Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki ming so‘mlik pulga yashirilgan "sir" fosh bo‘ldi

Ikki ming so‘mlik pulga yashirilgan

Buxoro viloyati, Olot tumani ichki yo‘llarida qoidabuzarlik holatida harakatlanib borayotgan «Mersedes» rusumli avtomashina yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini shubhaga solgan. «Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, ushbu avtomashina haydovchisiga to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha ovozli ogohlantiruv berilgan.

Yo‘l harakati inspektori ogohlantiruviga bo‘ysinmagan avtomashina tumanning «Yosh botir» mahallasi hududida joylashgan kasb-hunar maktabi binosi oldida to‘xtatilgan.

Haydovchidan tegishli hujjatlar talab qilinganda, u turli bahonalarni ro‘kach qila boshlagan. Holat joyiga Olot tuman ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari ham yetib kelishgan. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ushbu jarayonda mashina kabinasidagi soyabon ichida bir dona 2000 so‘mlik kupyuraga o‘ralgan sof vazni 1,19 grammga teng bo‘lgan (sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasida tasdiqlangan) marixuanna giyohvandlik vositasi topilgan. Haydovchining ushbu vositani qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgani aniqlangan.

Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan.

«Keyingi paytlarda giyohvand moddalarning qonunga xilof ravishda saqlanishi holatlari ortmoqda. Xuddi shunday noqonuniy holat G‘ijduvon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlandi. Tumanning G‘ishti mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jalik binolarida o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari jarayonida uning yotoqxonasidan sof vazni 681 gramm bo‘lgan marixuanna giyohvandlik vositasi topildi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda»,-dedi viloyat IIB boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring