Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim tug‘ilgan kunida unga atab qo‘shiq aytilganidan xijolat bo‘ldi

Hokim tug‘ilgan kunida unga atab qo‘shiq aytilganidan xijolat bo‘ldi

Toshkent viloyati, Nurafshon shahri hokimligining telegramdagi rasmiy kanalida shahar hokimi Qahramon Hakimov tug‘ilgan sanasi munosabati bilan mahalliy xonandalar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqning e’lon qilinishi keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Qayd etilishicha, vaziyat keng miqyosda muhokama qilina boshlangach, davlat xizmatchisi sha’niga, nufuziga to‘g‘ri kelmaydigan ish qilganini anglagan shahar madaniyat bo‘limi, axborot xizmati rahbari ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. 

Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov bu holatga quyidagicha izoh bergan:

– Kecha va bugun internetda bunday qo‘shtirnoq ichidagi «qahramon»ga aylanib qolganimdan xalqimiz, jurnalistlarimiz va rahbariyat oldida nihoyatda xijolatdaman. Shunday lavha tayyorlab, menga ko‘rsatishganda, e’tibor uchun ularga minnatdorlik bildirib, lavhani tarqatmaslikni, boshqa bunaqa ishlar bilan shug‘ulanmaslikni qat’iy tayinlagan edim. Afsuski, lavha tarqalib ketibdi. 

Dangalini aytganda, menga shu kerak edimi? Mutlaqo yo‘q. Men bir ijrochiman, xolos. To‘g‘ri, Nurafshonda katta ishlar bo‘layotgani rost. Lekin, ularni mening nomim bilan bog‘lashlariga mutlaqo qarshiman. Men bu lavozimda amaldagi qonunlarimiz, davlat rahbari bergan topshiriq va vazifalar ijrosi bilan shug‘ullanaman. Afsuski, kimlardir mening tug‘ilgan kunimga sovg‘a tayyorlayman deb, o‘ziniyam, meniyam jamoatchilik oldida noqulay alpozga solib qo‘ydi...

Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarni o‘qish nihoyatda yoqimsiz bo‘layapti. Zarracha shu ishga aloqam bo‘lganda ham bunchalik kuyinmas edim. Meni eng hayron qoldirayotgani, tanimagan, umrida bir martayam ko‘rmagan odamlar tomonidan bildirilayotgan fikrlardir. Shunday odamlarga aytamanki, o‘zingiz istagan paytda Nurafshonga keling, hamisha siz bilan suhbatlashishga tayyorman. Bu lavha orqali mening shaxsiyatim, ish uslubim haqida xulosa qilmang, iltimos, — degan hokim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring