«Hokimlar, sektor rahbarlari o‘zgarishi kerak» — Shavkat Mirziyoyev
Ayni paytda Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyat jadal sur’atda rivojlanayotgani, sanoati bo‘yicha respublikada to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilganini qayd etdi.
Viloyat yiliga 280 ming tonna paxta, 530 ming tonna g‘alla va 2,5 million tonna meva-sabzavot yetishtiradi.
Shu bilan birga, Andijonda hali ishga solinmagan imkoniyatlar va salohiyat juda katta ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Andijon viloyati sanoati yirik korxonalarga bog‘lanib qolgan. Uning 70 foizini Andijon shahri va Asakadagi mashinasozlik korxonalari berayapti.
Viloyat eksportining 82 foizini, tayyor mahsulotlarda - 76 foizini to‘qimachilik bermoqda. Samarqand bilan bir xil miqdorda meva-sabzavot yetishtiradigan Andijon 5 barobar kam eksport qiladi.
Mehmonxona o‘rinlarini 90 foizi ham bitta Andijon shahrida.
Davlatimiz rahbari eskicha ishlash bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini, hokimlar, sektor rahbarlari o‘zgarishi kerakligini qayd etdi.
Yig‘ilishda qurilish, suv ta’minoti, yo‘l, ko‘cha va mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish va bu borada Andijon tajribasini yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyatdagi mahallalarni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshiriladi.
Bu maqsadlarga 850 milliard so‘m kredit resurslari va 50 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter