Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim o‘rinbosari maktab direktorlariga tazyiq o‘tkazib, obodonlashtirishda ishlatdi

Hokim o‘rinbosari maktab direktorlariga tazyiq o‘tkazib, obodonlashtirishda ishlatdi

Foto: Mehnat vazirligi

2020-yilning o‘tgan davri mobaynida jami 28 ta holatda majburiy mehnat jalb etish aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi birinchi qismiga asosan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Bu haqda Mehnat vazirligi xabar bermoqda.

Ushbu majburiy mehnat holatlarida asosan mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarini o‘zlarining xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburan jalb etilganligi aniqlandi.

Masalan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokim o‘rinbosari 2020-yil 6-7-may kunlari tuman umumta’lim maktablari direktorlariga tazyiq o‘tkazib, tuman markazidagi «Yoshlar maydoni»ga direktorlar va ularning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilingan.

Samarqand viloyati Narpay tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri esa 2020-yil 22-may kuni tumandagi 1, 10, 12, 22-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida maktab direktorlariga maktab hojatxonalarini xodimlarga ta’mirlashni buyurgan.

Farg‘ona shahridagi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 18-sex boshlig‘i o‘rinbosari sex xodimini o‘zining yashash uyida ishlash uchun majburan jalb qilgan.

Andijon viloyati Asaka tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari xodimlarini xizmat vazifasiga kirmaydigan ishni, ya’ni xonani tozalash va o‘tinlarni tashishni majburan bajartirgan.

2020-yil 21-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarini aholi tomorqalariga ekin va ko‘chatlar ekishi lozimligi haqidagi tushuntirish ishlari olib borishga majburan jalb etilgan.

Surxondaryo viloyati Angor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona majmuasi mudiri haftaning har payshanba kuni navbatchiligi bo‘lmagan xodimlarni chaqirib olib tibbiyot birlashmasi hududini tozalatgan.

Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari 2020-yil 24-25-yanvar kunlari kollej o‘quvchilarini obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti filiali kadrlar bo‘limi va xo‘jalik bo‘limi boshliqlari 2020-yil 11-mart kuni universitet xodimlarini qurilish va obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilgan.

Toshkent shahridagi Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti rektori «Bunyodkor» yoshlar mehnat otryadi talabalarini majburiy mehnatga jalb qilgan.

Yuqoridagi holatlar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, mansabdorlarga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring