Hastimomdan Tayms skverga qadar. Dunyo musulmonlari ilk taroveh namozini ado etdi (foto)
10 mart kuni dunyo musulmonlari qatori o‘zbekistonliklar ham Ramazon oyining bezagi bo‘lmish taroveh namozini boshladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ilk taroveh namozini Toshkent shahridagi «Hazrati Imom» (Hastimom) jome masjidida ado etdi.
Musulmonlar idorasi xabariga ko‘ra, yurtimizdagi 1600 dan ziyod masjidda xatmi Qur’on o‘tkazilmoqda.
«Muborak oyning farahbaxsh kechalari endi boshlandi. 27 kun davomidagi xatmi Qur’onlar, 30 kunlik tarovehlar namozi har bir mo‘min uchun katta ajru savob olish imkoniyatidir», – deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.
Nyu-Yorkdagi mashhur Tayms skverdan tortib Qohiradagi Amr ibn Os tarixiy masjidiga qadar dunyo mamlakatlarida ham taroveh ibodati ado etilmoqda.
Isroil ma’muriyati musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi – Al-Aqsoga 40 yoshdan kichik falastinliklarning kirishini man etgan. Ishg‘ol ostida shaharda yashovchi musulmonlar namozni muqaddas masjid hovlilarida o‘qigan. Urush davom etayotgan G‘azo ahli ham garchi hududdagi aksar masjidlar Isroil bombardimoni oqibatida yakson qilingan bo‘lsa-da, vayronalarda bo‘lsa-da ibodatni ado qildi.
E’tiboringizga yurtimiz hamda jahon mamlakatlarida tarovehning ilk kuni aks etgan fotosuratlar havola qilinmoqda. Fotosuratlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati hamda AP, AFP, Reuters, Anadolu kabi agentliklar tomonidan olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter