerak. Buyuk tarixga ega ulug‘ tuman bu. G‘ijduvonda ilmsiz odam qolmaydi. Ishsiz qolmaydi. Kasbsiz odam qolmaydi. Bilimsiz yosh qolmaydi»,-so‘zladi tuman hokimi.
G‘ijduvon tumanida markaziy shifo maskanlari biri-biridan 2-3 kilometrgacha masofada tarqoq joylashgan. Qurilganiga 45 yildan oshgan 650 o‘rinli tuman markaziy shifoxonasi allaqachon e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Tug‘ruqxonada bir ayol og‘ir ahvolga tushib qolsa, 2-3 kilometrcha yiroqdagi tekshiruv punktiga borib-kelishga majbur. Yo‘ldagi tirbandlik haqida-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Infeksion kasalliklar yoxud kardiologiya shifoxonasi ham ayanchli ahvolda.
«Bularning hammasi qaytadan bir manzilda bunyod etiladi va birlashadi. Shuningdek, G‘ijduvon tumaniaro temiryo‘lning ham barpo etilishi katta imkoniyat. Chunki, G‘ijduvon azaldan katta yirik tadbirkorlar o‘lkasi hisoblanadi. Bu yerdagi tadbirkorlar o‘z ishlab chiqargan mahsulotlarini ichki va tashqi bozorda poyezd xizmati orqali amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Yo‘l xarajatlari qiymati o‘zgaradi. Shu o‘rinda, tumanda Madaniyat uyi yo‘qligi inobatga olinib, betakror maskan barpo etilishi tuman ahli uchun yana bir quvonchli xabar bo‘ldi. Poytaxtdan jalb etilgan tajribali arxitektor va loyihachilar ulkan proyekt ustida ish olib borishadi. Tumanning mavjud 75 ta mahallasida mislsiz rivojlanish va taraqqiyot kiradi. Bundan tashqari, endi G‘ijduvon ayollari, qiz-juvonlari jazirama paxta dalasida og‘ir mehnat qilib, daromad topishmaydi. Har bir mahallada tashkil etilgan turli yo‘nalishlarda yaratilgan sex va ishlab chiqarish korxonalarida salqinlarda mehnat qilib, sog‘lom tan bilan oila tebratishadi. Ishlab chiqarish korxona va sexlarni tiklashda mahallalarda joy bo‘lmasa, paxta va g‘allaga mo‘ljallangan yer maydonlaridan Prezidentimiz aytganlaridek, o‘zlari istagan joyidan ajratib beriladi. 75 ta mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun har biriga 100 milliarddan kam bo‘lmagan mablag‘lar yo‘naltirilar ekan, tuman mislsiz taraqqiyot go‘shasiga aylanadi. Ammo, uning ortida ulkan mas’uliyat, yuk bor. Har bir savolga javobgarlik bilan teng mas’uliyatni bo‘yinga olib, xalq oldida yurib, reja va amallarni birgalikda, puxta hal qilib, dovon oshishimiz kerak. Bir trilliondan ortiq mablag‘ - bu budjet puli: har bir tiyini ustida qattiq nazorat o‘rnatiladi. Maqsad bitta: «G‘ijduvon tajribasi» yo‘lida odamlar bilan bir tanu bir jon bo‘lib, fidoiylik ko‘rsatish, uni uzukka qosh qo‘ygandek betakror ko‘rinishda amalga oshirish»,-dedi Sherzod Ashurov.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tarifidagi topshirig‘iga ko‘ra, tumandagi 75 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari to‘liq tartibga keltirilib, yangi bosqichga ko‘tariladi. «Yangi O‘zbekiston» massivida yana qo‘shimcha 100 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Tuman markaziy shifoxonasi qayta tiklanib, barcha tibbiyot maskanlari bir manzilda quriladi. Ulkan Madaniyat markazi tiklanadi. «G‘ijduvon EIZ» uchun 8 kilometr masofada temir yo‘l va yuk tashish uchun shaxobcha quriladi. Yirik M-37 avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan turar va noturar bino-inshootlarni loyiha asosida tartibga keltiriladi. Bunda 1 trilliondan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter