Hududiy o‘rmon xo‘jaliklariga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari tarqatildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 noyabrdagi «Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 199-son Farmonida o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilangan.
Ushbu farmonga asosan Ekologiya vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan o‘rmonlar barpo etish, qayta tiklash va o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish tadbirlari uchun maxsus texnikalarni sotib olish, xo‘jaliklarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 2024 – 2026-yillarda respublika budjetidan talab etiladigan zarur mablag‘lar ajratilmoqda. 2025 yilda respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 81 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari – 15 ta traktor, 55 ta kultivator, 6 ta mini ekskavator va 5 ta suv tashuvchi avtomashina xarid qilindi.
Ushbu texnikalarning barchasi «Toshkent traktor zavodi», «Samarqand avtomobil zavodi» hamda Xorazmdagi «UzXCMG» kabi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan.
Bugun Toshkent shahridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazida ushbu texnikalar hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklariga tarqatildi. Tadbirda o‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Agentlikning mas’ul rahbar va xodimlari, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni E. Muhiddinov kirish so‘zi bilan ochib, sohada amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib, davlatimiz tomonidan o‘rmon xo‘jaliklari moddiy-texnik bazasini yaxshilashga qaratilayotgan yuksak e’tiborni e’tirof etdi.
«Bilamizki, yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashda o‘rmonlarning o‘rni katta. Shu maqsadda oxirgi yillarda o‘rmon xo‘jaligi sohasida samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa tizimda mehnat qilayotgan har bir xodimga yanada mas’uliyat yuklaydi. Prezidentimizning bevosita e’tibori bilan bugun hududlarga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarining berilayotgani soha xodimlariga yanada mas’uliyat yuklaydi. Yanada kuch-g‘ayrat va shijoat bilan ishlashga undaydi», – dedi E.Muhiddinov.
Zamonaviy texnikalar yong‘inga qarshi kurashish, terassa usulida o‘rmonlar barpo etish, ko‘chat ekish va ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan. Endilikda respublika hududlarida ushbu maxsus texnikalar yordamida yashillik darajasini yanada oshirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini keng ko‘lamda davom ettirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash imkoniyati yanada kengayadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter