Har uchinchi ayol hayoti davomida gender zo‘ravonligiga uchraydi – AQSh elchisi
30-noyabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) «Gender tengligini ta’minlashda xalqaro hamkorlik» nomli anjuman tashkil etdi. Unda O‘zbekiston parlamenti, milliy va xalqaro tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyati faollari hamda ilmiy doira ekspertlari ishtirok etdi.
«Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik chegara va madaniyat tanlamaydi: har uchinchi ayol hayoti davomida gender zo‘ravonligini boshidan kechiradi. Demokratiyani rivojlantirish, yanada kuchliroq iqtisodiyotni barpo etish va global miqyosda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun biz Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda butun dunyoda ayollar va qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini ta’minlash uchun sarmoya kiritmog‘imiz kerak», – dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum anjumandagi nutqida.
Tadbirda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar, jumladan, gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish va xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish usullari, shuningdek, 2019-yilda qabul qilingan «Gender tengligi to‘g‘risida»gi va «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun kabi yangi gender qonunchiligini amalga oshirishning natijalari muhokama qilindi.
Ushbu konferensiya 1991-yilda boshlangan va Ayollarning global yetakchiligi markazi tomonidan muvofiqlashtirilgan fuqarolik jamiyati tashabbusi bo‘lgan «Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasining bir qismidir. Aksiya har yili 25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kunidan 10-dekabr – Inson huquqlari kunigacha davom etadi. Bu yil aksiyaning 30 yilligi nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, USAID ko‘p yillardan beri ayollarning muvaffaqiyat qozonishiga to‘siq sanalgan zo‘ravonlikka qarshi kurashishni qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati davrida USAID ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning zararli oqibatlaridan xabardorlikni oshirish va uning oldini olish bo‘yicha samarali dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat tashkilotlar, ayollar uyushmalari, xususiy sektor vakillari va davlat muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirdi.
BMT Bosh assambleyasining 1999-yil 17-dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida belgilangan.
Yurtimizda 25-noyabrdan «Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasi boshlandi. Kampaniya boshlanishini e’lon qilgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida uzoq va mashaqqatli yumushlar turgani, unda jamiyatning har bir a’zosi ishtiroki muhim ekanini ta’kidlagan.
Bu yil 30 yilligini nishonlayotgan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi global kampaniya jahonning 187 ta mamlakatida o‘tkazilib, 6 mingdan ziyod tashkilot hamda 300 mln kishini qamrab olmoqda.
Avval xabar berganimizdek, bir qator mamlakatlarda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik oqibatlari asrlar davomida saqlanib qolmoqda. Koronavirus infeksiyasi avj olgan paytda esa ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter