Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ordagi firibgarlik: insoniyat ishongan eng katta yolg‘on

G‘ordagi firibgarlik: insoniyat ishongan eng katta yolg‘on

foto: internet, ochiq manba

1971 yilda butun dunyo shov-shuvga to‘ldi. Filippinning Mindanao orolidagi borsa-kelmas changalzorlari ichida amaldor Manuel Elizalde tosh asrida «muzlab qolgan» qabilani kashf etganini e’lon qildi.

Tasadaylar go‘yo ideal «olijanob yovvoyilar» edi. Ular g‘orlarda yashar, orxideya barglaridan yasalgan belbog‘lar taqar, tosh boltalardan foydalanar, metall nima ekanini mutlaqo bilmas edi. Eng qizig‘i, ularning tilida «urush», «dushman» yoki «qurol» degan so‘zlar umuman yo‘q edi. «Olijanob yovvoyilar» yer yuzidagi eng tinch xalq hisoblanar, faqat o‘rmonda topgan ozuqa bilan kun kechirar va bir-birini samimiy sevar edi.

Bu aynan Vetnam urushi avjiga chiqqan davrda dunyo eshitishni istagan hikoya edi. National Geographic jurnali ularga muqova bag‘ishladi, hujjatli film suratga oldi. Mindanaoga mashhur shaxslar oqib keldi: uchuvchi Charlz Lindberg, aktrisa Jina Lollobrijida, Fordlar oilasi... Tabiat qo‘ynidagi bu «bolalar»ni ko‘rib, ularning hech biri ko‘z yoshlarini tiyolmasdi.

Manuel Elizalde mazkur qabilaning rasmiy «himoyachisi»ga aylanib, g‘orlar atrofidagi hududni qo‘riqxona deb e’lon qildi. U antropologlarga qat’iyan taqiq qo‘ydi, go‘yo tasadaylarning immuniteti bugungi tamaddun bilan uchrashuvga dosh berolmas ekan. «Olijanob yovvoyilar»ga faqat tanlangan jurnalistlar, ular ham Elizaldening shaxsiy nazorati ostida kirishi mumkin edi. Qabilaga «yordam» berish uchun maxsus jamg‘arma tuzildi va u yerga millionlab dollar pullar oqib kela boshladi. Ammo...

1986 yilda bu ertak parchalanib ketdi. Filippin diktatori Ferdinand Markos (Elizaldening homiysi) ag‘darilib, mamlakatdan qochdi. U bilan birga Elizalde ham g‘oyib bo‘ldi – gap-so‘zlarga qaraganda, qabila fondidagi taxminan 35 million dollarni o‘zi bilan olib ketgan.

Shundan so‘ng shveysariyalik jurnalist Osvald Itten ruxsatsiz ravishda changalzorlarga kirishga qaror qildi. U ko‘rgan manzara esa ilmiy olamni larzaga soldi. G‘orlar bo‘m-bo‘sh edi. U yerda doimiy yashashga xos hech qanday iz – na chiqindi, na devorlarda tutun qoldig‘i bor edi. Bir oz yurgandan keyin jurnalist oddiy qishloqqa duch keldi. O‘sha «tasadaylar» shu yerda yashar, jinsi shim va futbolka kiyib yurar, sigareta chekar, sholi yetishtirib, bambuk karavotlarda uxlar edi.

Mahalliy aholi tan oldi: Elizalde ularning oldiga kelib, pul, sigareta va banditlardan himoya va’da qilgan – faqat bir shart bilan: o‘yin o‘ynash kerak! Qachonki «oq tanli odamlar»ni olib kelgan vertolyotlar kelib qo‘nsa, ular darhol g‘orlarga yugurib, kiyimlarini yechib, barglar taqib olar, olov chiqarish uchun tayoqlarni ishqalar edi. Mehmonlar uchib ketishi bilan esa yana kiyinib, uylariga qaytar va sayyohlarni ajabtovur odamlar deb tomosha qilishardi.

O‘n besh yillik firib chok-chokidan so‘kilgan edi...

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring