Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hamid Olimjon maydonidagi ko‘p qavatli uylarning ta’mirlanishi e’tirozlarni keltirib chiqardi

Hamid Olimjon maydonidagi ko‘p qavatli uylarning ta’mirlanishi e’tirozlarni keltirib chiqardi

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumani Hamid Olimjon maydonidagi ko‘p qavatli uylar fasad qismiyning ta’mirlanishi bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi.

«Hamid Olimjon maydonidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uylarni rekonstruksiya qilish boshlanayotganini ma’lum qildi. Dastlabki loyiha yuborildi. Hokimlik shahar uchun timsol bo‘lgan va taniqli binolarni ana shunday didsiz shisha kolxozga aylantirmoqchi», deb yozadi Effekt Makarenko telegram kanali.

Ushbu holat bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

«Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning fasad qismini ta’mirlash, umuman olganda, binolarni shaharsozlik normalari asosida ta’mirlash, zamonaviy ko‘rinishga olib kelish borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan Hamid Olimjon maydonidagi 18 va 9 qavatli uylarning fasad qismini ta’mirlash jarayonlari ham fuqarolarning taklifi va roziligi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi», deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda pudratchi tashkilot tomonidan fuqarolarga taqdim etilgan suratlar va binoning qiyofasi tasdiqlanmagan. Ammo pudratchi tashkilotlarning kamida 3ta, har-xil ko‘rinishdagi taqdimotlari bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

«Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarning yuqori qismida joylashgan tashqi bezaklari eskirganligi, tabiiy omillar ta’sirida noxush holatlar ro‘y bermasligi ham inobatga olingan», deyiladi hokimlik xabarida.

«Effekt Makarenko»ning yozishicha, ushbu ko‘p qavatli uylarda yashovchilar hokimlik ularning fikrini inobatga olmoqda, degan so‘zlarini rad etishmoqda. Ularning fikricha, jarayon allaqachon majburiy shaklda boshlangan:

«Ular bizga rekonstruksiya loyihasini ko‘rsatmadilar va muhokama ham qilishgani yo‘q. Faqat konditsionerlari bor xonadonlarni aniqlab, rekonstruksiya vaqtida ularni yechib olishlarini aytishdi. Ya’ni bu ishlar tez orada amalga oshirilishini aytishdi. Hech qanday muhokama yoki savol-javoblar bo‘lmadi», — degan ushbu uyda yashovchilardan biri.

Makarenkoning qayd etishicha, ushbu ko‘pqavatli uylar aholisi eskirgan liftlarni almashtirish uchun uch yildan beri navbat kutib turishganidan norozi. Buning o‘rniga rasmiylar fasadni keraksiz rekonstruksiya qilishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring